Jahon | 23:02 / 05.02.2021
35293
17 daqiqa o‘qiladi

Myanmadagi xunta yetakchisi Min Aung Hlaing. Moskvadagi parad yoqqan general haqida

Myanmaning qudratli armiyasi bosh qo‘mondoni Min Aung Hlaing 1 fevral kungi davlat to‘ntarishidan keyin davlatning amaldagi rahbariga aylandi. U haqida nimalar ma'lum va uning xalqaro aloqalari qanday?

Min Aung Hlaing butun umrini Tamadoga bag‘ishlagan - Myanma qurolli kuchlari shunday ataladi. U siyosiy sahnada yangi nom emas: 2011 yilda mamlakatda demokratlashtirish jarayonlari boshlangach armiyani boshqargan - u bu lavozimni avvalgi harbiy diktator Tan Shvedan (u 1992 yildan 2011 yilgacha Myanmani boshqargan) qabul qilib olgan.

BMTdagilar uni rohingyalarni terror qilishga aloqadorlikda ayblagan, islom diniga e'tiqod qiluvchi bu xalqni ta'qib qilish oqibatida 10 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, 700 mingdan ortiq kishi qochqinga aylangan.

Endi Myanma uning rahbarligida harbiy boshqaruvga qaytdi, Min Aun Hlaing, aftidan, o‘z vakolatlarini kengaytirib, mamlakatning yaqin vaqtdagi kelajagini belgilab berishga kirishgan.

Hokimiyatga yo‘l
Ayni vaqtda 64 yoshda bo‘lgan general o‘z faoliyatini Myanma armiyasida o‘tkazgan, u bu yerga kelganida kursant edi. U Yangon universitetining huquqshunoslik fakultetida talaba bo‘lgan, 1974 yilda uchinchi urinishda Mudofaa xizmati akademiyasiga o‘qishga kirgan.

Myanma armiyasi Janubiy-Sharqiy Osiyodagi eng yirik ikkinchi armiya hisoblanadi

Hlaing piyoda askar sifatida xizmat qila boshlagan va doimiy ravishda xizmat pillapoyalaridan ko‘tarilib borgan, ammo u hech qachon katta bir qahramonlik ko‘rsatmagan. 2009 yilga kelib u Ikkinchi maxsus operatsiyalar byurosi rahbariga aylanadi.

U bu lavozimdaligida Myanma shimoli-sharqidagi amaliyotlarni boshqaradi, bu amaliyotlar oqibatida sharqdagi Shan provinsiyasida va Xitoy bilan chegaralar yaqinida yashovchi etnik ozchilikni tashkil etuvchi xalqlarga mansub o‘n minglab kishilar qochqinga aylanadi.

Uning harbiylari qotilliklar, zo‘rliklar va uylarga o‘t qo‘yilishida ayblansada, Min Aung Hlaing 2010 yil avgustida Qurolli kuchlar birlashgan shtabiga rahbarlik qiladi.

Bir yil o‘tmasdan uni katta lavozimli generallarni chetlab o‘tgan holda armiyadagi eng yuqori lavozim - qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni lavozimiga tayinlashadi. 2011 yil martida u bu lavozimda Tan Shveni, 1992 yildan buyon mamlakatni boshqarib kelgan Tan Shveni almashtiradi, lekin o‘shanda davlat rahbari lavozimi Myanmaning keyingi prezident Teyn Seynga o‘tadi.

Min Aung Xlaing bosh qo‘mondon bo‘lganida, bloger va yozuvchi Xla Oo u bilan bolalikdan tanish ekani haqida yozgandi. U Min Aung Hlaingni «Birmaning shafqatsiz armiyasidagi qattiqqo‘l jangchi» sifatida ta'riflagan, shu bilan birga, uni «jyentlmen va tadqiqotchi» deb ham atagandi.

Min Aung Hlaing o‘zi haqida 2020 yil iyunida Rossiyaning «Argumenty i fakty» nashriga bergan intervyusida shunday degandi: «Kichik leytenantlikdan boshlaganman, hozir - Oliy bosh qo‘mondonman. Birma vaqtidayoq (Myanmaning avvalgi nomi) armiyada xizmat qilganman, harbiy ma'muriyatda ishlab sotsializm qurilishida qatnashganman, hozir esa demokratik boshqaruvga xizmat qilyapman. Vzvodni, rotani, batalonni, polkni, harbiy okruglarni boshqarganman».

Min Aung Hlaing jurnalistlarga quyidagi ibora o‘ziga tegishli ekanini tasdiqlagan: «Myanma tarixi - bu Qurolli kuchlar tarixi, Qurolli kuchlar tarixi - bu Myanma tarixidir». U armiya mamlakat hududida terrorchilarga qarshi kurash olib borishini ta'kidlagan.

Myanmada 2011 yilga qadar davom etgan harbiy boshqaruvni u quyidagicha tushuntirgan: «Harbiylar hech qachon to‘liq siyosiy hokimiyatni qo‘lga kiritish uchun intilmagan. Muammo shundaki, shu vaqtga qadar hokimiyatni qabul qiladigan siyosatchilarning o‘zi bo‘lmagan. Bu Qurolli kuchlar mamlakatni o‘z bilganicha boshqarganini anglatmaydi. Ular hamisha xalq fikriga quloq solishgan. Bu yillar mobaynida parlament faoliyat ko‘rsatgan, saylovlar o‘tkazilgan».

Siyosiy nufuzi va «genotsid»
Min Aung Hlaing bosh qo‘mondon bo‘lganida Myanma qariyb 50 yillik harbiy boshqaruvdan keyin demokratiya yo‘liga o‘ta boshlagandi. Ammo Tamado hamon mamlakatdagi siyosiy jarayonlarda ishtirokini saqlab qolgandi.

Harbiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «Birdamlik va taraqqiyot ittifoqi» partiyasi hukumatni boshqarganida Hlaingning siyosiy nufuzi va ijtimoiy tarmoqlardagi mashhurligi ortadi.

Ammo 2015 yilgi saylovlardan keyin 2016 yil boshida hukumatga harbiy diktatura davrida ko‘p yillar uy qamog‘ida o‘tirgan, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Aung San Suu Ki rahbarligidagi «Demokratiya uchun milliy liga» partiyasi keladi. Bir qarashda, Hlaing yangi vaziyatga ham oson moslashib ketgandek tuyuladi: u jamoat joylarida tez-tez Aung San Suu Ki bilan birga ko‘rinish beradi.

Demokratik islohotlarga qaramay, armiya de-fakto mamlakatni boshqargan. The New York Times nashrining yozishicha, Myanma armiyasidagilar mamlakatdagi siyosiy jarayonlarni «qat'iy intizomga ega demokratiya» sifatida qabul qilishadi.

Armiya mamlakatdagi ikkita eng yirik konsernni boshqaradi, bu konsernlar aktivlariga nefrit qazib olish, o‘rmonchilik sanoati, dengiz portlari va boshqalar kiradi. Harbiylar bank sektori, sug‘urta kompaniyalari, telekommunikatsiyalar, tibbiyot tizimi va OAVda ham aktivlarga ega. Armiya mamlakatdagi eng yirik yer egalari hisoblanadi. 

General Min Aung Hlaing yuqorida keltirilgan ikki kompaniyaga egalik qiladi, bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasidagi uch lavozim - xavfsizlik masalalari, ichki ishlar va chegarachilarni nazorat qiluvchi vazirlarni tayinlash huquqiga ega. Generalning o‘zi 2020 yilda armiyadan ketib, mamlakat prezidenti lavozimini egallashni reja qilgandi.

Parlamentning har ikki palatasidagi o‘rinlarning 25 foizini  hamon armiya vakillari band etgandi. Hlain Aung San Suu Ki partiyasining konstitutsiyani o‘zgartirish va harbiylarning hokimiyatini cheklashga bo‘lgan urinishlariga qarshi turadi.

2016 va 2017 yillarda harbiylar shimoldagi Rakhayn shtatida yashovchi etnik ozchilik - rohingiya musulmonlariga nisbatan qatag‘onni kuchaytirishadi, natijada o‘n minglab rohingyalar qo‘shni Bangladeshga qochib o‘tishadi.

2018 yil avgustida BMTning inson huquqlari bo‘yicha kengashi shunday ma'lum qiladi: «Myanmaning yuqori martabali generallari, xususan, oliy bosh qo‘mondon, general Min Aung Hlaing shimoldagi Rakhayn shtatida sodir etilgan genotsid, shuningdek, Rakhayn, Kachin va Shandagi insoniyatga qarshi jinoyatlar va harbiy jinoyatlar uchun tergov va sud qilinishi kerak».

Bu bayonotdan keyin «Feysbuk» generalning akkauntini va BMT tomonidan «mamlakatdagi inson huquqlari sohasidagi jiddiy qoidabuzarliklar»ga aloqador shaxslar va tashkilotlarning  akkauntlarini o‘chirib tashlaydi.

2019 yilda AQSh «etnik tozalashlar» va inson huquqlari buzilishidagi ishtiroki tufayli Min Aung Hlaingga qarshi ikki marta sanksiyalar qo‘llaydi. 2020 yil iyulida Buyuk Britaniya ham unga sanksiya qo‘llagan.

Aung San Suu Ki esa 2017 yilda harbiylarga rohingyalarni qirg‘in qilishga qarshilik ko‘rsatmagandi. BMT ommaviy qotilliklar uchun aybni harbiy rahbariyatga, xususan, shaxsan Min Aung Hlaingga to‘nkagan, lekin 2019 yilda BMT Xalqaro sudida aynan Aung San Suu Ki Myanmani etnik tozalashlar bo‘yicha ayblovlarda himoya qilgan. Ko‘pchilik uning harbiylar bilan hamkorligini pragmatik qaror deb hisoblaydi - ekspertlarning nazdida u shu orqali to‘laqonli demokratiyaga tezroq o‘tishni ko‘zlagan.

Davlat to‘ntarishi
2020 yil noyabridagi saylovlarda, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Aung San Suu Kining partiyasi g‘alaba qozongan. Ammo «Birdamlik va taraqqiyot ittifoqi»ni qo‘llovchi harbiylar saylov natijalari bo‘yicha bahslashishgan.

Butun dunyo bo‘ylab myanmaliklar diasporalari Aung San Suu Kini qo‘llab aksiyalar uyushtirdi. Fotoda - Tokiodagi aksiya

Mag‘lub partiya saylovlarda keng ko‘lamli soxtalashtirishlar haqida ayblovlarni ilgari surgan. Markaziy saylov komissiyasi 1 fevralga belgilangan parlament majlisi arafasida bu da'volarni rad etdi, shu kuni yangi hukumat tarkibi tasdiqlanishi rejalashtirilgandi.

Amaldagi hukumat va harbiylar o‘rtasidagi sovuqchilik keskinlasha boshlashi fonida davlat to‘ntarishi ro‘y berishi haqida mish-mishlar urchiydi. 27 yanvar kuni Min Aun Xlain «agar konstitutsiyaga rioya etilmasa, uni bekor qilish»dan ogohlantiradi va 1962 hamda 1988 yillardagi davlat to‘ntarishlarini misol qilib keltiradi.

30 yanvar kuni esa uning ma'muriyati ritorikani o‘zgartiradi, harbiylarga tegishli bo‘lgan telekanal harbiy amaldorlarning konstitutsiya bekor qilinishi haqidagi so‘zlari OAVda noto‘g‘ri talqin qilingani haqida bayonot beradi.

Ammo 1 fevral tongida hukmron partiya yetakchisi, amaldagi davlat rahbari Aung San Suu Ki, Myanma prezidenti Vin Min va siyosiy rahbariyatning boshqa a'zolari qo‘lga olingani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

Min Aung Hlaing o‘tish davrida hokimiyatni o‘z zimmasiga olishini e'lon qiladi. Milliy mudofaa va xavfsizlik kengashi yig‘ilishida mamlakatda yangi saylovlar o‘tkazilishi, 2020 yilgi saylovlarda kuzatilgan qoidabuzarliklar tekshirilishi ma'lum qilinadi.

Tokiodagi namoyish

Avvaliga Min Aung Hlaing shu yilning iyulida, 65 yoshga chiqqanidan keyin bosh qo‘mondonlikdan ketishi kerak edi, ammo endi u yana bir yil davomida hokimiyatda qolishni kafolatladi, agar Myanma yana harbiy boshqaruvga qaytsa, u yana uzoq yillar davomida davlat rahbari bo‘lib qolishi mumkin.

BMTning Myanma bo‘yicha sobiq maxsus ma'ruzachisi Yangi Li CNN’ga ma'lum qilishicha, davlat to‘ntarishining zamirida Min Aung Xlaingning Xalqaro jinoyat sudi rohingya musulmonlarining genotsidi tufayli unga qarshi olib borayotgan surishtiruvi fonida hokimiyat va biznes-aktivlardan mahrum bo‘lishni istamasligi yotgan bo‘lishi mumkin. «U o‘zining Myanmadagi iqtisodiy aktivlarini saqlab qolishga va hokimiyat tepasida qolishga juda qattiq harakat qilyapti, chunki aks holda u xalqaro sudda ayblovlarga to‘qnash keladi», deydi Yangi Li.

G‘arb davlatlari Myanmadagi voqealarni keskin qoralashdi. Xitoy esa isyonchilarni himoya qildi
Myanmadagi to‘ntarish «Katta yettilik» davlatlari, Yevroittifoq va boshqa ko‘plab davlatlar tomonidan qoralandi. AQSh prezidenti Jo Baydenning ma'muriyati harbiy isyon tashkilotchilariga qarshi sanksiyalar qo‘llanishini ma'lum qildi. Ammo, ushbu davlat to‘ntarishi BMT Xavfsizlik kengashida muhokama qilina boshlanganida, uning a'zolari o‘rtasida darhol bo‘linish kuzatildi. BMT XKda veto huquqiga ega bo‘lgan Xitoy davlat to‘ntarishini qoralash haqidagi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi. 

Tahlilchilarning fikricha, Xitoyning pozitsiyasi myanmalik generallarga simpatiya bildirish bilan emas, demokratiya va inson huquqlari himoyasi vaji bilan qo‘shni davlat ishiga xalqaro aralashuv bo‘lishiga qarshiligi bilan ifodalanadi.

«Xitoy Myanmadagi generallar xatti-harakatlarini jimgina - balki qat'iy - qo‘llab-quvvatlashi haqida signal berayotganga o‘xshaydi», dedi Singapur milliy universitetidan Myanma bo‘yicha ekspert Elliot Prass-Friman.

Myanmaning eng yirik savdo sherigi bo‘lgan Xitoy fitnani yashirincha qo‘llab-quvvatlayotgani haqidagi gumonlar deyarli darhol paydo bo‘ldi. Yanvar oyi o‘rtalarida Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I mamlakatga tashrif buyurib, shu jumladan, general Min Aung Hlaing bilan uchrashgan va Xitoy «Myanmaning o‘z milliy sharoitlariga mos keluvchi rivojlanish yo‘lida» «uning suverenitetini, milliy obro‘sini hamda qonuniy huquq va manfaatlarini bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlashi»ni bildirgan edi.

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I general Min Aung Hlaing bilan uchrashuvda. Myanma, 2021 yil 12 yanvar
Foto: EPA

Xitoydagi «Sinxua» davlat axborot agentligi davlat to‘ntarishini Myanma «Vazirlar Mahkamasidagi katta o‘rin almashtirishlar» deb baholadi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi esa 3 fevral kuni bunday gumonlarni rad etib, «ushbu nazariyalar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi», Xitoy Myanmaga «do‘st» mamlakat sifatida shunchaki nizoning barcha tomonlari ham «o‘z ziddiyatlarini tegishli tarzda tartibga sola olishi»ni istashini ma'lum qildi.

Biroq Myanma harbiylarining Xitoy bilan munosabatlari ham muammosiz emas: myanmalik harbiylar tarixan millatchiligi tufayli Xitoyga qarshi kayfiyatda bo‘lib kelgan. Bangkokning Chulalongkorn universiteti siyosatshunoslik professori Titinan Pongsudxirak harbiylar Xitoy loyihalarining mamlakat iqtisodiyotiga nisbatan o‘sib borayotgan ta'siridan qattiq norozi, bu so‘nggi 20 yildan buyon kuchayganini qayd etib o‘tgan.

«Shunday bo‘lsada, tomonlar baribir kelishib olishga muvaffaq bo‘lsa kerak: G‘arb yetakchilaridan farqli o‘laroq, Xitoy hukumati boshqa avtoritar davlatni qoralashni talab qiluvchi ichki bosimga uchramayapti», deya qo‘shimcha qilgan siyosatshunos.

Rossiya bilan do‘stona aloqalar
Min Aung Hlaing Myanmaning Rossiya bilan do‘stona aloqalari tarafdori hisoblanadi. U bu davlatga kamida olti marta tashrif buyurgan.

Min Aung Hlaing va Sergey Shoygu, 2018 yil

2020 yil iyunida Min Aung Hlaing harbiy-dengiz floti, harbiy-havo kuchlari va quruqlikdagi qurolli kuchlar qo‘mondonliklari bilan birga Moskvadagi harbiy paradga tashrif buyurgandi. U safari davomida «Argumenty i fakty» nashriga bergan intervyusida paradga uni shaxsan Sergey Shoygu taklif qilgani haqida gapirgan.

«Rossiya harbiy paradlari - juda hashamdor», - deya qayd etgandi general.

U Rossiya bilan harbiy hamkorlik haqida ham gapirgan. «Biz harbiy-havo kuchlari uchun ham, flot uchun va quruqlikdagi qo‘shinlar uchun ham rossiyaliklarning ajoyib qurollarini sotib olamiz. Biroq harbiy-texnikaviy hamkorlikda asosiysi - qiruvchi samolyotlar, tanklar, suv osti kemalari sotib olish emas. Harbiy-texnikaviy hamkorlikda harbiy ta'lim ham muhim. Pul tugashi mumkin, harbiy texnika qachondir eskiradi, bilim esa hamishalikka qoladi», degan u.

«Rossiyada tahsil olgan, ruscha gapiruvchi, sizning texnologiyalaringiz bilan tanish bo‘lgan zobitlarda xizmat pillapoyalaridan yuqori ko‘tarilish imkoniyati ko‘proq», degan u va mamlakatda Rossiyada tahsil olgan harbiylar soni olti mingdan ortganini qayd etib o‘tgan.

Sergey Shoygu Myanmaga bir necha marta kelgan. Fotoda - 2018 yilgi tashrif

Harbiy davlat to‘ntarishi arafasida, 21-22 yanvar kunlari Myanmaga Sergey Shoygu tashrif bilan borgandi. Rossiya mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, tashrif davomida Shoygu generalga paraddagi ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirib, ikki mamlakat fashizmga qarshi birgalikda kurashganini qayd etib o‘tgan.

Shoyguning tashrifi yakunlariga ko‘ra, Myanma Rossiyadan «Pansir-S-1» zenit-raketa majmualari va «Orlan-10Ye» dronlarini xarid qilishga qaror qilgan.

Myanmada Rossiyadan yetkazib beriladigan aviatexnikalar va zirhli texnikalarga xizmat ko‘rsatish markazi faoliyat ko‘rsatadi. Rossiya mudofaa vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, Moskva Myanmaga 30ta MiG-29, 12ta Yak-130 rusumli samolyot, oltita Su-30SM, o‘nta Mi-24 va Mi-35P rusumli vertolyotlar, 8ta «Pechora-2M» zenit-raketa majmuasi, shuningdek, radiolokatsiya stansiyalari, zirhli tanklar va artilleriya tizimlari yetkazib bergan.

Mamlakat harbiylari doimiy ravishda Rossiya hududidagi o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etib kelishadi.

Mavzuga oid