Koreyaga ishga borish uchun test topshiradiganlarga «jyeton» berish amaliyoti bekor qilindi

Endilikda Koreya Respublikasiga ishga borish uchun test sinovi topshiradigan talabgorlarga “jyeton” berish amaliyoti bekor qilindi, dedi O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.
U bu haqda bugun, 1 iyun kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Koreya inson resurslarini rivojlantirish xizmati vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan anjumanda aytdi.
Anjumanda Kudbiyev Koreyada mehnat qilish bo‘yicha tashkil qilingan test tizimiga kiritilgan o‘zgarishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha axborot berdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yillar davomida Koreyaga ishga jo‘natish sohasida qator muammolar yig‘ilib qolgan.
“Test o‘tkazish jarayoniga noqonuniy aralashuvlar korrupsiyani avj oldirdi. Natijada, koreys tilini umuman bilmagan fuqarolar ham ishga jo‘nab ketdi. Ahvol shu tarzda davom etaverganidan keyin koreyalik ish beruvchilar bizga ishonmay qo‘yishdi. Mavjud vaziyatni yaxshilash uchun test tizimini takomillashtirish vazifasi qo‘yildi. Eng katta masala ishtirokchilar sonini optimallashtirishdir. Shu paytgacha testga kiruvchilar soni bir necha o‘n minglabni tashkil qilgan. Shunga yarasha sifat ham tushib ketdi va yana qator muammolar paydo bo‘ldi. Fakt keltirib o‘taman: 2018 yilda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi 16 ming nafar fuqaroga testga kirish uchun ruxsatnoma (“jyeton”) bergan. Ulardan 3248 nafari (to‘lovlarni amalga oshirgan bo‘lsa ham) ro‘yxatga kiritilmay qolib ketgan”, dedi u.
Kudbiyevning aytishicha, bu holat yana takrorlanmasligi uchun testga kiruvchilar soni keskin qisqartirildi, ular 2000 nafarni tashkil qiladi. Umumiy 100 ballik tizimda 70 balldan yuqori natijani ko‘rsatganlargina testga kiritiladi va jarayon vazirlik tomonidan qattiq nazorat ostiga olinadi”.
Yangi o‘zgarishga ko‘ra, avvalgi “jyeton” berish amaliyoti bekor qilindi. Uning o‘rniga bilimni baholash markazlari tomonidan beriladigan sertifikat tizimi yo‘lga qo‘yildi. Hozirgi paytda bilimni baholash markazlari respublika bo‘yicha juda ozchilik (Toshkent, Samarqand va Andijon)ni tashkil etadi. Agar ularning soni oshirilsa, sifat ham yaxshilanadi, deya qo‘shimcha qildi vazir.
Kudbiyev bilimni baholashda oliy o‘quv yurtlari, nodavlat ta'lim muassasalari mutaxassislarini hamkorlikka chaqirdi. Endilikda ular ham vazirlik bilan kelishuv imzolab test o‘tkazish, unga tayyorlash ishlarini amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, maqsad sohaga malakali mutaxassislarni jalb qilish orqali sifatni oshirishga erishishdir.
Mavzuga oid

15:44 / 05.02.2025
O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan volfram konini o‘zlashtirish imkonini o‘rganmoqda

08:21 / 16.12.2024
Koreyadagi o‘zbekistonliklar ish joyini tashlab ketgani tufayli kafillardan 2 mlrd so‘m undirildi

08:10 / 30.11.2024
Koreyaga ishlash uchun borgan ikki o‘zbekistonlik ish joyidan qochib ketdi

11:10 / 10.10.2024