O‘zbekiston | 00:40 / 09.10.2018
4608
4 daqiqa o‘qiladi

Saratonni yengish va uning oldini olishga bag‘ishlangan radioonkologiya kongressi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 5–7 oktabr kunlari Toshkent viloyatida joylashgan «Layner» tog‘-kurort majmuasida «Markaziy Osiyoda nur terapiyasining yutuqlari va uning istiqbollari» mavzusidagi saratonni yengish va uning oldini olishga bag‘ishlangan kongress tashkil etildi.

Mamlakatimizdagi «Uventa Plus» kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Germaniyaning «OPASCA German Oncology Solutions» kompaniyasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan mazkur kongress davlatimiz rahbarining 2017 yil 4 apreldagi «2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda saraton kasalliklarining oldini olish va uni davolashda qanday yaxshi natijalarga erishish mumkinligi masalalarida so‘z yuritilib, bu bo‘yicha Germaniya, Rossiya, Gurjiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikistondan kelgan yetakchi mutaxassislar ham faol qatnashdilar.

Mutaxassislar xulosalariga ko‘ra, mintaqada saraton kasalliklaridan aziyat chekayotganlar soni aholining taxminan 0,3–0,6 foizni tashkil etib, bu Shimoliy Amerika, Osiyo va Yevropaning rivojlangan mamlakatlari ko‘rsatkichlaridan yuqoridir. Achinarlisi, aholi o‘rtasidagi mazkur ko‘rsatkich asosan yoshlarni qamrab olgan va buning sababi mahalliy onkologik skrinning dasturlarining tanqisligi bilan bog‘liqdir. Bundan kelib chiqib, O‘rta Osiyoda saratonga chalinganlar soni kelgusi o‘n yillikda ortishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Buning oldini olish maqsadida hozirda chet el hamda o‘zbekistonlik radioonkologiya sohasi mutaxassislari o‘zaro hamkorlikdagi g‘oyalarni amalga oshirishga jiddiy kirishib, 70 million aholiga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo xalqlarini 200 dona zamonaviy yuqori texnologiyali uskunalar bilan ta'minlashni rejalashtirilgan. Yaqin 2–5 yil ichida mintaqada 50 ga yaqin zamonaviy nur terapiya apparatlarini o‘rnatish 1000ga yaqin nur terapiyasi terapevtlari, radiotexnologlar, tibbiyot fiziklarini oliy va o‘rta maxsus ta'lim tizimi asosida tayyorlash zarurati tug‘iladi.

Yig‘ilish davomida erishilgan katta yutuqlar, klinik amaliyotlar va turli mamlakatlarda nur terapiyasi amaliyotini yo‘lga qo‘yishdagi ekonomik-tashkiliy munosabatlar tajribasi bilan yaqindan tanishish, yuqori radioonkologik texnologiyalarni O‘rta Osiyo mamlakatlarida o‘zlashtirish g‘oyalari bilan o‘rtoqlashildi.

Germaniyadan tashrif buyurgan Manxaym universiteti klinikasi rahbari, professor Frederik Vents boshqa mamlakatlar qatorida O‘zbekistondagi onkologik holatni yaxshilash uchun birinchi galda profilaktika, erta aniqlash, davolash va davolashdan so‘nggi vaqtda yordam berish kabi to‘rtta asosiy jihatlarga ahamiyat qaratish zarurligini ta'kidlab o‘tdi.

Respublika onkologiya ilmiy markazi direktori Mirzag‘olib Tillashayxovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ayni kunda Respublikamizda bemor terisini kesmay turib, zamonaviy texnologiyaning nur terapiyasi asosida davolash amaliyoti qo‘llanilmoqda.

Qolaversa, joriy yilning oktabr va noyabr oylaridan boshlab 2021 yillarga qadar amaliyotda qo‘llaniladigan chiziqli tezlatkichlarning ko‘plab miqdorda mamlakatimizga olib kirish, zamonaviy uskunalarni viloyatlar bo‘ylab tarqatish rejalashtirilgan. Ushbu yuqori zamonaviy texnologiyalardan amaliyotda foydalanish bo‘yicha radioonkologiya mutaxassislari, tibbiyot fiziklari va nur terapevtlari Belorusiya, Moskva, Angliya kabi mamlakatlarda o‘z bilim va tajribasini oshirib kelmoqdalar.

Yaqin kelajakda esa chet ellik mutaxassislar ishtirokidagi o‘quv seminarlari O‘zbekistonda ham tashkillashtirilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid