Sport | 20:27 / 24.04.2019
6854
2 daqiqa o‘qiladi

Paragvayda penaltini aniq amalga oshira olmagan futbolchi jamoadan haydaldi

Paragvayning “Independente Kampo-Grande” futbol klubi direktorlar kengashi venesuelalik futbolchisi Brendeks Parra bilan Janubiy Amerika kubogida Kolumbiyaning “La Ekidad" klubiga qarshi uchrashuvda penaltini o‘ta sovuqqonlik bilan amalga oshirgani uchun shartnomani bekor qilishga qaror qildi. Uchrashuv Kolumbiya klubining 3:4 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan.

Futbolchi Bogotadagi “El-Kampin” stadionida o‘tgan uchrashuvdan keyingi penaltilar seriyasida penaltini “Panenka” uslubida amalga oshirishga uringan, biroq raqib jamoa buni payqab, to‘pni qiyinchiliksiz qaytara olgan. Natijada Parra jamoasi musobaqaning keyingi bosqichiga chiqa olmagan.

“Direktorlar kengashi penaltini bunday ijro etgani uchun futbolchi bilan hamkorlikni to‘xtatishga qaror qildi”, deb aytgan “Independente Kampo-Grande” prezidenti Eriberto Gamarra.

“Omadsiz” futbolchi, shuningdek, u sababli klub keyingi bosqichga chiqqanda ishlab olishi mumkin bo‘lgan mo‘maygina puldan quruq qolganlikda ayblangan.

Penaltini amalga oshirishning “Panenka” uslubi 1976 yilgi Yevropa chempionati finalida GFR terma jamoasiga hal qiluvchi penaltini shunday uslubda kiritgan chexoslovakiyalik futbolchi Antonin Panenka sharafiga shunday ataladi. Bunda futbolchi to‘pni darvoza markaziga yuqorilatib tepadi. Bunday uslubda o‘ziga xos risk bor: agar darvozabon o‘zini yon tomonlarga otmay joyidan jilmasa, u to‘pni bemalol qaytara olishi mumkin. 

Mavzuga oid