O‘zbekiston | 13:33 / 27.05.2020
5410
3 daqiqa o‘qiladi

Xavfli ishlab chiqarish obektlari ustidan nazorat kuchaytiriladi

Vazirlar Mahkamasining 19.05.2020 yildagi «Xavfli ishlab chiqarish obektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 291-son qarori qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, qaror bilan ikkita hujjat tasdiqlandi.
 
1. Xavfli ishlab chiqarish obektlarini hisobga olish va davlat reyestrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
 
Belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilingan hamda identifikatsiyadan o‘tgan xavfli ishlab chiqarish obektlari (XIChO) reyestrda majburiy hisobga olinadi.
 
Reyestr Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tomonidan quyidagi tartibda yuritiladi:

hisobga olish raqamini berish bilan XIChO to‘g‘risidagi zarur axborotni ma'lumotlar bazasiga kiritish;

XIChO to‘g‘risidagi ma'lumotlarni davriy yangilash yoki uni Reyestrdan chiqarish orqali.
 
XIChOni reyestrda hisobga olish undan foydalanuvchi tashkilotning arizasiga asosan hisobga olish sxemasi bo‘yicha amalga oshiriladi.
 
2. Xavfli ishlab chiqarish obektida sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
 
XIChOdan foydalanuvchi tashkilot rahbari ishlab chiqarish nazoratini ta'minlaydi. U ishlab chiqarish nazorati to‘g‘risidagi lokal hujjat ishlab chiqilishini tashkil etadi, ushbu hujjat Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi organlari bilan majburiy kelishiladi.
 
Nizom bilan quyidagilar belgilandi:

tashkilotda ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlar yuklanishi mumkin bo‘lgan shaxslar doirasi;

ishlab chiqarish nazorati xizmati xodimlariga qo‘yiladigan talablar, ularning vazifalari, huquq va majburiyatlari;

tekshirilishi zarur bo‘lgan faoliyat turlari va sohalari;

ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish tartibi;

XIChOda sanoat xavfsizligi holati to‘g‘risidagi ma'lumotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi.
 
XIChOdan foydalanuvchi tashkilotlar yil yakunlari bo‘yicha, shuningdek so‘rovga ko‘ra ishlab chiqarish nazorati tashkil etilishi to‘g‘risidagi axborotni Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining tarkibiy bo‘linmalari va boshqa vakolatli organlarga taqdim etadi.
 
Hujjat 21.08.2020 yildan kuchga kiradi.

Mavzuga oid