Jahon | 01:51 / 28.02.2019
9387
3 daqiqa o‘qiladi

Trampning sobiq advokati uni firibgar va irqchi deb atadi

Foto: Mandel Ngan / AFP

AQSh prezidenti Donald Trampning sobiq advokati, soliq firibgarliklari va AQSh kongressiga yolg‘on  ko‘rsatmalar bergani uchun sudlangan Maykl Koen vakillar palatasidagi jarayondagi kirish nutqida Trampni firibgar va irqchi deb atadi.

Koen o‘z ko‘rsatmalarida Tramp undan pornoaktrisa Stormi Deniyelsga ishqiy munosabatlari haqida sukut saqlashi uchun 130 ming dollar berishni va bu haqida rafiqasi Melaniya Trampga yolg‘on so‘zlashni so‘raganini ma'lum qildi. Tramp 2017 yil prezidentligi vaqtida Koenga kompensatsiya tariqasida pul o‘tkazib bergan. Advokat kongressga cheklardan birining nusxasini taqdim qildi.   

Koenning aytishicha, u 2016 yil iyulda Trampning siyosiy maslahatchi Rojyer Stoun bilan telefon orqali suhbatini eshitgan. Stoun suhbatda WikiLeaks asoschisi Julian Assanj unga Trampning prezident saylovlari bo‘yicha raqibi Xillari Klintonga ziyon yetkazadigan maktublar arxivini e'lon qilishini ma'lum qilganini aytgan. Koenning aytishicha, Tramp bu yangilikni ijobiy qarshilagan.   

Koen Trampni irqchi deganining dalili sifatida Tramp qora tanli saylovchilar unga ovoz bermasliklari, chunki ular “juda ahmoqlar” degan so‘zlarini eslab o‘tgan.

Koenning ta'kidlashicha, Tramp Amerikani emas, balki o‘z brendini “buyuk qilish” uchun prezident bo‘lishga qaror qilgan va g‘alaba qilishni rejalashtirmagan – saylov kampaniyasi unga “marketing imkoniyati” bo‘lgan. Sobiq advokat Trampga ishlaganidan uyalishini aytgan. 

Koen, shuningdek, kongressmenlardan 2017 yil sentyabrda bergan yolg‘on ko‘rsatmalari uchun uzr so‘ragan. Uning ko‘rsatmalari Moskvada “Tramp-Tauer” binosi qurish bo‘yicha muzokaralarga taalluqli bo‘lgan. Koen ko‘rsatmasiga ko‘ra, muzokaralar 2016 yil yanvarda tugagan, biroq haqiqatda Tramp respublikachilardan AQSh prezidenti lavozimiga yagona nomzod bo‘lib qolgan vaqtgacha, ya'ni yozgacha davom etgan.

Kongressning nazorat bo‘yicha qo‘mitasining respublikachi a'zolari demokratlar Koenni “prezident haqida yolg‘on so‘zlashni davom ettirishi” uchun taklif qilishganini aytishgan. Ularning fikricha, demokratlar Koenning ko‘rsatmalarini Trampni iste'foga chiqarish uchun qo‘llashni rejalashtirishmoqda. 

Mavzuga oid