O‘zbekiston | 19:27 / 25.12.2020
9279
10 daqiqa o‘qiladi

Mintaqadagi eng katta botanika laboratoriyasi – O‘zbekiston milliy gerbariysi haqida nimalarni bilasiz?

O‘zbekiston milliy gerbariysi – 1,5 milliondan ortiq o‘simlik namunalari saqlanadigan, Markaziy Osiyodagi eng yirik gerbariy.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori, akademik Komiljon Tojiboyev Kun.uz'ga bergan intervyusida ushbu noyob obekt haqida so‘zlab berdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

— Dunyoda rasman ro‘yxatdan o‘tgan va o‘ziga logotip olgan 4 mingdan ortiq gerbariy bor. Shundan 3700 tasi katta gerbariy hisoblanadi. Shu 4000 ga yaqin gerbariy orasida O‘zbekiston milliy gerbariysi turlarining xilma-xilligi jihatdan yetakchi o‘ttiztalikka kiradi.

O‘zbekiston milliy gerbariysi Markaziy Osiyo hududidan yig‘ilgan gerbariylar bo‘yicha dunyoda 1-o‘rinda turadi. Shuning uchun bu yerga butun jahondan – Janubiy Amerika, Afrika, Yevropa, Osiyodan va qo‘shni mamlakatlardan kelishadi. Bir yilda 20dan ortiq delegatsiya bu yerda ilmiy izlanishlar olib boradi.

Xorijdan kelgan mutaxassislarning vaqti kam yoki moddiy jihatdan chegaralangan bo‘lishi mumkin, gerbariyda shunday mutaxassislarga to‘liq 24 soat ishlashi uchun ham imkoniyat yaratib beriladi. Yevropa, Osiyo, AQShdagi gerbariylarga borganimizda, bizga ham shunday imkoniyat yaratib beriladi.

Ko‘lami jihatdan bu gerbariy – Markaziy Osiyodagi eng katta botanika laboratoriyasi. 1980 yillarda butun O‘zbekiston bo‘ylab tarqalgan gerbariylar bir joyda jamlandi. Agar o‘sha paytda markazlashtirilib, namunalar bir joyga olib kelinmaganida, biz o‘ta noyob boylikni yo‘qotishimiz mumkin edi.

Hozir ko‘rib turganingiz sharoitga yetib kelguncha ozmuncha mehnat qilinmadi. 1,5 million nusxani bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirish – deyarli imkonsiz ish. Dunyo amaliyotida bunday ish bo‘lmagan. Chunki gerbariy zaldan tashqariga chiqishi mumkin emas – o‘ziga xos sharoitda saqlanishi lozim. Bu yerda faoliyat yuritgan va yuritayotgan xodimlar o‘ziga yarasha jasorat ko‘rsatganlar.

Muzey ta'mirlanishidan avval ahvol yaxshi emasdi. Zal shiftidan chakka o‘tardi va ma'lumki, bu qog‘oz papkalarga ta'sir qilardi. Ana shunday sharoitlarda fidoyi xodimlar kechani kecha, kunduzni kunduz demay, taxlamlar ustiga klyonka yozib, gerbariyni shu holatda saqlanib qolishiga ulkan hissa qo‘shdilar.

«Yo‘qolib ketgan turlar ham bor»

— Bularning orasida tabiatda yo‘qolib ketgan turlar bor. Butunlay yo‘qolib yoki keskin qisqarib ketgan namunalar-da mavjud.

Bu yerda O‘rta Osiyo o‘simliklaridan tashqari, Eron, Afg‘oniston, Suriya, Rossiya, AQShdan keltirilgan gerbariylar bor. Hozirda biz ko‘proq Koreya Respublikasi, Xitoy, Yaponiya va Janubi-sharqiy Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan o‘simliklar namunalarini almashishni yo‘lga qo‘yganmiz. Hali aniqlanmagan gerbariylar bo‘limi ham bor.

O‘tgan asrning 70-yillarida O‘zbekistonda o‘simliklarni o‘rganish uchun maxsus yirik ko‘lamli tadqiqotlar olib borilgan. O‘sha tadqiqotlar davomida juda katta hajmdagi gerbariy yig‘ilgan va katta hajmda almashinuv bo‘lgan.

Sobiq ittifoq davrida Toshkentdagi gerbariy sobiq ittifoq davridagi eng katta gerbariy bo‘lgani uchun qolgan 14 ta respublika bilan almashinuv ham intensiv edi. Shu sabab 80-yillarda ilm-fandagi inqiroz, xodimlar yetishmovchiligi va boshqa sabablar bilan bu yerdagi juda katta gerbariy aniqlanmay qolib ketdi.

«Maqsadlarimiz ulkan»

— Maqsadlarimiz ulkan. O‘zim lolalar bo‘yicha mutaxassisman, lolalarning yirik kolleksiyasini, zamonaviy sistemasini yarataman.

Shuningdek, «O‘zbekiston florasi» nomli 6 tomli kitobimiz bor, u ancha eskirdi. Uni yangilash – yana bir maqsadim. Uchinchi maqsadim – bu ma'lumotlarni elektron formatga o‘tkazib, ularning bazasini yaratish orqali ilmiy tadqiqotlarni yangi saviyaga olib chiqish.

O‘zbekiston hududida tarqalgan o‘simliklarni to‘rt tizimli xaritalash orqali hujjatlashtirish ham rejalarimdan biri. Buni bir o‘zim qila olmayman, albatta. Jamoam menga bu borada ko‘makchi. Biz bu jamoa bilan Markaziy Osiyodagi lider pozitsiyaga chiqdik.

Bu hammasi fundamental ilm, tinimsiz mehnat, martdan boshlab avgustgacha kerak bo‘lsa oylab, hech kim yurmaydigan joylarda – tog‘-u toshda yurib, ishlash degani.

Bu – kasbga sadoqat. Oldinga maqsad qo‘yamiz va maqsadlarga erisha-erisha shu nuqtaga keldik.

Gerbariy nima uchun kerak?

— Gerbariy, o‘z statusiga ko‘ra – muzey. Ma'lum bir hududda o‘sadigan o‘simliklar namunalarini muzey sifatida saqlagan bo‘lamiz va olimlar ishlashi uchun maydon yaratib beramiz. Har bitta gerbariy namunasining o‘simlik organlari misolida belgilari bor; ildizi, poyasi, guli, bular – o‘zida botanik informatsiyani tutuvchi namunalar.

1,5 million namunadan 300 mingdan ko‘prog‘ini raqamli formatga o‘tkazib bo‘ldik. Bularni O‘zbekiston xaritasiga qo‘ysak, bu orqali iqlim o‘zgarishlari, hududlar o‘zlashtirilishi chorva mollarining betizgin o‘tlatilishi, yirik korxonalarning tabiatga ta'siri kabi hodisalarni o‘rganish mumkin.

Biz qayerda nima bor edi, nima qoldi, nima qoladi – shu asosda modellashtirishimiz mumkin. Gerbariy foni shuning uchun kerak bo‘ladi.

«Yil o‘tgan sari gerbariy qadri oshib boraveradi»

— Noyoblik tomoni shundan iboratki, har qanday zamonaviy asbob, mobil qurilma eskiradi. Lekin yillar o‘tgan sari gerbariy namunalarining qadri ortib boradi. Gerbariy namunasi to‘g‘ri aniqlangan va yorliq to‘g‘ri yozilgan bo‘lsa, qaysi turga mansubligi to‘g‘ri aniqlangan bo‘lsa, uning qadri ortib boraveradi. U yangi-yangi tadqiqotlar uchun asos bo‘laveradi.

Yo‘qolib ketgan o‘simliklarni tiklash mumkinmi? Ha, mumkin. Afsuski, hozir O‘zbekiston sharoitida buning imkoni yo‘q. Jahon amaliyotida mavjud. Lekin bundan 200 yil oldingi gerbariydan tiklash boshqa, zamonaviy molekulyar texnologiyalardan foydalangan holda 20 yil avvalgi gerbariy orqali tiklash boshqa masala.

Yana bir tomoni, 30 yil oldingi gerbariy bilan hozirgini taqqoslab turib, kimyoviy tarkibidagi o‘zgarishni ham ko‘rishingiz mumkin.

«Gerbariylarga murojaat qiluvchilar ko‘payib bormoqda»

— Gerbariyning hajmi ortib borgandan keyin unga murojaat qiluvchilar ko‘payib ketdi. Masalan, floristlar murojaat qilishni boshlashdi.

Florist – ma'lum bir hududda o‘sadigan o‘simliklar yig‘indisi bilan shug‘ullanadigan olim. Nimaga murojaat qildi? Chunki ko‘lam kengayib ketdi. Terilgan gerbariylar soni ortib ketdi. Mana, hozir bir shogirdimiz Qashqadaryoda Tarqapchig‘oy hududida ishlayapti. O‘sha hududda, aytaylik, 1930–1950 yillarda qanaqa gerbariy namunalari terilgan, deb murojaat qilishni va o‘z bazasiga kiritishni boshladi.

Molekulyar texnologiyalarning rivojlanishi bilan genetiklar, biogeograflar, morfologlar murojaat qilmoqda. Farmatsevtlar murojaat qilishi mumkin. Shuning uchun yillar o‘tgan sari gerbariy o‘zining klassik maqomini saqlab qolgan holatda zamonaviy tadqiqotchilarni ham o‘ziga jalb qila boshladi.

Molekulyar tadqiqotlarga xizmat qilish uchun alohida cho‘ntakchalarga olyapmizki, u bu o‘simlikning DNKsini, genomini o‘rganish uchun biz yig‘gan materialdan foydalanishni boshladi. Bir qarashda eski yo‘nalish, eskirib borayotgan yoki yo‘qolib ketayotgan, zamonaviy tadqiqot uchun ham xizmat qilishga o‘zining formatini, ko‘rinishini moslashtirib boryapti.

«O‘zbekiston florasi» nomli yirik loyiha haqida

Komiljon Tojiboyev

— Global bioxilma-xillik bo‘yicha GBIF portaliga O‘zbekiston 2020 yilda a'zo bo‘ldi. Bu degani, butun dunyo bo‘yicha milliondan ortiq organizmlarning terilgan nuqtalari bo‘yicha yig‘ilgan bazaga yo‘l ochildi. Ayni paytda biz ham o‘zimizda bor ma'lumotlarni bu tarmoqqa joylashtirishni boshladik.

«O‘zbekiston florasi» nomli loyihada bir qancha xorijlik mutaxassislar ham ishtirok etishadi. Nima uchun qo‘shni davlatlarimiz bunday tadqiqotlarni boshlay olmadi? Avvalo, bu uzoq muddatli ish. Tannarxi juda ham qimmat turadi va kuchli salohiyat, yirik gerbariy fondlari mavjudligini talab qiladi.

Bundan unumli foydalangan holda, biz shunday yirik loyihalarni amalga oshirishni boshladik. Bu, birinchidan, tadqiqotimiz saviyasini ko‘tarish, ikkinchidan, O‘zbekistondagi mavjud salohiyatni dunyoga tanishtirish, gerbariyni reklama qilish va shu orqali yurtimizga bo‘lgan e'tiborni oshirish, mamlakat imijini ijobiy tomonga yaxshilashga imkon beradi.

Qolaversa, bu to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, qo‘shimcha investitsiya, qo‘shimcha moliya manbalarini jalb qilish demakdir.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Asad Allanazarov.

Mavzuga oid