Jahon | 22:55 / 19.03.2021
17454
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh millionlab muhojirlarga fuqarolik olish imkonini beradi

AQShda muhojirlarga fuqarolik va huquqiy maqom beruvchi ikkita immigratsiya qonun loyihasi qabul qilindi. Bu qonunlar AQShda yashovchi 4,4 mln muhojirga doimiy yashash huquqini berishi mumkin.

Foto: Reuters

AQSh vakillar palatasi “Amerika orzusi va va'dalar haqida”gi va “Fermer xo‘jaliklarida ish kuchining modernizatsiyasi haqida”gi qonun loyihalarini qabul qildi.

Birinchi qonun loyihasi AQSh hududiga balog‘atga yetmagan yoshida kirgan va u yerda ro‘yxatdan o‘tmagan holda yashayotgan 2,5 mln muhojir - “orzumandlar”ga fuqarolik uchun yo‘l ochadi. Qonun ularga AQShda deportatsiya qilinish tahdidisiz 10 yil  yashash, ishlash, armiyada xizmat qilish va bir qator talablarga muvofiq kelsa, fuqarolik olish imkonini beradi. 

“Bu davlatda millionlab odamlar ular uchun ona uyi bo‘lmagan olis yurtlarga deportatsiya qilinishi mumkinligi xavotirida yashaydi. Chunki ularning uyi Amerika. “Orzumandlar” uchun u ularning yoshligidanoq o‘z uyi bo‘lgan. Endilikda ushbu uy ularga erkin nafas olish uchun choralar ko‘radi”, deb aytgan vakillar palatasidagi ko‘pchilik yetakchisi Steni Xoyyer.

Ushbu qonun, shuningdek, urush yoki tabiiy ofatlardan qochib, AQShda qo‘nim topgan va vaqtinchalik himoya maqomi bilan yashayotgan muhojirlar uchun grin-karta taqdim qiladi. Migratsiya siyosati instituti ma'lumotlariga ko‘ra, bu choralar umumiy hisobda 4,4 mln muhojirga AQShda doimiy yashash huquqini berishi mumkin.   

Kongressmenlar, shuningdek, ikkinchi qonun loyihasini ham qabul qilishgan. U qishloq xo‘jaligida noqonuniy ishlovchilarga huquqiy maqom beradi. Hujjat bunday kishilarga ular jarima to‘lasalar grin-karta olish va qishloq xo‘jaligida yana 4-8 yil ishlash imkonini beradi.

“Ko‘plab bunday odamlar pandemiya vaqtida davlatimiz barqaror, to‘q va sog‘lom qolishi uchun old saflarda ishladilar, biroq o‘zlarining immigratsiyaviy maqomi sababli qo‘rquvda yashashga majburlar. Men bu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlayman va vakillar palatasiga ushbu muhim qonunni qabul qilgani uchun minnatdorlik bildiraman”, deb aytilgan AQSh prezidenti Jo Bayden bayonotida. 

Vakillar palatasida ko‘pchilikni tashkil qiluvchi demokratlar avval ham bunday qonunlarni qabul qilgan, biroq ular sobiq prezident Donald Tramp siyosatiga muvofiq holda o‘shanda respublikachilar tomonidan nazorat qilingan senatda qabul qilinmagan.

Endi ushbu ikki qonun loyihasi AQShning 2021 yilgi fuqarolik haqidagi keng ko‘lamli qonuniga kiradi. Ushbu qonunda AQSh hududiga noqonuniy kelgan, biroq u yerda yashash vaqtida qonun bilan muammolarga duch kelmagan muhojirlarga fuqarolik olishning yangi yo‘llari bayon etiladi. 

Mavzuga oid