O‘zbekiston | 08:38 / 23.12.2020
2517
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va YuNIDO to‘rt yillik deklaratsiyani imzoladi

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov va Birlashgan millatlar tashkilotining Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (YuNIDO) bosh direktori Li Yong to‘rt yillik (2020-2024 yillar) muddatga hamkorlik qo‘shma deklaratsiyasini imzoladi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, qo‘shma deklaratsiya vazirlik va YuNIDOni turli sohalarda, jumladan yashil sanoat, aylanma iqtisodiyot, qayta tiklanadigan energiya manbalari, energiya samaradorlik, agrosanoat klasterlari, yengil sanoatni modernizatsiya qilish va boshqa o‘zaro kelishilgan harakat yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga chorlaydi, bu inklyuziv va barqaror sanoat rivojlanishiga hamda 2030 yilgacha barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirishga hissa qo‘shadi.

Qo‘shma deklaratsiya «2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Sanoatni rivojlantirish strategiyasi»ni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, qo‘shma deklaratsiyani amalda tatbiq etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga oluvchi «Yo‘l xaritasi» mavjud.

Pandemiya va safar cheklovlari tufayli qo‘shma deklaratsiya tomonlar o‘rtasida yozishmalar orqali almashildi.

O‘zbekiston-YuNIDO hamkorligi 27 yildan ortiq davom etmoqda va bugungi kunda milliy investitsiyalarni targ‘ib qilish, barqaror ish bilan ta'minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, eksportga yo‘naltirilgan savdo, ekologik toza mahsulot ishlab chiqarish, biznes-inkubatorlar va korxonalarni rivojlantirish bo‘yicha texnik ko‘mak va tavsiyalarga bag‘ishlangan 15ta loyihani o‘z ichiga oladi.

Mavzuga oid