Jahon | 15:25 / 02.12.2020
5377
2 daqiqa o‘qiladi

Bayden AQShni Eron bilan yadroviy kelishuvga qaytarishga tayyorligini tasdiqladi

Avvalroq Bayden prezident saylovida g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, AQShni yadroviy kelishuvga qaytarishni rejalashtirganini aytgandi.

Foto: REUTERS/Leah Millis

AQShning saylangan prezidenti Jozef Bayden Qo‘shma Shtatlarni Eron yadroviy dasturi bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi ishtirokchilari tarkibiga qaytarishga tayyorligini tasdiqladi. U The New York Times nashriga bergan intervyusida ana shunday bayonot berdi.

 Nashr jurnalisti AQShning Eron bilan yadroviy kelishuvga qaytishi borasida Baydenning fikri bilan qiziqdi.

“Bu oson bo‘lmaydi, lekin ha”, – deb javob qaytardi Bayden.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bo‘lajak ma'muriyat “ittifoqchi va hamkorlar bilan muzokaralar va qo‘shimcha kelishuvlar ishlab chiqishda qatnashish”ni maqsad qilgan.

Bayden mavjud kelishuvni “mintaqada barqarorlikni ta'minlaydigan eng yaxshi vosita” deb hisoblashini ta'kidladi. Uning fikricha, aks holda Saudiya Arabistoni, Turkiya, Misr va mintaqadagi boshqa mamlakatlar ham yadro quroli ishlab chiqishga urinishi mumkin.

Avvalroq Bayden prezident saylovida g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, AQShni yadroviy kelishuvga qaytarishni rejalashtirganini aytgandi.

Yadroviy kelishuv 2015 yilda Eron, Rossiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSh, Fransiya va Germaniya tomonidan imzolangan. Kelishuvga ko‘ra, BMT hamda AQSh va Yevroittifoqning bir tomonlama sanksiyalari bekor qilinishi evaziga Tehronning yadroviy ishlanmalari cheklanadi. AQSh 2018 yilda kelishuvdan chiqishini e'lon qildi va Eronga qarshi iqtisodiy sanksiyalar kiritdi.

Mavzuga oid