Jahon | 22:26 / 06.09.2018
7204
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik senator Britaniya maxsus xizmatlari Suriyada kimyoviy hujum tayyorlayotganini ma'lum qildi 

AQShning Virjiniya shtati qonunchilik assambleyasi (parlamenti) senatori Richard Blek Britaniya maxsus xizmatlari Suriyada kimyoviy hujum tayyorlayotgani haqidagi ma'lumotlarga egaligini ta'kidlamoqda. U bu haqda “Al-Mayadin” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan

“Britaniya razvedkasi Suriya hukumatini ayblash va uning zimmasiga javobgarlikni yuklash hamda bu holatni terrorchilik guruhlarini qutqarish uchun qo‘llash maqsadida kimyoviy hujumga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi”, deb aytgan Blek. Uning ta'kidlashicha, u bu haqdagi ma'lumotni bir necha hafta oldin olgan.

Blekning aytishicha, Suriyadagi urushning sababi AQShning harbiy aralashuvi hisoblanadi. “2006 yilda AQSh elchisi Robert Ford (2011 yildan 2014 yilgacha Suriyadagi elchi) AQShga Suriyadagi vaziyatni qanday izdan chiqara olishi tushuntirilgan material tayyorlagan”, deb aytgan senator.

Blek 5 sentabrda Damashqda Suriya prezidenti Bashar Asad bilan uchrashdi. Asad devonining ma'lum qilishicha, senator “AQShning izchil ma'muriyatlari tomonidan Yaqin Sharqda olib borilayotgan siyosat bu mintaqadagi aholini butun AQSh siyosatiga ishonchdan mahrum qildi” va o‘zgartirishlar kiritishni talab qiladi.

25 avgustda Rossiya mudofaa vazirligi Suriyadagi jangarilar Britaniya maxsus xizmatlarining faol ishtirokida Idlib viloyatida hukumat qo‘shinlari tomonidan go‘yoki tinch aholiga qarshi kimyoviy hujum qo‘llanganini sahnalashtirishga tayyorlanayotganini ma'lum qilgandi. 

Mavzuga oid