O‘zbekiston | 11:16 / 16.12.2020
41761
2 daqiqa o‘qiladi

Vazir o‘rinbosari «Mendirman Jaloliddin» serialining nomlanishi va unda nega turk aktyori bosh rolda o‘ynaganini izohladi

«O‘ylashimcha, serialni ko‘rmay turib aktyorning ishtirokiga baho berish xato bo‘ladi», – degan madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Jamol Nosirov.

Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Jamol Nosirov O‘zbekiston va Turkiya hamkorligida suratga olinayotgan «Mendirman Jaloliddin» serialining nomlanishi va unda nega turk aktyori bosh rolda o‘ynagani yuzasidan izoh berdi.

«Bilasiz, kino suratga olinishida kasting jarayoni bo‘ladi. Aynan kasting natijalariga ko‘ra filmga aktyorlar tanlanadi. Xuddi shunday bu serial oldidan ham kasting kechgan. O‘ylashimcha, serialni ko‘rmay turib aktyorning ishtirokiga baho berish xato bo‘ladi. Filmni ko‘rgandan keyingina fikr bildirish kerak.

Shuningdek, gap serialda bosh rolni kim o‘ynashida ham emas, balki qanday o‘ynashida. Biz butun dunyoga milliy qahramonimiz Jaloliddin Manguberdining qanday mard qahramonligini to‘g‘ri ko‘rsatib berishimiz kerak. Xudo xohlasa, film namoyishidan keyin bu mavzuga yana qaytsak bo‘ladi», – degan u 15 dekabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Jamol Nosirov ushbu serialning nomlanishi yuzasidan berilgan savolga ham qisqa izoh bergan.

«Ssenariyda aynan shunday yozilgan, shu sababli serialda ham shu nom qoldirildi», – degan u.

Mavzuga oid