O‘zbekiston | 11:58 / 11.06.2020
8410
2 daqiqa o‘qiladi

Chet elga ishga yuborishdagi firibgarliklarning oldi olinadi

Xorijda ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni chet ellik ish beruvchi hisobidan amalga oshirish mexanizmi joriy etiladi.

Foto: Shutterstock

Qonunchilik palatasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, «Yuksalish» Umummilliy harakati raisi Akmal Burxonov loyihada taklif etilayotgan bir qator muhim o‘zgarishlarni keltirib o‘tdi.

Qayd etilishicha, xorijda ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni chet ellik ish beruvchi hisobidan amalga oshirish mexanizmi joriy etiladi.

Xorijda ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi jamg‘armaga zaxira qilib qo‘yiladigan mablag‘larni milliy valutada bazaviy hisoblash miqdori 8 500 baravari (taxm. 185 ming AQSh dollari) miqdorida etib belgilanmoqda (hozirda ushbu miqdor 50 ming AQSh dollarini tashkil etadi).

Xususiy bandlik agentliklari tomonidan ishga joylashtirish sohasida axborot va maslahat xizmatlari ko‘rsatilgan taqdirda, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan oshmagan miqdorda haq olinadi.

Xususiy bandlik agentliklari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalari O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining labor migration dasturiy majmuasida real vaqt rejimida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.

Xususiy bandlik agentliklari tomonidan xorijda ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishdan oldin ularga ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovlar undirilmasligi belgilanmoqda.

Mavzuga oid