O‘zbekiston | 15:19 / 07.10.2019
6082
5 daqiqa o‘qiladi

Cheklarni soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslar orasida yutuqli o‘yinlar o‘tkaziladi

Foto: 123RF

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassadan olingan cheklarni davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslar orasida yutuqli o‘yinlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, jismoniy shaxslar kassa chekini olganlaridan so‘ng mobil ilova yordamida yoki Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy sayti orqali kassa chekining QR-kodi va fiskal belgilarini qayd qiladilar.

Bunda, kassa cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga o‘yin ishtirokchisi sifatida ro‘yxatga olinganligi haqida tegishlicha uyali telefoniga SMS shaklida yoki elektron pochta manziliga xabar yuboriladi. Shu orqali jismoniy shaxslar yutuqli o‘yin qatnashchisiga aylanadi.

Yutuqli o‘yin jihozlari Kapital bozorini rivojlantirish agentligidan ekspertizadan o‘tkaziladi va tasdiqlangandan keyin foydalanishga qo‘yiladi.

Kassa cheklari aynan olingan va ro‘yxatdan o‘tkazilgan davr (chorak, oy) uchun o‘ynaladigan yutuqli o‘yinda qatnashish huquqini beradi.

Kassa chekining har bittasiga yutuqlarni olishning teng imkoniyati (teng ehtimolligi) o‘yinning asosiy prinsipi hisoblanadi. Yutuqli o‘yinlarning ushbu prinsiplar buzilgan holda o‘tkazilishi taqiqlanadi.

Yutuqli o‘yin natijalariga ko‘ra bir nafar qatnashchi yutuqlardan faqat bittasining egasi sifatida e'tirof etilishi mumkin.

Yutuqli o‘yinni qonun hujjatlariga muvofiq o‘tkazilishini nazorat qilish uchun Davlat soliq qo‘mitasining buyrug‘i bilan komissiya tuziladi. Komissiyaning tarkibi, ish reglamenti va o‘yin qoidalari Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.

Yutuqli o‘yinlar uni o‘tkazish qoidalariga muvofiq tashkilotchi tomonidan amalga oshiriladi.

Yutuqli o‘yinni qonunchilikka muvofiq o‘tkazilishini nazorat qilish bo‘yicha komissiya tarkibi rais, uning o‘rinbosari, komissiyaning kotibi va a'zolaridan iborat bo‘lib, 7 kishidan kam bo‘lmasligi kerak.

Komissiya tarkibiga kelishuv asosida tashkilotchi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat boshqaruvi organlari, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakillari kiritilishi mumkin.

Komissiyaning vakolatlari:

komissiya a'zolari tarkibidan komissiya raisi va kotibini saylash;

yutuqli o‘yinni o‘tkazish vaqtini kelishish;

yutuqli o‘yin o‘tkazilishidan avval g‘oliblarga beriladigan yutuqlarni miqdori va taqsimlashini belgilash;

yutuqli o‘yinni o‘tkazish jarayonining shaffofligini ta'minlash choralarini ko‘rish;

yutuqli o‘yin o‘tkazish bilan bog‘liq nizoli holatlarni ko‘rib chiqish;

yutuqli o‘yin natijalari bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish.

Komissiya qarorlari oddiy ko‘pchilik ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi va bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi.

“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun talablariga muvofiq komissiyaning bayonnomasi bilan yutuqli o‘yin tashkilotchisi sifatida yuridik shaxs tanlanadi. Bayonnomaga asosan besh kun muddatda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan yutuqli o‘yin tashkilotchisi bilan shartnoma tuziladi.

Yutuqli o‘yin tashkilotchisining huquq va majburiyatlari o‘yinni o‘tkazish bo‘yicha tuziladigan shartnomada ko‘rsatiladi.

Yutuqli o‘yinni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek, boshqa tashkiliy masalalarni amalga oshirish Davlat soliq qo‘mitasi va tashkilotchi o‘rtasida tuziladigan shartnoma shartlari hamda xarajatlar rejasi asosida yutuq fondi hisobidan amalga oshiriladi.

Yutuq fondini shakllantirish manbalari quyidagilardan iborat:

Moliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda ajratiladigan budjet mablag‘lari;

Davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi mablag‘lari;

Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi” va “Soliq servis” davlat unitar korxonalari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda ajratilgan mablag‘lar;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.

Quyidagilar o‘yinlar bo‘yicha yutuqlar bo‘lishi mumkin:

pul mablag‘lari;

buyum yutuqlari, bunda yutuq egasi uning qiymatini naqd pul bilan olish huquqiga ega. Bitta buyum yutug‘ini uning egasi roziligisiz boshqasi bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi;

nomoddiy tusdagi yutuqlarning boshqa turlari, ayrim tovarlar va xizmatlar, sanatoriy va dam olish uylariga yo‘llanmalar sotib olish bo‘yicha imtiyozlar.

Mavzuga oid