O‘zbekiston | 12:29 / 20.03.2021
1680
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Qiziltepada 97 ta murojaat qabul qildi

Navoiy viloyatida respublika ishchi guruhi tomonidan sud-huquq sohasidagi sayyor qabullar davom etmoqda. Kecha, 19 mart kuni Qiziltepa tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Robbaxon Mahmudova tomonidan 97 ta murojaat qabul qilindi.

Qabul qilingan murojaatlarning 56 tasi jinoyat, 23 tasi fuqarolik, 14 tasi ma'muriy, 4 tasi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlarga taalluqli.  


 
Navoiy viloyati sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi konsultanti Aziza Ro‘ziyevaning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, jarayonda 97 ta murojaatdan 32 tasi joyida hal etilgan va 65 tasi bo‘yicha fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berilgan.

Ta'kidlanishicha, sayyor qabulda jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tuman sudi tomonidan 2 nafar, Qiziltepa tuman sudi tomonidan 5 nafar mahkum jazoni o‘tash muddatidan oldin shartli ozod qilingan. Shuningdek, 5 nafar mahkumning jazosi yengilrog‘iga almashtirilib, 20 nafari umumiy tartibli koloniyadan manzil koloniyaga o‘tkazilgan. 

Sayyor qabullarning Zarafshon shahrida o‘tkazilgan dastlabki kunida, 11 nafar mahkum muddatidan avval shartli ravishda ozod qilingan edi.

Mavzuga oid