Jahon | 22:45 / 23.02.2019
26140
1 daqiqa o‘qiladi

Misr hukumati 2020 yilda yangi poytaxtga ko‘chib o‘tadi

Foto: commons.wikimedia

Misrda yangi poytaxtni barpo etish bilan shug‘ullanayotgan kompaniya rahbari Muhammad Abdulatifning ma'lum qilishicha, Misrning hukumat idoralari yangi ma'muriy markazga 2020 yil o‘rtalariga yaqin ko‘chiriladi. Bu haqda Misrning Al-Ahram nashri xabar qildi.

Bu bayonot Misrning yangi poytaxtida “aqlli shahar” texnologiyasini joriy qiladigan Honeywell texnologik kompaniyasi bilan hamkorlik haqidagi kelishuvni imzolash vaqtida berildi. 

Abdulatifning ta'kidlashicha, ayni vaqtda Qohirada joylashgan barcha departament va vazirliklar 2020 yil o‘rtalariga “Yangi Qohira”ga ko‘chib o‘tadi. Xorijiy davlatlar elchixonalariga ham yangi poytaxtdagi inshootlarni band qilish taklif qilinadi.

Misrning yangi poytaxtini bunyod qilish loyihasi 2015 yilda boshlangan. Hukumat rejalariga ko‘ra, shahar mamlakatning siyosiy va moliyaviy markaziga aylanishi kerak. U amaldagi poytaxt Qohiradan 45 km uzoqlikda joylashgan va 5-7 mln kishiga mo‘ljallangan.

Mavzuga oid