O‘zbekiston | 13:18 / 04.02.2020
2789
2 daqiqa o‘qiladi

Guangjouda O‘zbekiston bosh konsulligi ochiladi

Xitoyning Guangjou shahrida O‘zbekiston bosh konsulligi ochilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Xitoy elchisi Tszyan Yan ma'lum qildi

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Xitoy elchisi Tszyan Yan bilan uchrashdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy, xususan XXRning yirik provinsiyalari hamda shaharlari bilan Toshkent o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish masalasi muhokama etildi.

XXRning favqulodda va muxtor elchisi Tszyan Yan O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi 7,6 mlrd. AQSh dollaridan ortganligini ma'lum qilib, bu ko‘rsatkichni bir necha barobar oshirish imkoniyati borligini aytib o‘tdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish masalasi atroflicha muhokama etildi. O‘zaro hamkorlikda farmatsevtika, elektronika, quyosh energetikasi, robototexnika, sabzavot va mevalarni qayta ishlash kabi qator sohalarni rivojlantirish istiqbolli ekanligiga e'tibor qaratildi.

Tszyan Yan yaqin orada Guangjouda O‘zbekistonning bosh konsulligi ochilishi rejalashtirilayotganligini ma'lum qilib, o‘zaro hamkorlikdagi boshqa tadbirlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, tomonlar Toshkent shahrida xitoylik investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlarga to‘xtalib, Xitoy tomonidan investitsiyalarni jadallashtirish masalalarini muhokama qildilar.

Mavzuga oid