Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimchalar kiritiladi

Foto: KUN.UZ
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi joylashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga quyidagi qo‘shimchalar kiritilishi mumkin:
quyidagi mazmundagi 230-1-modda bilan to‘ldiriladi:
“230-1-modda. Tug‘ilish va o‘lim holatlarini qayd etish tartibini buzish
Topib olingan (tashlab ketilgan) bola joylashgan muassasa ma'muriyati, tibbiyot muassasasi, ichki ishlar hamda vasiylik va homiylik organlari mansabdor shaxslari tomonidan uzrli sabablarsiz topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tug‘ilganligini qayd etish choralarini ko‘rmaslik – eng kam ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Sog‘liqni saqlash muassasalari mansabdor shaxslari tomonidan tug‘ilish va o‘limni o‘z vaqtida qayd etmaslik, tug‘ilganlik haqida ma'lumotnomani, shuningdek o‘lim va perinatal o‘lim to‘g‘risidagi tibbiy guvohnomani to‘g‘ri va aniq to‘ldirmaslik – eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.”;
245-moddaning birinchi qismi “230” raqamidan keyin “230-1” raqami bilan to‘ldiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtiradi;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta'minlaydi;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta'minlaydi.