O‘zbekiston | 17:17 / 14.08.2020
32536
3 daqiqa o‘qiladi

Karantin tugadi, endi hashar bo‘ladimi?

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi karantindan keyin hasharga jalb etish masalasiga munosabat bildirdi.

Vazirlikning axborot xizmati rahbari Rahimjon Mahkamov AOKA qoshida tashkil etilgan brifingda karantindan so‘ng davlat va xo‘jalik yurituvchi tashkilotlar xodimlari, xususan ta'lim muassasalari xodimlarini hasharga jalb etish masalasiga munosabat bildirdi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 349-son qarorining 2-bandiga muvofiq, hasharlar faqatgina:

  •  umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjati yoki Vazirlar Mahkamasining qarori mavjud bo‘lganda;
  •  unda ishtirok etadigan shaxslar mehnat qiladigan tegishli tashkilot hududida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik normalariga qat'iy rioya etilgan holda o‘tkaziladi.

«Shu sababli, karantin vaqti bo‘lishidan qat'i nazar vakolatli organning tegishli hujjati bo‘lmaganida hashar o‘tkazish bahonasi bilan majburiy ravishda obodonlashtirish ishlariga jalb qilish - majburiy mehnat deb hisoblanadi hamda ushbu harakat mehnat qonunchiligiga ziddir.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi «Yoshlarni ma'naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta'lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarorining 16-bandida xalq ta'limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari hamda boshqa turdagi ishlarga, ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish taqiqlangan. Buni yangi o‘quv yili boshlanishidan avval yana bir karra eslatib o‘tishimiz o‘rinli deb hisoblayman», — deydi u.

Karantin choralari yumshatilgandan so‘ng, Buxoroning Peshko‘ tumanida joylashgan sport maktabi direktori xodimlarni majburiy mehnatga jalb etgani holati aniqlangandi. Shundan so‘ng, Sport vazirligi ham rasmiy munosabat bildirdi.

Mavzuga oid