Jahon | 07:44 / 06.11.2020
6936
2 daqiqa o‘qiladi

Belgiyada giyohvand moddalarning tarixdagi eng yirik partiyasi aniqlandi 

Belgiya huquq-tartibot idoralari Antverpen portida kokain giyohvand moddasining tarixdagi eng yirik partiyasini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Topilgan kokain miqdori 11,5 tonnani tashkil qiladi. 

Ekspertlarning baholashicha, kokain partiyasining umumiy qiymati 450 mln yevroni tashkil qiladi. Ta'kidlanishicha, bu biror davlatga xorijdan yetkazilgan giyohvand moddalarning dunyodagi eng yirik partiyasi hisoblanadi. Chakana savdoda ushbu giyohvand moddalar 900 mln yevroga sotilishi mumkin edi. 

Kokain 5 ta yuk konteynerida aniqlangan. Hujjatlarga ko‘ra, konteynerlarda Gayanadan Belgiyaning Zebryugge portiga metallolom tashilgan. 

Giyohvand moddalarni aniqlash bo‘yicha amaliyot lotin amerikalik og‘ufurushlar to‘dasini bartaraf etish doirasida o‘tkazilgan. Jinoiy to‘da Janubiy Amerikadan Belgiyaga muntazam giyohvand moddalar yetkazishda gumon qilinmoqda. 

Tergovchilar aniqlangan partiya dastlab Zebryugge portiga, u yerdan esa Antverpenga yetkazilganini aniqlashgan. Og‘ufurushlar kokainni qo‘shni Niderlandiyada sotmoqchi bo‘lishgan.

Belgiya huquq-tartibot idoralari oxirgi bir necha yil davomida Antverpen porti orqali narkotrafik darajasi oshganini ta'kidlashmoqda. 2016 yildan 2019 yilgacha ushbu portda 3,2 mlrd yevrolik giyohvand moddalar musodara qilingan.  

Mavzuga oid