Jahon | 14:56 / 26.03.2019
3837
2 daqiqa o‘qiladi

Pentagon Meksika bilan chegarada to‘siq qurilishi uchun 1 mlrd dollar ajratadi

Foto: REUTERS

AQSh mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Patrik Shanaxan Meksika bilan chegarada to‘siq qurilishi uchun vazirlik budjetidan 1 mlrd dollar ajratilishiga ruxsat berdi. Bu haqda Pentagon matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda aytilishicha, ushbu mablag‘ balandligi 5,5 metr, uzunligi 90 km bo‘lgan to‘siq qurilishi, yo‘llarni ta'mirlash va chegara bo‘ylab yoritgichlar o‘rnatishga sarflanadi.

AQSh va Meksika chegarasida devor qurish Tramp saylovoldi kampaniyasidagi va'dalardan biri edi. 2017 yilning yanvarida prezident etib saylanganidan keyin, u ikkita farmonni imzoladi: devor qurilishini nazarda tutuvchi, davlat chegarasini qo‘riqlash haqida va immigratsiya to‘g‘risida. Avgust oyi boshida Amerika yetakchisi devorning katta qismini qurish haqida topshiriq bergani xabar qilingandi.

AQSh Demokratik partiyasi a'zolari devor qurilishiga qarshi chiqishdi va bu kelishmovchilik mamlakat tarixidagi eng uzoq davom etgan “shatdaun”ga olib keldi.

Mavzuga oid