O‘zbekiston | 18:23 / 06.07.2020
24906
4 daqiqa o‘qiladi

Karantin davrida o‘quv markazlari faoliyati qanday tashkil etiladi?

Oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlariga oz vaqt qolib, abituriyentlarning tayyorlanishi muhim bo‘lib turgan paytda, o‘quv markazlari faoliyatiga talab ortadi. Kun.uz muxbiri karantin sharoitida o‘quv markazlari faoliyatining qanday tashkil etilishi yuzasidan ma'lumot jamladi.

Faqat «yashil» hududlardagina mumkin

Respublika maxsus komissiyasining karantin cheklovlarini yumshatish bo‘yicha qarori asosida 5 iyun sanasidan boshlab «yashil» toifadagi hududlarda ta'lim markazlari va to‘garaklar faoliyatiga ruxsat berilgan edi.

Ammo hududlar toifalarining tez-tez o‘zgarish turishi ko‘plab tadbirkorlik sub'yektlari qatorida o‘quv markazlari faoliyatida ham muammolar tug‘dirmoqda.

Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi axborot xizmati xodimi Shavkat Xo‘jaqulov «sariq» va «qizil» hududlardagi markaz va to‘garaklar hozircha o‘z darslarini onlayn shaklda tashkil etishi lozimligini ta'kidladi.

O‘quv markazlari va to‘garaklar faoliyatiga talablar

Maxsus komissiya «yashil» hududlardagi o‘quv markazlari va to‘garaklar faoliyatini tashkil etishda quyidagi talablarni qo‘ygan:

  • darslarni 10 kishidan ko‘p bo‘lmagan guruhlarda tashkil etish;
  • mashg‘ulotlar vaqtini oldindan kelishgan holda belgilash;
  • xodimlar va bolalarning sog‘ligini doimiy nazorat qilib borish (tana haroratini muntazam o‘lchab borish);
  • infeksiya alomatlari mavjud xodimlar va bolalarni mashg‘ulotlardan chetlatish;
  • sanitariya-gigiyena va dezinfeksiya talablariga qat'iy rioya etish.

Markaz va to‘garaklar faoliyati SES nazoratida bo‘ladi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi axborot xizmati rahbari Muhammadjon Bozorovning ma'lumot berishicha, «yashil» hududdagi o‘quv markazlari faoliyatini tiklashdan avval hududiy SESga murojaat qilishi kerak bo‘ladi.

«O‘quv markazi joylashgan hudud «yashil» toifaga kiritilgan bo‘lsa, markaz rahbari hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik bo‘limiga murojaat qiladi.

Hududiy SES o‘quv markaziga borib, o‘rgangan holda, sanitariya qoidalariga rioya qilish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalarni beradi. Shundan keyingina markaz faoliyatini boshlashi mumkin.

SES markazning belgilangan normalarga rioya etilishini nazorat qilib boradi.

Yana bir muhim jihat. O‘quv markazi hududida sanitariya, dezinfeksiya tadbirlarini olib borish bo‘yicha markaz rahbariyati aynan SES bilan shartnoma qilishi majburiy emas. U istasa xususiy sanitariya xizmatlari bilan kelishgan holda, istasa kerakli dezinfeksion uskuna va vositalarni xarid qilib, o‘zi dezinfeksiya ishlarini amalga oshirishi mumkin. Muhimi, barcha sanitariya normalariga amal qilinishi lozim», – dedi Muhammadjon Bozorov.

Soliq imtiyozlari saqlab qolinadi

Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, «yashil» toifaga kiritilgan hududda o‘quv markazi va to‘garaklar o‘z faoliyatini tiklagan taqdirda ham ularga yuridik shaxs sifatida karantin davrida berilgan imtiyozlar saqlab qolinadi.

«Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub'yektlari uchun berilgan soliq imtiyozlari tuman va shaharlar qaysi hudud toifasiga kirishidan qati nazar ularning amal qilish muddati tugagunga qadar amal qiladi», – deyiladi DSQ axborotida.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 1 iyunidan 1 sentyabrigacha bo‘lgan davrda kichik tadbirkorlik sub'yektlari mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilingan.

Saodat Abdurahmonova tayyorladi.

Mavzuga oid