O‘zbekiston | 15:55 / 16.03.2021
4689
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston «Qambarota GES-1» loyihasini birgalikda amalga oshiradi

Joriy yilning 11-12 mart kunlari Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan Qirg‘iziston hududida “Qambarota GES-1” investitsiya loyihasini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

2021 yilning 13 mart kuni Bishkek shahrida O‘zbekiston energetika vaziri va Qirg‘iziston energetika va sanoat vaziri boshchiligidagi ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv davomida tomonlar “Qambarota GES-1” investitsiya loyihasining amalga oshirilishi hamda “Shimoliy So‘x” gazni yer ostida saqlash inshooti faoliyati doirasidagi hamkorlikni qirg‘iz tomoni bilan yaqindan o‘rganish masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, elektr energetikasi, neft-gaz, ko‘mir sanoati, tabiiy gaz yetkazib berish va “Shimoliy So‘x” gazni yer ostida saqlash inshooti ekspluatatsiyasi bo‘yicha 4ta kichik qo‘mitadan iborat qo‘shma muvofiqlashtiruvchi qo‘mita tuzildi. 

Qayd etilishicha, har bir kichik qo‘mita uchun kompleks dasturlar (“Yo‘l xaritalari”) ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Avvalroq, Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev Qirg‘iziston hududida hamkorlikda gidrotexnik loyihalar qurilishi, jumladan, “Qambarota-1” kaskadi loyihasi bo‘yicha ham muzokaralar o‘tkazilganini ma'lum qilgandi.

“Ma'lumki, biz O‘zbekiston elektr energiyasiga ehtiyojimiz bor, o‘z navbatida, O‘zbekiston bizdan vegetatsiya davrida suv oladi. Mana shu jarayonlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha ham to‘xtalib o‘tildi”, dedi Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri.

Mavzuga oid