Sport | 18:00 / 12.09.2019
13504
2 daqiqa o‘qiladi

Elnur Abduraimov jahon chempionatini jazoirlik bokschini yengish bilan boshladi

Rossiyaning Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatida - 63 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Elnur Abduraimov ilk jangini muvaffaqiyatli o‘tkazdi.

U jazoirlik Rizo Benbazizga qarshi o‘tgan uch raundlik jang o‘tkazib, yakunda hakamlar qaroriga ko‘ra g‘olib deb topildi - 5:0. Jang davomida Abduraimovning kuchli zarbasidan keyin jazoirlik bokschi nokdaun holatiga tushdi va referi hisobni ochishga majbur bo‘ldi.

Abduraimovni keyingi bosqichda amerikalik Keyshoun Devis kutib turibdi. Bu jang 14 sentabr kuni o‘tkaziladi.

Bundan avvalroq O‘zbekiston boks terma jamoasining -52 kilogramm vazn toifasidagi vakili, Rio-de-Janeyrodagi Olimpada chempioni Shahobiddin Zoirov turkmanistonlik Yihlas Gilichjanovni mag‘lubiyatga uchratib, ikkinchi bosqichga o‘tgandi. Zoirov ham navbatdagi jangini 14 sentabr kuni o‘tkazadi, uning raqibi Dominikan Respublikasi vakili Rodrigo Marte bo‘ladi.

9-10 sentabr kunlarida O‘zbekiston boks terma jamoasining yana 2 nafar vakili, -75 kilogramm vazn toifasidagi Fanat Qahramonov va -81 kg vazn toifasidagi Dilshod Ro‘zmetov saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tishdi, ularning ikkisi ham mo‘g‘ulistonlik bokschilarni ishonchli tarzda mag‘lubiyatga uchratib, ikkinchi bosqichga o‘tishgandi.

Qur'a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston boks terma jamoasining qolgan vakillari quyidagi raqiblarga qarshi jang qilishadi:

-57 kg: Mirazizbek Mirzaxalilov – De Andrade (Braziliya) / Ivanov (Polsha) (15 sentabr)
-69 kg: Bobousmon Baturov – Arregui (Argentina) / Mikkalef (Chernogoriya) (16 sentabr)
-91 kg: Sanjar Tursunov – Xulio Blanko (Kolumbiya) / Teysheyra Da Silva (Braziliya) (15 sentabr)
+91 kg: Bahodir Jalolov – Rogava (Ukraina) / Ramazon Purdelavar (Eron) (17 sentabr).

Mavzuga oid