Sport | 09:07 / 27.08.2020
11008
12 daqiqa o‘qiladi

«Istiqlol»ga da'vosi bor «Istiqlol». Klub va stadion egasi o‘rtasidagi muammo nimada?

Farg‘onaning «Istiqlol» klubi stadionsiz qolgani haqida bizga murojaat qilishdi. Muammoni o‘z joyida o‘rganish uchun kun.uz muxbirlari Farg‘onada bo‘lib, «Istiqlol» klubi rahbarlari, stadion rahbariyati va viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti bilan uchrashdi. #FootWeek ko‘rsatuvining navbatdagi sonida ushbu masalani o‘rganib, ikki tomonni ham eshitdik.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Nosir Otaqo‘ziyev: «Istiqlol» klubidan stadion ijarasi uchun 25 million berasan deyilgani yo‘q»

Farg‘ona shahridagi dastlabki manzilimiz «Istiqlol» stadioni bo‘ldi. Arena nomi bilan ataluvchi klubning texnik direktori Ruslan Xudoydotovning murojaati bo‘yicha dastlab Farg‘ona viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Nosir Otaqo‘ziyev bilan uchrashdik.

«To‘g‘risini aytsam, «Istiqlol» klubi vakillarining avvalroq Kun.uz saytiga bergan intervyusini tomosha qilib, biroz hayratda qolgandim. Chunki klub rahbariyati «Istiqlol» stadioni har bir o‘yin uchun 25 million so‘m so‘ragani haqida gapirishgan. Aslida hech kim bu klubdan 25 million so‘m berishi kerakligini so‘ragani yo‘q. Xususan, «Istiqlol» klubi murabbiylari Sergey Lebedov va Anvar Berdiyev bilan «Neftchi»da birga to‘p surib, ular menga ustozlik qilishgan, bu stadiondagi mashg‘ulotlar yoki tashkiliy ishlar bo‘yicha doim maslahatlashishgan. Ammo shu kungacha bu klubdan Ruslan Ja'farovich yoki murabbiylar menga murojaat qilib, «Nosir, stadion bizdan har bir o‘yin uchun 25 million so‘m miqdordagi ijara puli so‘rayapti», deb aytganlari yo‘q. Bu haqda eshitmaganman.

O‘zi maydon bo‘yicha Farg‘ona viloyatida faqatgina «Istiqlol» klubida muammo bor. Pro ligadagi «Neftchi», «Turon», Superligada esa «Qo‘qon-1912» klublari o‘z stadionlariga egalar. «Istiqlol» klubiga stadionda mashg‘ulot o‘tash uchun ma'lum miqdordagi mablag‘ to‘lanishi shart, deb aytilgani yo‘q. Ruslan Ja'farovich intervyuda hokimlik haqida ham gapirgan ekanlar, aslida na viloyat hokimiyati, na hokim «stadionga kiritmanglar» deb gapirgani yo‘q. Ularning bunga umuman aloqalari yo‘q. Hozirgi vaziyatdan xabardor ekanligim uchun bu gaplar hayron qoldirdi.

 Klub stadiondan foydalanish bo‘yicha shartnoma imzolamoqchi bo‘lsa ham, faqatgina shahar obodonlashtirish boshqarmasi bilan bir to‘xtamga kela olishi mumkin. Chunki o‘yingoh ularning balansida turibdi. Bilishimcha, shartnomada ijara miqdori 5-3 million so‘m atrofida ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, stadion klubga o‘yindan bir kun oldin mashg‘ulot va ertasiga asosiy o‘yinni o‘tkazishga ruxsat beradi.

 Aslida mablag‘ so‘ralishi butun dunyoda bor narsa, har holda stadionda 80-100ga yaqin ishchi va xodimlar mehnat qiladi, ularga maosh berish kerak. Shu bois, aytaylik xususiy klubga stadionni tekinga taqdim etish degan narsa yo‘q. Eng asosiysi o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda o‘zaro kelishib, o‘z o‘yinlarini bemalol shu stadionda o‘tkazishlari mumkin.

«Istiqlol» FK direktori: «Klub aslida yangi stadion uchun tuzilgandi, arenaga pul sarfladik, endi o‘ynaymiz deganimizda chiqarib yuborishdi»

Farg‘ona viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Nosir Otaqo‘ziyev bilan suhbatdan keyin masalaning ikkinchi tomonini o‘rganish maqsadida «Istiqlol» klubi direktori Muxtorjon Yo‘ldoshevga yuzlandik.

- Klubimiz 2016 yilda tashkil topgan. Yangi stadion qurilgach, ushbu stadionda o‘ynash uchun viloyatimiz hokimining shaxsan o‘zlari «Istiqlol» jamoasi tuzilsin deya, berilgan topshiriqlariga binoan tuzganmiz. Oradan 4 yil vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, uch yildan buyon stadion muammosi yuzaga kelgan. Sababi stadionda o‘ynashimiz uchun 25 million so‘m ijara puli beringlar deyishyapti. Bu borada kelishuvga kelish uchun ko‘p harakat qilganmiz. Stadion Obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli ekanligi uchun ular bilan shartnoma tuzganmiz. Unga ko‘ra, uch yildan buyon stadion maydonini to‘liq parvarishlash bizning bo‘ynimizda. Urug‘, o‘g‘it va minerallarni beramiz, qaraymiz, sug‘oramiz – hamma ishlarini o‘zimiz qilamiz. Endi stadionda o‘ynash vaqti kelganida bizni maydondan shunchaki chetlatib qo‘yishmoqda. O‘ynamaysan deyishdi. Axir jamoa shu yangi stadion uchun qurilgan bo‘lsa, endi boshqa qayerda o‘ynaymiz?

O‘zi xususiy klub bo‘lamiz. 3-4ta tashkilot birgalashib biri jamoa ovqatlanishini, biri maoshini, biri safar xarajatlarini bo‘yniga olgan bo‘lsa, yana har bir o‘yin ijarasi uchun 25 million so‘m pulni qayerdan olamiz? Avvaldan o‘sha stadion qarorgohimiz hisoblanib, 35 nafar futbolchi uchun joy tayyorlanib, klub bazasi sanalgan. Stadiondagi jihozlarni o‘z yonimizdan sarflab olganmiz. Hattoki yotoqxonamizni ham yopib, bizni chiqarib yuborishdi. Stadion futbol klubi uchun bo‘lishi kerak. Stadiondan chiqarib yuborilganimizdan buyon klubni o‘z qarorgohi yo‘q, ko‘chmanchi qabilaga o‘xshab ko‘chib yuribmiz. Mashg‘ulot maydonimiz ahvolini ko‘rib turibsiz. Aslida yangi stadion uchun ko‘p xarajat qilganmiz. 78 ming AQSh dollariga sotib olingan stadion o‘rindiqlarini hadya sifatida topshirganmiz ularga.

 Bungacha viloyat futbol assotsiatsiyasi, viloyat hokimiyati, umuman shu ishni hal qilishi mumkin bo‘lgan barchaga murojaat qilib bo‘ldik. Hech kim yordam berolgani yo‘q. Nosir Otaqo‘ziyev bilan ham uchrashgandik, oldiga masalani aytgandik. Bo‘ldi, yuqori tashkilotlarga murojaat qilaman, viloyat hokimini oldilariga kiraman, gaplashib chiqaman dedilar. Bordilar, ammo gaplasha olishmadi. Xatlar bilan ham chiqdik, javob yo‘q. Viloyat hokimi va o‘rinbosarlari qabuliga ham borganmiz, qabul qilishmagan. Andijondagi Marhamat tumanida o‘ynashimiz ham mumkin edi. U yerni hokimi sharoit bor, bemalol kelib o‘ynanglar, faqat Andijon nomidan qatnashasizlar degandi. Ammo jamoamiz futbolchilar bilan kelishgan holda farg‘onalikmiz, Pro ligada Farg‘ona nomidan qatnashamiz deb, rozi bo‘lmagandik.

Rustam Ahmadjonov: «Klubni stadionga qo‘yish uchun aniq asos kerak, 78 ming AQSh dollari xarajat qilingani – asossiz»

«Istiqlol» klubi rahbariyati fikrini bilgach, uchinchi manzilimiz «Istiqlol» stadionida bo‘lib o‘yingoh direktori Rustam Ahmadjonov bilan uchrashdik.

- Bilasizmi, stadion qurilib foydalanishga topshirilgach, hokimlik va mutasaddi tashkilotlar ishtirokida stadionning qanday moliyalashtirish va xarajatlarini qoplash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgan. O‘shanda stadionning bir oylik o‘rtacha sarf-xarajati 37 million so‘m atrofida belgilangan. Aynan shundan kelib chiqqan holda 25 million so‘m ijara puli haqidagi gap paydo bo‘lgan. Shunga qaramay, hali 25 million so‘mlik shartnoma tuzilgani yo‘q. Menga ularni stadionga qo‘yish uchun aniq asos kerak. Klub bermoqchi bo‘layotgan xatlar esa asos bo‘la olmaydi. Biz Farg‘ona shahri obodonlashtirish boshqarmasiga bo‘ysunamiz. Stadionning moliyaviy masalalarini ham, shartnomani ham ular hal qilishadi.

Klub bilan tuzilgan avvalgi shartnoma bor. Unga ko‘ra, ular stadion maydoni uchun 10 qop mineral berishgan. Ha, jamoa rahbarlari stadion uchun avvalgi yillarda ko‘p narsa berganliklarini aytishadi. To‘g‘ri, «Istiqlol» klubining muassasalaridan biri «Istiqlol» stadioni qurilishida bosh pudratchi bo‘lgan, shu bois o‘rindiqlarni biz o‘rnatganmiz deyishi mumkin. Ammo bu stadion budjet hisobidan qurilganligini inobatga olsak, barchasi davlat tomonidan to‘langan bo‘lishi kerak.

 «Istiqlol» klubi rahbarlari maydon bo‘yicha murojaat qilishsa nima degan bo‘lardim? O‘zim «Istiqlol» klubi rahbarlari, murabbiyi Sergey Lebedovni bir necha marotaba taklif qilganman. Shu yerni o‘zida maslahatlashganmiz. Ularni har safar turli masalalar bilan bezovta qilish noqulay, sababi sobiq sportchi sifatida ularning ishi ko‘pligini juda yaxshi bilaman. Shu bois ularga doimiy aloqada bo‘lish uchun alohida administrator yoki boshqa xodim tayinlashni so‘raganman. Sababi bu ishlar bilan murabbiylar qog‘oz ko‘tarib yurmasligi kerak. Alohida shug‘ullanuvchi odam kerak.

Stadion uchun klub 78 ming AQSh dollari xarajat qilgan?! Menimcha, bu shunchaki asossiz gaplar. O‘yingohda bir yarim yildan buyon ishlayotgan bo‘lsam, stadionni yaxshi saqlab turish uchun ham kichik ta'mirlash ishlarini o‘z imkoniyatlarimizdan kelib chiqqan holda qilayapmiz, alohida katta pul so‘ralgani yo‘q.

Anvar Berdiyev: «Maqsadimiz aniq – Superligaga chiqish»

- Turli maydonlarda mashg‘ulot o‘tash bilan «Istiqlol» stadionida tayyorgarlik ko‘rib, o‘yinlarga chiqishning farqi juda katta. Stadioning, maydoning borligini sezib turish baribir boshqacha. Bu jamoaga katta ta'sir qiladi. O‘yinlar yaqinlashgani sari biz murabbiylar raqib jamoa o‘yinini o‘rganish, futbolchilarni tayyorlash o‘rniga o‘yinni qayerda o‘tkazamiz va shunga o‘xshagan tashkiliy ishlar bilan band bo‘lib qolayapmiz. Shunga qaramay, viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Nosir Otaqo‘ziyev bor, qo‘lidan kelgancha yordam bermoqda. Maqsadimiz aniq – Superligaga chiqish. Futbolchilardan minnatdorman, sharoitlar qiyin bo‘lsa-da, tinim bilmay mehnat qilishayapti. Yomoni shuki, bunaqa maydonlarda tayyorlangan yigitlardan ko‘p narsa talab qola olmaymiz. Biz o‘z oldimizga qo‘yilgan vazifani uddalay olamiz, faqatgina biroz yordam kerak – yaxshi mashg‘ulot maydoni va yaxshi o‘yin maydoni. Boshqa hech narsa so‘ramaymiz, - deydi Farg‘onaning «Neftchi» klubi afsonalaridan biri Anvar Berdiyev.

 Tomonlarning fikrini tinglab, tomosha qildingiz. Barcha bu borada o‘z fikriga ega. Ammo futbolimiz rivoji uchun xizmati qilish kerak bo‘lgan stadion va klub o‘rtasidagi bu muammodan futbolimiz aziyat chekmasligini istardik. «Istiqlol» o‘z nomi bilan ataladigan o‘yingohga qaytsa va bundan stadion hamda Farg‘ona futboli rivojiga daxldor bo‘lgan viloyat futbol assotsiatsiyasi manfaatdor bo‘lsa, bundan faqat futbol yutgan bo‘lardi. Umid qilamizki, tomonlar kelishuvga kelib avvalgi mavqeini tiklash uchun intilayotgan Farg‘ona futbolidagi yana bir muammoga barham beriladi.

 Bobur Akmalov suhbatlashdi.

Mavzuga oid