Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Janjalni muxlislar emas, «Neftchi» futbolchilari boshlashdi». Diyor Imomxo‘jayev Farg‘onadagi voqea, hakamlik va kutilayotgan jazo haqida
Farg‘onadagi «Neftchi» - «Turon» (0:1) uchrashuvidan keyingi voqealar haftaning eng shov-shuvli voqealaridan biriga aylandi. «Istiqlol» stadionidagi tartibsizliklarni tomosha qilgan har qanday inson bunday zo‘ravonlikni qoralaydi. Uchrashuvdan keyin «Turon» Superligaga yo‘llanma olgan bo‘lsa, «Neftchi» jiddiy jazoga tortilishi kutilmoqda. Tribuna.uz muxbiri Farg‘onadan qaytishda shu kungi voqealarni bevosita stadiondan kuzatgan PFL direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev bilan suhbatlashdi.

«Farg‘onadagi o‘yin 20-30 yil davomida hech kimning esidan chiqmaydi»
— Uchrashuvni o‘zingiz ham stadiondan turib ko‘rdingiz, jonli bahs bo‘ldi. O‘yindan ko‘nglimiz to‘ldi. Chunki biz ikki yildan buyon Pro liga ishtirokchilari sonini kamaytirib bo‘lsa-da, intrigani oshirish harakatida bo‘ldik. Mavsum davomida esa Pro liga saviyasini ko‘tara olganimizga guvoh bo‘ldik. Avvalgi yillarda quyi ligada qaysi jamoalar, qanday holatda turnirni yutib chiqqani ko‘pchilikning esida qolmagan. Farg‘onadagi bahs esa kamida 20-30 yil davomida hech kimning esidan chiqmaydigan o‘yin bo‘ldi.
Masalaning yomon tomonini hamma ko‘rib bo‘ldi, lekin yaxshi tomonini ham esimizdan chiqarmaslik kerak. Birinchidan, Pro liga obro‘si oshdi. Bu turnirni ham «Uzreport» telekanalida jonli efirga olib chiqqanimiz, Farg‘onadagi uchrashuvning final bahsidek o‘tgani, qolaversa «Dinamo» va «Sho‘rtan» o‘rtasidagi kurash so‘nggi o‘yinni derbiga xos o‘tishiga xizmat qildi. O‘yinni boshida futbolchilarning maydondagi o‘zaro keskinligi ham xursand qildiki, zerikarli futbol bo‘lmadi. Chunki o‘yindan oldin «Turon» o‘yinni «berishi», «Neftchi» chiqishi aniq» qabilidagi gaplar shunchaki mish-mish ekani oydinlashdi. O‘yinda ikki jamoa ham faqat g‘alabani o‘yladi. 90 daqiqa uchun ikki jamoaga ham rahmat deyman.
«Neftchi»da hali pley-off o‘yinida imkoniyat bor edi...»
— O‘yin oxirida esa «Neftchi» futbolchilariga professionallik yetishmadi. Chunki sodir bo‘lgan voqeani birinchi bo‘lib muxlislar boshlagani yo‘q. Bu holda muxlislarni to‘g‘ri tushunaman. Agarda mezbon jamoa futbolchilarida professionallik bo‘lganida, ular o‘yindan keyin muxlislarga qarsak chalishardi. Chunki «Neftchi»da hali pley-off o‘yinida imkoniyat bor edi. Mag‘lubiyatni tan olib, muxlislarni tinchlantirib, raqibni hurmat qilganida tomoshabinlar hech qachon bunday ishlar qilishmasdi. Futbolchilar esa aksincha hakamni oldida bu ishni qilganlaridan keyin muxlislar ham ko‘tarildi.
Shunga qaramay, Farg‘ona viloyat hokimiyatiga rahmat aytaman. Chunki yaqin-yaqingacha Farg‘onada futbol ozgina orqaga chekingandi. Hozirda esa jamoalar yana «Istiqlol» stadioniga qaytishdi, muxlislar ham tribunalarga qaytishmoqda, viloyat hokimining o‘zi befarq emas. Farg‘onadagi o‘yin oldidan viloyat hokimi Xayrullo Hayitboyevich Bozorov bilan uchrashib, qariyb bir soat suhbatlashdik. Unda stadion chimini yaxshilash, yoritkichlarni talab darajasiga yetkazish va «Neftchi»ni kelajagi bo‘lgan klub akademiyasini tashkil qilish bo‘yicha fikrimiz bir joydan chiqdi.
«Hakamlarga hech qanday e'tiroz yo‘q»
— O‘yinni hamma kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ldi, hakamlar o‘yinni juda yaxshi boshqarishdi. Ularga hech qanday e'tirozimiz yo‘q. Aksincha, hakamlarga bu o‘yin uchun mukofotlar ham qilib beramiz. Endi bu voqealarni unutib oldinga intilishda davom etish kerak. Shukurki, og‘ir jarohatlarga sabab bo‘lgan yoki o‘lim holati bo‘lgani yo‘q.
Albatta, Farg‘onadagi o‘yindagi voqealarni shunchaki unutib bo‘lmaydi. Birinchidan, bu dars bo‘lishi kerak. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining tegishli organlari buni albatta ko‘rib chiqadi. Busiz iloji yo‘q. Ammo muxlislardan ham, boshqalardan ham so‘rab qolardimki, o‘yinni faqat yomon tomonini olib chiqish kerak emas. Bizda futbol jonlanayapti va hammasi yaxshilanishda davom etadi.

«Neftchi»ga qanday jazo beriladi?
— Yuqoridagi gapim bilan «Neftchi»ga yumshoqroq jazo beriladi, demoqchi emasman. «Neftchi» jazolanadi. Ayniqsa, bu ishni boshlaganlar. E'tibor bering, tartibsizlikda ishtirok etganlarning aksariyati yosh futbolchilar — 21-22 yoshli bolalar. Ular haqiqatan ham yoshlik qilishdi. Bu ishni O‘FA ko‘rib chiqib, qaror chiqaradi. Ammo 2-3 nafar futbolchining ishi uchun butun jamoa javob berishiga qo‘shilmayman. Chunki ular orasida janjalda ajratmoqchi bo‘lganlar ham bor. Ko‘ramiz, O‘FA qanday qaror chiqararkan. Shunga qaramay, «Neftchi»ga omad tilab qolaman. Stadionga ruxsat berishdi, muxlislarga ruxsat berishdi. Endi bularni oqlash o‘rniga bunday ishlar qilish jamoani faqat orqaga tortadi. Bu yil chempionatimiz «Paxtakor» va «Navbahor» o‘yin bilan jonli boshlangandi va mana bu bahs bilan ancha jonli tugayapti. Biz shundan xursandmiz. Ammo hammamiz ham o‘z ehtiroslarimizni jilovlay olishimiz shart.
«Hokim o‘yindan keyin jamoa bilan suhbatlashdi...»
— O‘yindan keyin shaxsan viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning o‘zlari «Neftchi» kiyinish xonasiga kirib, jamoa bilan suhbatlashdilar. U yerda «o‘zlaring hech narsa qila olmadilaring» qabilida yaxshi gap bo‘ldi. Chunki haqiqatan ham munosib bo‘lganida bir tur oldin «Dinamo»ni mag‘lub etib chiqishi mumkin edi. O‘zi vaziyatni shu holatga olib keldi. Betaraf muxlis sifatida o‘yinni kuzatgan bo‘lsak-da, «Turon» 2-3 vaziyatda «Neftchi»ni ayadi, deyish mumkin. Bo‘sh darvozaga urolmadi, penaltidan gol kiritilmadi. Aslida, o‘yinda yirik hisob qayd etilishi ham mumkin edi.
Hozirda bizda to‘liq o‘yin videotasmasi, juda ham ko‘p video lavhalar bor. Inspeksiya to‘liq ish boshladi. Mana hozir vokzalda turgan bo‘lsak-da, kecha kechasi bilan ko‘pchilik uxlamay, hamma vaziyatlar o‘rganilayapti. Har kim har bir holat bo‘yicha albatta javob beradi. Hech kimni qilmishi shunchaki qolib ketmaydi.
«Neftchi» pley-off o‘yinini o‘tkazadimi?
— Umid qilamanki, bu voqealar jamoaning pley-off o‘yiniga zarar ko‘rsatmaydi. Bu ishni qilganlar jazolanishi kerak, ammo klubni 1-2ta ahmoq muxlisi deb butun boshli jamoani jazolashga qo‘shilmayman. Ammo aytishim kerakki, bu yerda mening qarorim hech qanday ahamiyat kasb etmaydi. Bu yerda tegishli organlar, katta odamlarimiz bor, ular hal qilishadi. Xohlardimki, Superliga uchun pley-off bahsi ham o‘tkazilsin, u bahs ham chiroyli tashkil qilinsin, kim kuchli bo‘lsa, o‘sha jamoa ligada o‘ynasin. Biz PFL xodimi sifatida intriga bo‘lishi tarafdorimiz. Qo‘mita tomonidan jazo mana shunday voqealar boshqa bo‘lmasligi uchun beriladi. Hattoki janjalda qatnashgan fan-klub a'zolarigacha o‘z jazosini oladi.
Bobur Akmalov suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
Navoiyni kimlar zaharlayapti? – ekologiya vaziri izoh berdi
O‘zbekiston | 11:23 / 25.07.2025
Ishdagi ishqning yakuni: selektorda “qo‘lga tushgan” amaldor ishdan olindi
O‘zbekiston | 10:42 / 25.07.2025
Fransiya Falastin davlatini tan oladi - Makron
Jahon | 09:46 / 25.07.2025
Nihoyat: kelayotgan haftada salqin havo oqimi kirib kelishi kutilmoqda
O‘zbekiston | 20:03 / 24.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Davlat organlarida ijro intizomiga mas’ul bo‘linmalar birinchi rahbar bo‘ysunuviga o‘tkaziladi
O‘zbekiston | 11:29
-
Yana 6 ta metro bekatida poyezdlar harakati to‘xtatiladi
Jamiyat | 11:18
-
Rossiyaning Kiyevga zarbasi: sakkiz kishi, jumladan bir bola yaralandi
Jahon | 11:08
-
Prezident farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosi nazorati kuchaytiriladi
O‘zbekiston | 11:04
Mavzuga oid

16:50 / 18.10.2023
Chempionlik 22 yil o‘tib, poytaxtdan tashqariga chiqadimi? Bosh sovringa qaysi jamoa asosiy da’vogarligi haqida

10:15 / 29.09.2023
Xayrullo Bozorov birinchi o‘rinbosarini «Neftchi» klubi prezidenti etib tayinladi

22:12 / 20.09.2023
Turon cho‘llari YuNeSKO Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritildi

14:11 / 12.08.2023