Jahon | 20:37 / 16.03.2020
9265
2 daqiqa o‘qiladi

S7 asoschilarining qizi aviakompaniya direktorlar kengashi raisi lavozimini egalladi

Rossiyaning yirikligi bo‘yicha 2-raqamli aviakompaniyasi S7 Airlines asoschilari Vladislav va Nataliya Filevaning qizi Tatyana Fileva kompaniya direktorlar kengashi raisi lavozimini egalladi. 

Foto: TASS

Bu haqda Tatyana Filevaning o‘zi Forbes nashriga bergan intervyusida ma'lum qilgan.

Tatyana Fileva 32 yoshda bo‘lib, aviakompaniyada 12 yildan beri faoliyat yuritib keladi. U intervyuda o‘zi uchun ota-onasi tashkil etgan aviakompaniyada faoliyat yuritishdan boshqa taqdirni ko‘rmaganini aytgan. “Agar senda o‘z biznesing bo‘lsa, nega birovga ishlashing kerak?”, deb aytgan Fileva.

Uning aytishicha, u onasi Nataliya Fileva 2019 yilda aviahalokatda hayotdan ko‘z yumgandan keyin S7 Airlines direktorlar kengashi raisi lavozimini egallagan. S7 Group kompaniyasi direktorlar kengashining sobiq raisi Nataliya Fileva 2019 yil 31 martda Frankfurt-Maynda aviahalokatga uchragandi.

“Men kompaniyada ancha vaqt va yetarlicha ishlaganman, kompaniya hozirgi ko‘rinishga kelishida mening hissam ham bor”, deb aytgan Fileva. Uning aytishicha, u S7 hamda operatsion blok uchun to‘liq javob beradi va “biznes muvaffaqiyatli yuritilmoqda”, shu sababli u S7 Group’ning katta vitse-prezidenti va S7 Airlines direktorlar kengashi raisi lavozimini egallashga “haqli ravishda munosib.” 

Tatyana Filevaning ta'kidlashicha, onasi vafotidan keyin kompaniyaning 100 foiz aksiyasi uning oilasi ixtiyorida qolgan.

Mavzuga oid