Jahon | 21:30 / 27.08.2018
16134
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Myanmada musulmonlar qatliom qilinganini ma'lum qildi

Foto: RIA "Novosti"

Myanma harbiylari qatliom maqsadida musulmon roxinja xalqini ommaviy ravishda qirgan va zo‘rlagan. Bu haqda BMT tergovchilarining ma'ruzasida ma'lum qilindi, deb xabar berdi Reuters.

Hujjatda qayd etilishicha, davlat maslahatchisi Aun San Su Chji boshchiligidagi fuqarolik hukumati kamsonli xalqqa nisbatan nafrat targ‘ibot qilinishiga ruxsat bergan, hujjatlarni yo‘q qilgan va roxinjalarni harbiylarning ularga qarshi jinoyatlaridan himoya qila olmagan. Hukumat shu tarzda yovuzliklarga o‘z hissasini qo‘shgan.

Og‘ir jinoyatlarni tashkil etganlik uchun bosh qo‘mondon va besh general qonun oldida javob berishlari darkor.

BMTning Myanmadagi jinoyat alomatlarini aniqlash bo‘yicha mustaqil xalqaro missiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, armiyaning roxinjalarga nisbatan harakatlari haqiqiy tahdidga nomutanosib bo‘lgan. Rakxayn shtatidagi jinoyatlar va ularning sodir etilish uslublari xususiyati va jiddiyligi jihatidan qatliom o‘tkazish maqsadi bilan bir xil, deb hisoblashmoqda ekspertlar. Ma'ruzada yuqori darajadagi mansabdorlarni javobgarlikka tortish uchun dalillar yetarli ekanligi ta'kidlangan.

Rakxayn shtatidagi vaziyat 2017 yil 25 avgustda keskinlashgandi. "Arakan roxinjalarni qutqarish armiyasi" jangarilari 30ta politsiya punktiga hujum uyushtirganidan so‘ng Myanma hukumati hududda harbiy operatsiya boshladi. To‘qnashuvlarda 400dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Olti yuz mingdan ortiq tinch aholi o‘z uylarini tark etdi va Bangladesh bilan chegaradosh tumanlarga yo‘l oldi.

Roxinjalar etnik musulmon bengallar bo‘lib, XIX—XX asrlarda britaniyalik mustamlakachilar tomonidan Myanmaning Arakan shtatiga ko‘chirib keltirilgan. Soni 1,5 milliondan oshadigan roxinjalar Rakxayn shtati aholisining katta qismini tashkil etishadi, ammo ularning ozchilik qismi Myanma fuqaroligiga ega.

Mavzuga oid