O‘zbekiston | 11:19 / 20.03.2021
2552
5 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolar tashabbusi asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga budjet mablag‘lari ajratiladi

Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolar tashabbusi asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga tuman (shahar)lar budjetlari mablag‘larini ajratish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, tuman (shahar) budjeti mablag‘lari qonunchilikda belgilangan miqdorda, jamoatchilik tomonidan ovoz berish natijalariga ko‘ra, fuqarolar tashabbusi asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Fuqarolar tashabbusi jarayonining o‘tkazilishi, saralab olinishi va tuman (shahar) budjeti mablag‘lari yo‘naltirilishi namunaviy sxema asosida amalga oshiriladi.

Tuman (shahar) budjetlarining qonunchilikda belgilangan miqdoridagi mablag‘lari tegishli hokimliklar qoshida ochilgan “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi” maxsus g‘azna hisobraqamida jamlanadi. Maxsus g‘azna hisobraqamida jamlangan mablag‘lar faqatgina fuqarolar tashabbusi asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi. Ushbu hisobraqamga nisbatan xarajatlarni vaqtinchalik cheklash yoki mavjud mablag‘larga inkasso qo‘llash, yoxud sud va boshqa organlar qarorlariga ko‘ra ehtiyot chorasi sifatida xarajatlari to‘xtatib qo‘yilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tuman (shahar)lar budjetlarining “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi” maxsus g‘azna hisobraqamiga mazkur mablag‘lar:

tuman (shahar)lar budjetlarining shakllangan qo‘shimcha mablag‘larini tashabbusli budjet jarayoni uchun yo‘naltirish maqsadida mablag‘lar shakllangan kundan boshlab 3 ish kunida;

tegishli tuman (shahar) budjetlari yoyilmasida joriy yil uchun ko‘zda tutilgan mablag‘larning 50 foizdan kam bo‘lmagan miqdorida fevral oyida, qolgan qismi iyul oyida o‘tkaziladi.

Tashabbusli budjet jarayoniga so‘rovnoma o‘tkazilayotgan davrdagi “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi” maxsus hisobraqamidagi mavjud jami mablag‘lar yo‘naltiriladi.

So‘rovnoma yakunlariga ko‘ra g‘olib chiqqan tadbir(lar) moliyalashtirilgandan so‘ng, e'lon berilgan mablag‘ga nisbatan qoldiq vujudga kelsa, ushbu mablag‘lar keyingi chorakda tashabbusli budjet jarayoni uchun qayta yo‘naltiriladi.

Tashabbusli budjet jarayoni yiliga kamida ikki marotaba (fevral va iyul oylarida) o‘tkaziladi.

Jamoatchilik fikri “Ochiq budjet” axborot portalida ovoz berish yo‘li orqali shakllantiriladi.

Tuman (shahar)lar budjetlari mablag‘larini fuqarolar tashabbusi asosida shakllantirilgan tadbirlarga ajratish jarayonini muvofiqlashtirish maqsadida tuman (shahar) budjeti hisobidan amalga oshiriladigan, fuqarolar tashabbusi asosida shakllantirilgan tadbirlarni umumlashtiruvchi komissiya tuziladi.

Bunda, tuman va shahar hokimlari tomonidan komissiya tarkibiga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.

Fuqarolar tashabbusi jarayonini amalga oshirish maqsadida tuman (shahar) budjetlari mablag‘larini yo‘naltirilishi hamda uning sarflanishini boshqarish bo‘yicha ishchi organ etib tegishli tuman (shahar) hokimligi moliya bo‘limlari belgilanadi. Mazkur vazifalarni bajarish uchun tuman (shahar) hokimligi moliya bo‘limlari tarkibiy tuzilmasiga 1 shtat birligi kiritiladi.

Fuqarolar tashabbusi asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga tuman (shahar)lar budjet mablag‘larini ajratish bilan bog‘liq jarayonlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish (hududiy telekanallar va radiokanallarda chiqishlar, turli ko‘rgazmaviy buklet va tarqatma materiallar tayyorlash, nashrlar chop etish) bilan bog‘liq xarajatlar tegishli tuman (shahar) hokimliklari zaxira jamg‘armalari hisobidan amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha «Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi ham muhokamaga qo‘yilgandi.

Unga asosan, 2022 yildan boshlab fuqarolar tashabbusi jarayoni uchun barcha tumanlar va shaharlar budjetlari tasdiqlangan xarajatlarining 5 foiziga teng miqdordagi mablag‘lar hamda qo‘shimcha mablag‘larining kamida 30 foizi yo‘naltirilishi mumkin.

Mavzuga oid