O‘zbekiston | 14:37 / 23.06.2020
5321
2 daqiqa o‘qiladi

Joriy yilda 6901 nafar maktab bitiruvchisiga oltin va kumush medallar topshiriladi

Joriy o‘quv yilida umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 11-sinfida o‘qishni 451 053 nafar o‘quvchi tamomlagan, shundan 6901 nafari oltin va kumush medallariga loyiq deb topilgan.

«Bitiruvchilarga medallar Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 fevraldagi «Umumiy o‘rta ta'lim muassasalari va akademik litseylar bitiruvchilarini rag‘batlantirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan ta'lim muassasalarida tantanali ravishda topshirilishi lozim. Biroq joriy yilda mamlakatimizdagi karantin holatini inobatga olib, barcha hududlarda medallar bitiruvchilarga karantin qoidalariga rioya qilingan holda topshirilmoqda.

Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov 2019-2020 o‘quv yilida umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining bir guruh iqtidorli bitiruvchilarining uylariga tashrif buyurib, ularga a'lo bilimi, namunali xulq-atvori va jamoatchilik ishlarida faolligi uchun oltin va kumush medallar topshirdi», – deya XTV axborot xizmati rahbari Anvar Umarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qayd etilishicha, joriy o‘quv yilida umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 11-sinfida o‘qishni 451 053 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lib, shulardan 6901 nafari oltin va kumush medallariga loyiq deb topilgan.

Eslatib o‘tamiz, maktab bitiruvchilariga oltin va kumush medallar berish amaliyoti prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan tiklangan edi. Davlat rahbari 2018 yilning yanvarida Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Qiziriq tumanida faollar bilan uchrashuvi vaqtida bu haqda ma'lum qilgan edi.

O‘quvchilarning ta'lim va tarbiyaga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish va ular orasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ularning sifatli ta'lim olishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida bitiruvchilarga oltin va kumush medallar 2019 yildan buyon topshirib kelinmoqda.

Oltin va kumush medallar bilan taqdirlangan o‘quvchilarga oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hech qanday imtiyoz taqdim etilmaydi.

Mavzuga oid