Jahon | 22:17 / 16.01.2020
21887
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniya shahzodasi maqomidan voz kechdi, qirolicha uni qo‘llab-quvvatladi

Yelizaveta II shahzoda Harrining qirollik oilasidan mustaqil hayot kechirish to‘g‘risidagi qarorini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Foto: Stephanie Eckardt / Getty Images

Britaniya qirolichasining nevarasi, taxt vorisi shahzoda Charlzning ikkinchi o‘g‘li – Sasseks gersogi Harri o‘z rafiqasi, amerikalik sobiq aktrisa Megan Markl bilan qirollik oilasidagi maqomidan voz kechishga qaror qilgani haqida ma'lum qilgan edi.

Qirolicha Yelizaveta II juftlikning bu qarorini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

“Biz Harri va Megan qirollik oilasining to‘laqonli a'zosi bo‘lib qolishini afzal ko‘rsak-da, ularning yanada mustaqil hayot kechirishi, shu bilan birga, oilamizning qadrli qismi bo‘lib qolishini hurmat qilamiz va tushunamiz”, ― dedi qirolicha dushanba kuni Sadringhem saroyida bo‘lib o‘tgan yig‘inda.

Juftlikning bu qarorini muhokama qilishda Yelizaveta va shahzoda Harri bilan birga, Harrining otasi shahzoda Charlz va akasi shahzoda Uilyam ham ishtirok etdi. Harrining bobosi shahzoda Filipp esa nevarasining bu qaroridan norozi ekanini, undan xafaligini ma'lum qildi va muhokamada qatnashmadi.

Harri va Megan moliyaviy mustaqillikka erishish, saroydan chiqish bo‘yicha qarorga uzoq muhokamalardan so‘ng kelganini aytgan. Hali sentabr oyidayoq juftlik ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘lish qiyinligi haqida gapirgan edi. Xususan, Meganning homiladorlik davrida ularning har bir harakati sariq matbuotda tanqid ruhida yoritilganidan xafa bo‘lishganini bildirishgan.

Qirolicha nevarasining qarorini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan bo‘lsa-da, yakuniy qaror yaqin kunlarda qabul qilinishini o‘z bayonotida ma'lum qilgan.

Juftlik yangi mustaqil hayotga o‘tish davrini Kanada va Britaniyada o‘tkazishi bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Harri va Meganning qirollik oilasi a'zolari sifatida o‘z vazifalaridan bosh tortishlarining oqibatlari, saroydan qancha haq olish, unvon va imtiyozlar bo‘yicha tafsilotlar ma'lum emas.

Daily Mail xabariga ko‘ra, juftlikning samolyoti seshanba kuni Kanadaning Vankuver shahriga parvoz qilgan, Megan Markl bu yerda bir guruh xotin-qizlar bilan uchrashib, jamiyatda ayollar muammolari bo‘yicha suhbatlashgan.

Ma'lumot uchun, shahzoda Harri va amerikalik kino yulduzi Megan Marklning nikoh to‘yi 2018 yil 19 may sanasida bo‘lib o‘tgan va eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biriga aylangan edi.

Qayd etish joiz, qirollik an'analariga muvofiq, shahzoda Harri taxtga da'vo qila olmaydi. Uning otasi – Uels shahzodasi Charlz (qirolichaning to‘ng‘ich o‘g‘li) hozirda valiahd shahzoda hisoblanadi. Undan keyin Harrining akasi Uilyam, keyinchalik Uilyamning farzandlari taxt vorislari sanaladi.

Mavzuga oid