Jahon | 11:08 / 04.05.2020
7780
2 daqiqa o‘qiladi

Nur-Sulton va Olmaotadan Qozog‘istonning boshqa shaharlariga aviareyslar qayta yo‘lga qo‘yildi

Qozog‘iston aviakompaniyalari 4 maydan poytaxt Nur-Sulton va Olmaotadan respublikaning 4 ta shahriga koronavirus sababli to‘xtatilgan parvozlarni qayta boshlaydi. Tegishli qarorni 29 aprelda favqulodda vaziyat rejimini ta'minlash bo‘yicha davlat komissiyasi qabul qilgan.

Foto: Air Astana

Ma'lum qilinishicha, ushbu shaharlardan samolyotlar Qizilo‘rda, Petropavlovsk, Ust-Kamenogorsk va Semeyga ucha boshlaydi. Reyslar yuqori sanitariya talablari sharoitida, kamroq sondagi yo‘lovchilar va ularning salonda ijtimoiy masofalashuv me'yorlariga amal qilgan holda o‘tqazilishi bilan amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, 4 maydan mamlakatning barcha hududlarida o‘z faoliyatini tiklaydigan tadbirkorlik sub'yektlari ro‘yxati tasdiqlangan. Bular qatoridan maydoni 500 kvadrat metrgacha bo‘lgan nooziq-ovqat do‘konlari, fotosalonlar, gul do‘konlari, sartaroshxonalar, tibbiy markazlar va stomatologiya klinikalari, ko‘chmas mulk bilan operatsiyalar amalga oshiruvchi kompaniyalar, reklama agentliklari, advokatlar va notariuslar, mikromoliyaviy tashkilotlar, sug‘urta kompaniyalari, lombardlar va ayirboshlash punktlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ishlovchi kompaniyalar o‘rin olgan.

Shuningdek, fuqarolarga ko‘chada sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishga ruxsat berilgan. O‘z navbatida hududlar rahbariyatiga faoliyati tiklanadigan obektlarda sanitar-epidemiologik xavfsizlik qat'iy nazoratini ta'minlash buyurilgan. 

1 maydan Qozog‘istonda karantin choralari yengillashtirilishi sifatida Nur-Sulton va Olmaota o‘rtasida parvozlar amalga oshirishga ruxsat berilgandi. Dastlab kuniga 4 tadan reys bajariladi. Ma'lum qilinishicha, parvozlar tiklanganining birinchi kuni 700ga yaqin kishi tashilgan. 

Mamlakatda 15 aprel kuni kiritilgan favqulodda vaziyat rejimi 11 maygacha amal qiladi. 

Mavzuga oid