Light | 23:58 / 15.10.2018
9211
14 daqiqa o‘qiladi

"Bugun barchamiz tadbirkormiz": Mark Tsukerbergning biznes qoidalari

Facebook asoschisi Mark Tsukerberg insoniyatning umumiy maqsadi va bilimlar iqtisodiyoti haqida so‘zlaydi, shuningdek ijtimoiy tarmoqlarni deb odamlar real hayotda muloqot qilmay qo‘yganidan norozi bo‘layotgan tanqidchilarning tanbehlariga javob beradi.

Tsukerbergda autizmning yengil versiyasi hisoblangan Asperger sindromining ba'zi belgilari kuzatilmoqda. Aytishlaricha, unda odamlar bilan muloqot qilish bilan bog‘liq muammolar bor — bu ayniqsa o‘zi va boshqalar his-tuyg‘ularini ifodalashda yaqqol seziladi. Shunisi qiziqki, Tsukerberg aynan butun dunyo odamlariga tanishish imkonini berish orqali boyigan. Lekin shu bilan birga, uning ishlanmasi tufayli biz ertadan kechgacha o‘z gadjyetlarimizga termulib o‘tiramiz va hozir o‘zaro muloqotlarimizning katta qismi real hayotda kechmayapti.

Qanday bo‘lmasin, Mark Tsukerberg - dunyoning eng yosh milliarderlaridan biri. Uning biznesi allaqachon do‘stona yozishuvlar uchun ijtimoiy tarmoq darajasiga ko‘tarilgan. Facebook — ulkan shaxsiy ma'lumotlar bazasi, o‘tgan bahorda Cambridge Analytica bilan bog‘liq mojaro vaqtida bunga hamma ishonch hosil qildi.

2013 yilda Tsukerberg internet.org tashabbusi haqida e'lon qildi. Uning maqsadi — butun dunyo bo‘ylab milliardlab kishilarni internetga kirish imkoni bilan ta'minlash. "Tasavvur qiling, fermerga ob-havo haqidagi ma'lumotni yoki oddiy darsliklari bo‘lmagan bolalar uchun elektron ensiklopediya o‘qish qanchalik qiziq bo‘ladi", - deyiladi internet.org saytida. O‘z navbatida, tasavvur qiling, 5 milliard kishi u tufayli internetga kirish imkoniga ega bo‘lsa, Facebook auditoriyasi qanchalik kengayadi!

Umuman olganda, Mark Tsukerbergni yomon niyatda ayblab bo‘lmaydi. U Bill Geytsga tenglashmoqda: Giving Pledge tashabbusiga qo‘shildi va o‘z boyligining 99 foizini "inson salohiyatini kengaytirish va tenglikni targ‘ib qilish"ga sarflashni rejalashtirishmoqda. Ko‘pchilik internetga tobelik deb ataydigan narsani esa bilimlar iqtisodiyoti qurilishi deya izohlaydi. Forbes bizning odatlarimizni o‘zgartirgan va onlayn-hayot asosichilaridan biri bo‘lgan Mark Tsukerbergning qiziqarli fikrlaridan parchalar keltirdi.

Foto:  AP/FOTOLINK

Men uchun Facebook doim odamlarni anglatgan. Ko‘pchilik buni ermak, qisqa muddatli mashg‘ulot deb hisoblagandi, shu bois men uni shunchaki yordamchi dastur deb atadim. Shu bilan birga, men tarmoqni yaratish va munosabatlar o‘rnatish - odamlar uchun asosiy mashg‘ulotlardan biri ekani hamda bu qisqa muddatli ermak emas, barcha zamonlar uchun dolzarb vosita ekanini ko‘rsatishga harakat qildim. Jamoani boshqarayotganingizda qandaydir ulkan maqsadni ko‘zlash kerak emas, shunchaki foydali va uzoq muddatli ixtiro qilish kerak.

Bizning avlod kimlar bilan ishlashiga to‘g‘ri keladi? Bizning avlod o‘n millionlab ishchi o‘rinlari avtomatlashtirilgan tizimlar, haydovchisiz avtomobillar va yuk mashinalariga almashishiga guvoh bo‘ladi. Biroq bizda busiz ham birgalikda amalga oshiradigan imkoniyatlar mavjud. Har bir avlodning o‘z loyihasi bo‘ladi. Inson Oyga chiqishi uchun 300 ming kishi ishlagan. Millionlab ko‘ngillilar butun dunyo bo‘ylab bolalarni poliomiyelitdan qutqarishgan. Millionlab kishilar Guver to‘g‘oni va boshqa katta loyihalarni qurishgan. Bu loyihalar nafaqat ularda ishtirok etgan odamlar uchun maqsadga aylangan, balki butun mamlakatimizga buyuk ishlar qila olishimiz uchun faxr tuyg‘usini bergan. Endi esa bunday ishlarni qilish navbati bizga keldi. Ehtimol "Men qanday qilib to‘g‘on qurish yoki biror loyihaga millionlab kishilarni jalb qilish mumkinligini bilmayman", deb o‘ylayotgandirsiz. Biroq bir sir bilan bo‘lishishga ijozat bersangiz: biror ishga qo‘l urilganda uning nima bilan tugashini hech kim bilmaydi. G‘oyalar bizga to‘liq tayyor shaklda kelmaydi. Ularning ustida ishlasakkina aniqlik  yuzaga keladi. Siz shunchaki boshlashingiz kerak. Agar men boshlash oldidan odamlarni qanday birlashtirish haqida bilganimda hech qachon Facebook'ni yo‘lga qo‘ymasdim.

Filmlar va pop-madaniyat bizga bu qanday ishlashiga doir noto‘g‘ri tasavvur beradi. Bizga birdaniga kelgan g‘oya - xavfli yolg‘on. Agar biz vaziyatni oldindan ko‘ra bilmasak, bunday stereotip o‘zimizni noto‘g‘ri tutishga majbur qiladi. Bu yaxshi g‘oyaga ega kishilarga ish boshlashga yo‘l bermaydi.

Innovatsiyalar haqida so‘zlovchi filmlarda yana nima noto‘g‘ri, bilasizmi? Hech kim matematik formulalarni shisha oynaga yozmaydi, bunaqasi yo‘q.

Foto: Stephen Lam/Reuters

Idealist bo‘lish yaxshi, biroq odamlar sizni tushunmasligiga tayyor turing. Katta vizioner konsepsiyalar bilan ishlovchi har qanday insonni hatto haq bo‘lsa-da, kun kelib ahmoqqa chiqarishlari mumkin. Murakkab muammolar kompleksi bilan ishlovchi har qanday kishini bu muammolarni umuman tushunmaslikda ayblashlari mumkin, holbuki barchasini oldindan bilishning iloji yo‘q. Tashabbus bildirayotgan har qanday kishini biror ishni haddan tashqari tez bajarayotgani uchun tanqid qilishadi, chunki doim sizning amaldagidan sekinroq harakat qilishingizni istovchi kishilar topiladi.

Jamiyatda biror katta ish qilmaymiz, chunki xatoga yo‘l qo‘yishdan qo‘rqamiz. Biroq agar hech narsa qilmasak, biz ba'zi narsalar noto‘g‘ri ekanligini rad etgan bo‘lamiz. Haqiqat shundaki, qilayotgan barcha ishlarimiz kelgusida qandaydir muammolarga duch keladi. Ammo bu sizni yangi ish boshlashdan to‘xtatmasligi kerak.

Nimani kutyapmiz? Bizning avlod uchun nima umumiy buyuk ish bo‘la olishi borasida bir qarorga keladigan vaqt keldi. Sayyorani yo‘q qilishimizga qadar iqlim o‘zgarishini to‘xtatish va millionlab odamlarni quyosh batareyalari ishlab chiqarish va ulardan foydalanishga jalb etishga qanday qaraysiz? Barcha kasalliklarni davolash va o‘z sog‘lig‘i hamda genomi haqida ma'lumot bilan bo‘lishuvchi ko‘ngillilarni jalb qilishga-chi? Bugun biz kasal bo‘lishning oldini oluvchi dori vositalarini izlashga emas, allaqachon kasallikka chalingan kishilarga 50 baravar ko‘p mablag‘ sarflayapmiz. Bu bema'nilik. Biz bu vaziyatni tuzatishimz kerak. Demokratiyani har bir inson onlayn ovoz bera oladigan darajada modernizatsiya qilishga nima deysiz? Har bir inson ta'lim olish imkoniga ega bo‘lish uchun ta'limni personallashtirishga-chi? Bu bizning qo‘limizda. Keling, jamiyatda har bir insonning o‘z roli bo‘lishi uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilaylik.

Muhim loyihalarga kirishib, har bir inson o‘z maqsadini his qilish uchun birinchi qadamni tashlaymiz. Ikkinchi qadam — tenglikni qayta ko‘rib chiqish va har bir insonga o‘z oldiga maqsad qo‘ya olishi uchun erkinlik berish. Ota-onalarimizning aksariyati butun kareralari davomida barqaror ishda ishlashgan. Bugun kompaniya ochishimiz yoki unda ishlashimizdan qat'i nazar, barchamiz tadbirkormiz va bu ajoyib.

Biz barchamiz faqat g‘oya yaxshi bo‘lgani yoki ko‘p ishlaganimiz uchungina muvaffaqiyatga erishmaganimizni bilamiz. Omadimiz kelgani uchun ham muvaffaqiyatga erishganmiz. Agar men butun vaqtimni dasturlashtirishga bag‘ishlash  o‘rniga oilamni qo‘llab-quvvatlashim kerak bo‘lganida barchasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Hatto Facebook inqirozga yuz tutsa ham, ishlarim joyida bo‘lishiga ishonchim komil bo‘lmaganida, men hozir bu yerda turmagan bo‘lardim. To‘g‘risini aytish kerak, qanchalik omadimiz kelganini barchamiz yaxshi bilamiz.

Foto: Reuters

Bizning mahsulotlarimiz ezgu maqsadlarda ishlatilishiga ishonch hosil qilishni istayman. Kunimga yakun yasayotib, kimdir meni nimadadir ayblashi haqida o‘ylamayman. Facebook'da hammasi mutlaqo to‘g‘ri va yaxshi bo‘lishi mumkin emas. Bu odamlar. Odamlar undan yaxshi maqsadlarda ham, yomon maqsadlarda ham foydalanadi. Biz ana shu yaxshilik yoki yomonlikning tarqalishi uchun javobgarmiz, shu bois yomonlikni kamaytirish yo‘lida imkon qadar harakat qilyapmiz.

Texnologiyalar insonlar imkoniyatlarini oshiradi. Odamlarning ijobiy va salbiy jihatlari bor. Men texnologiyalar insonlar imkoniyatlarini yaxshilashiga ishonaman. Umuman olganda, odamlar yaxshi ekaniga ishonaman, shunday ekan, texnologiyalar ijobiy ta'sirga ega bo‘ladi.

Qiziq bir tadqiqot bor. Unga ko‘ra, bir amerikalikning qiyin vaziyatda murojaat qilishi mumkin bo‘lgan o‘rtacha uch yaqin do‘sti bor. Shuning uchun men kompaniya ichida jamoa tuzdim va savol berdim: "Insonning o‘rtacha yana bir do‘sti paydo bo‘lishiga erisha olamizmi?" Gap shunchaki odamlar avvaldan biladigan kishilar bilan bog‘lanishga yordam berishda emas, chin ma'noda ularning hayotida muhim o‘zgarish qilishda.

Imkon qadar tezroq o‘qib o‘rganish — kompaniyamiz strategiyasi asoslaridan biri. Bu "Okey, shu tariqa biz eng yaxshi messenjerni quramiz yoki shunday qilib biz eng yaxshi yangiliklar lentasini tuzamiz" singari har qanday aniq strategiyadan muhimroq. Odamlar bizga aytgan gaplar bilan imkon qadar tezroq o‘rganuvchi moslashuvchan kompaniya qurish lozim.

Facebook'da muhandislarimiz, begona kompaniyalar va foydalanuvchilarga katta erkinlik taqdim etamiz. Ular o‘zlari kerak deb hisoblagan ishlarini qilishi mumkin va biz ularga ishonamiz. Mening g‘oyalarim va takliflarim hamda xodimlar va tashqi foydalanuvchilar o‘rtasida muvozanat mavjud. O‘ylashimcha, ma'lum bir darajadagi chetlashuv muhim.

Menejment san'ati ajoyib qarorlar uchun superboshqaruvchini jalb qilishda emas, odamlarga o‘zingiz rozi bo‘lmagan ishlarni ham qilishga imkon berishdadir. Zero bu ijodiy jarayonni rivojlantirishga turtki beradi, odamlar esa qandaydir yangi ishga qo‘l ura olishi mumkinligini his qilishadi. Eng qizig‘i, bu muvaffaqiyat olib kelishi mumkin, hatto siz dastlab buni qo‘llab-quvvatlamagan bo‘lsangiz ham.

Har qanday inson o‘tirib, biror nima ixtiro qilishi hamda uni butun dunyo bo‘ylab millionlab kishilar bilan bo‘lishishi mumkinligi juda zo‘r va buning uchun deyarli hech narsa kerak emas - faqat dasturiy kod va texnologiya.

Agar siz ishni 13 yil ilgari yotoqxonadan boshlagan bo‘lsangiz, ijtimoiy tarmoqni yaratish to‘g‘ri g‘oya bo‘lgan. 10  yil avval, hoynahoy, ijtimoiy aloqalar uchun mobil ilova yaratish to‘g‘ri qaror bo‘lgan. Hozir o‘ylashimcha, yanada maxfiy muloqot uchun jihoz yaratish ahamiyatli bo‘lar edi.

Doim aytaman - faqat o‘zingiz yollangingiz kelgan odamlarni ishga yollang. Muqobil sayyorada men bunday odamlarga ishlashni o‘zim uchun sharaf deb bilgan bo‘lardim. Fikrimcha, bu qandaydir tashqi mentorlarga ega bo‘lishdan ko‘ra ko‘proq ahamiyatga ega.

Tadbirkorlar qilishi kerak bo‘lgan eng qiyin narsa — o‘zlariga juda yoqadigan narsani tanlash, uning ustida ishlash, lekin ishga tushgunga qadar unga to‘liq "sho‘ng‘imaslik".

Har bir yangi texnologiya borasida xavotirlanish odamlarga xos. Tanqidchilar biz bir-birimiz bilan gaplashish o‘rniga shu texnologiyaga ko‘p vaqt ketkazayotganimizdan tashvishlanishadi. Bu bizni yolg‘izlantiradi. Biroq odamlar o‘z xususiyatlariga ko‘ra ijtimoiy. Aslida agar texnologiya bizga bir-birimizni yaxshiroq tushunishga yordam bermasa, u yaxshi ish bermaydi va muvaffaiyatga erishmaydi. Ilk kitoblarni misol qilish mumkin. Ishonch bilan aytishim mumkinki, o‘sha davrda ham odamlar "Bir-birimiz bilan gaplashish mumkin bo‘lgan bir vaqtda kitoblarning bizga nima keragi bor?" deyishgan. Boshqa bir insonning tajribasiga chuqur sho‘ng‘ish uchun o‘qish kerak, shundaymi? Gazetalar, telefonlar yoki televizorlar bilan ham xuddi shunday. Tez orada virtual reallik (barchani birlashtiruvchi) shu texnologiyaga aylanadi.

Foto: EastNews

Bizning kelajagimiz - bu bilimlar iqtisodi. Agar biz barchani tarmoqqa ulasak, ham ularning, ham o‘zimizning hayotimizni yaxshilaymiz, zero biz ularning g‘oyalari va samaradorligidan yutamiz. Barchaga ulanish imkonini berish — bu bilimlar iqtisodi poydevori. Bu shunchaki qilinishi maqsadga muvofiq bo‘lgan ish emas - bu fundamental va zarur qadam.

Mavzuga oid