O‘zbekiston | 19:50 / 18.09.2019
22837
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan soxta xabarlarga raddiya berdi

O‘zbekiston bosh vazirining matbuot xizmati 18 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayrim xabarlar yuzasidan bayonot berdi.

«Joriy yilning 18 sentabr kuni Internetdagi ayrim ijtimoiy tarmoqlarda mahallalardagi masjidlar soni, diniy libosda yuradigan, soqol qo‘ygan, missionerlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan hamda turli maqsadlarda chet elga ketgan fuqarolar sonini aniqlash bo‘yicha savodsizlarcha yozilgan xabar joylashtirilib, yig‘ilgan ma'lumotni ichki ishlar idoralari va mahalla jamg‘armasiga taqdim etish ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, xabarda go‘yoki ushbu ko‘rsatma O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan berilgani aytilgan.

Shuni ma'lum qilamizki, bunday ko‘rsatma va topshiriq O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan ham, Hukumat tomonidan ham berilmagan. Ta'kidlash kerakki, Hukumat rahbarining barcha ko‘rsatma va topshiriqlari maxsus blankda chop etilib, imzo va muhr bilan tasdiqlanadi.

Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan ushbu uydirma va yolg‘on xabarni kim va qanday maqsadlarda tarqatgani yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mazkur xabar soxta va uydirma bo‘lib hech qanday asos hamda mantiqqa ega emas. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan bunday mazmundagi soxta va yolg‘on xabarlarga e'tibor bermasliklari va ogoh bo‘lishlari so‘raladi», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Matbuot xizmati raddiyasida.

Bundan avvalroq bosh vazir diniy libosda yuradiganlar va soqol qo‘yganlar sonini aniqlash bo‘yicha ko‘rsatma bergani haqida surat tarqalgandi.

Mavzuga oid