Toshkentda to‘qqizta avtobus yo‘nalishi vaqtincha o‘zgardi
Poytaxtda qator avtobuslar o‘z harakati yo‘nalishini o‘zgartirdi

Foto: KUN.UZ
Yashnobod tumani Parkent va Maxtumquli ko‘chalari kesishmasidagi uch qavatli ko‘prik qurilishi ishlarini jadallashtirish va ish jarayonida xavfsizlikni ta'minlash maqsadida 3 mart soat 23:00 dan 13 martga qadar Maxtumquli ko‘chasining Parkent, Mirzo Ulug‘bek va Pahlavon Mahmud ko‘chalari oralig‘idagi qismi vaqtincha yopildi.
“Toshshahartransxizmat” xabariga ko‘ra, mazkur hududdan o‘tuvchi 44, 95, 110, 119, 129, 152-sonli yo‘nalishlarida qatnovchi avtobuslar o‘z harakatini 13 martga qadar Parkent, Temur Malik, Do‘rmon yo‘li, G‘azalkent, Oltintepa va yana Parkent ko‘chalari orqali davom ettiradi.
18, 23, 30-avtobus yo‘nalishlari esa Parkent, Qorasuv, Alimkent, Elbek, Pahlavon Mahmud, Maxtumquli ko‘chalari orqali qatnaydi.
Mazkur yo‘nalishlardagi avtobuslar harakati vaziyatga qarab yana o‘zgartirilishi mumkin.
Yuzaga kelgan bunday noqulaylik uchun yo‘lovchilardan uzr so‘ralgan.