Jamiyat | 09:30 / 06.07.2018
11202
15 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bolalarni kim himoya qiladi?

So‘nggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalarida bolalar haqida turli axborotlar tarqatilmoqda. Kimdir yo‘qolgan, kimdir zo‘rlangan, kimdir sotilgan yoki «shunchaki» o‘ldirilgan. Nahotki O‘zbekistonda bolalar shu qadar ko‘payganki, biz ular bilan insonga xos bo‘lmagan munosabatda bo‘la boshlaganmiz?

Faktlar hammasini aytib turibdi

2017 yilda Qibrayda istiqomat qiluvchi 27 yoshli ayol o‘zining uch yoshli bolasini sotayotgan paytda ushlangan. Bir guruh insonlar huquq-tartibot organlariga murojaat qilib, M.Ismoilova bolasini begona shaxslarga 1000 AQSh dollari evaziga sotishga urinayotganini ma'lum qilishgan. Tezkor uyushtirilgan operativ tadbir M.Ismoilova uch oylik o‘g‘ilchasini 500 mingga sotayotganida ushlanishi bilan yakun topgan.

Joriy yilning 2 aprelida Qo‘qon shahri Turkiston ko‘chasidagi daraxtlardan birining ostida uch yoshli bolakayning jasadi topildi. Operativ-qidiruv tadbirlaridan so‘ng bolaning qotili o‘z onasi bo‘lib chiqdi. Ma'lum bo‘lishicha, Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi Saidaxon Tilavoldiyeva o‘z jigarbandi, 2015 yilning 4 noyabrida tug‘ilgan Firdavsjon Ibrohimjonovni bo‘g‘ib o‘ldirgan ekan. Operativ tadbirlar natijasida Saidaxon Tilavoldiyeva Toshkent shahrida qo‘lga olingan.

Shu yilning may oyida Toshkent shahar IIBB jinoyat qidiruv bo‘limi tergovchilari Bosh prokuratura tezkor xodimlari bilan birgalikda tug‘ilganiga yetti kun bo‘lgan qizalog‘ini 4 ming AQSh dollariga pullamoqchi bo‘lgan ayolni aniqlashdi. O‘tkazilgan tadbir davomida Toshkent viloyati tumanlaridan birida istiqomat qiluvchi 23 yoshli Xayriniso J. (ismlari o‘zgartirilgan) ushlanadi.

Abortlar va chaqaloqlarni sotib yuborishga oid so‘nggi yangilikdan esa hamma dahshatga tushsa kerak. Ma'lumotlarga ko‘ra, homiladorlikni sun'iy bartaraf etish mobaynida tirik tug‘ilgan chaqaloqlarni tibbiyot muassasasi xodimlari qalbaki hujjatlar bilan befarzandlikdan qiynalayotgan oilalarga 500–2000 AQSh dollariga sotib kelishgan. «Mijozlar» topilmagan holatlarda esa, chaqaloqlar nobud bo‘lish uchun tashlab qo‘yilgan va tibbiyot chiqindilari kuydiriladigan pechkada yoqilgan. Tekshiruv natijasida prokuratura xodimlari chaqaloqlarning kuydirilgan o‘nlab tanalariga duch kelishgan.

Bolalarning yo‘qolayotgani haqidagi faktlar deyarli har oyda e'lon qilinib turibdi. Agar rasman bo‘lmasa, ijtimoiy tarmoqlarda bunday xabarga bot-bot ko‘zingiz tushadi.

Bolalar o‘limi — shunchaki statistika emas, aslo. Bu milliy fojia! Faktlar shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘zbek jamiyatining ayrim qismi hanuzgacha normal oila shakllantirishga tayyor emas.

Xo‘sh, unda muammo nimada?

Birinchidan, amalda O‘zbekistonda «oilani rejalashtirish» degan tushunchaning o‘zi yo‘q. Oilani rejalashtirish insonlarga kerakli farzandlar soni, ularning tug‘ilishlari orasidagi vaqt intervalini aniqlash imkonini beradi. Bunga turli tibbiy usullardan foydalanib erishish mumkin. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti prognozlariga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlardagi 214 million ayol homilador bo‘lishni kechiktirish yoki unga duchor bo‘lmaslikni istashadi, biroq hech qanday kontratseptsiya vositalardan foydalanishmaydi.

Ikkinchidan, 9 oylik rejalashtirish. Negadir, O‘zbekistonda yangi tushirilgan kelin aynan 9 oydan so‘ng farzandli bo‘lishi shart. Agar bu bir yilga cho‘zilsa, u «kasal» deya tamg‘alanadi va bu ajralishlarga sabab ham bo‘ladi. Ayrim oilalarda yosh kelin-kuyovlar emas, ularning ota-onasi qachon va qanday jinsdagi farzandni dunyoga keltirishni hal qilishadi. Yosh oilaning istaklari mutlaqo inobatga olinmaydi. Ehtimol, yoshlar 2-3 yildan so‘ng — kelin magistraturani bitirganidan keyin, kuyov yaxshi ish joyga joylashib olgach farzand ko‘rishni istar, lekin bu ota-onalarni qiziqtirmaydi. Kelin 9 oydan so‘ng tug‘ishi shart!

Uchinchidan, mazkur sohada aniq bir me'yoriy-huquqiy hujjatlarning yo‘qligi. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 73-moddasiga ko‘ra, ota-ona o‘z farzandlarining tarbiyasi va ulg‘ayishi uchun mas'ul hisoblanadi. Ular o‘z farzandlarining sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, ma'naviy rivojlanishi uchun mas'uldirlar. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga ko‘ra, Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta'lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma'muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi —eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. O‘zbekistonda, shuningdek, ma'lum bir holatlarda ota-onalik huquqidan mahrum qilish legal amaliyoti ham mavjud, lekin gap bunda emas.

Mavjud vaziyatda me'yoriy-huquqiy hujjatlar ham sochilib yotibdi. Nimanidir kodeksdan, boshqasini qarorlardan, yana birini farmon yoki so‘nggi qonunlardan axtarib topish kerak.

Umuman olganda, atrofda sodir bo‘layotgan voqealarga qarab, taajjublanasan. Ayrim odamlar toki farzandlariga zarur turmush sharoitlarini yaratib bera olmas ekan, ularni dunyoga keltirib nima qiladi?

Xorijiy davlatlarning ham o‘z muammolari yetarlicha. Biroq ijtimoiy xizmat deb ataluvchi tashkilotlar borki, ular bolalar huquqlarini faol ravishda himoya qilishadi.

Uyoqda farzandni dunyoga keltirishdan avval er va xotin yuz marta o‘ylab, chamalab ko‘rishadi, chunki bola huquqining bir yoki bir necha marta buzilishi ijtimoiy xizmatlar tomonidan farzandning tortib olinishiga, kritik holatlarda esa ota-onalik huquqidan mahrum qilinishga olib kelishi mumkin.

4 yilcha muqaddam Yevropada turmush qurishganiga 8 yil bo‘lgan, biroq hanuzgacha farzand ko‘rmagan oila bilan uchrashib qolgan edik.

«Nega?», deb savol berganimizda ular hali tayyor emasliklarini va qonun bilan bog‘liq muammolarga duch kelishni istamasliklarini (e'tibor bering — qonun bilan bog‘liq muammolarga!) bayon etishdi. Qonun deganda ular aynan ijtimoiy xizmatni nazarda tutishgan. Yosh oilalar sayohat qilishni va ko‘ngilochar joylarda vaqt o‘tkazishni yaxshi ko‘rishadi. Mantiqni shu yerdan qidiravering. Ular farzand juda katta mas'uliyat ekanligini his qilgan holda, hali ota-ona bo‘lishga tayyor emasliklarini bilishadi.

Xorij tajribasi

Amaliyotda, xorijiy davlatlarda oilalar va farzandlar bilan ishlovchi ko‘plab mutaxassislar ehtimoliy qoida buzilishlar haqida bolalarni himoya qiluvchi xizmatga xabar berishga majbur. Masalan, bolalar bog‘chasi va maktab xodimlarida bola yordamga muhtoj ekanligi borasida biror shubha paydo bo‘lsa, bolalarni himoya qilish xizmatiga xabar qilishlari kerak. Qoida tariqasida, mutaxassislar avvalo masalani oila bilan muhokama qiladi. Politsiya ham voyaga yetmagan bola jinoyatga qo‘l ursa, narkotik yoki alkogol iste'mol qilsa, oilaviy zo‘ravonlik sahnalarida ishtirok etganini aniqlasa ariza berishi mumkin.

Xizmatga murojaat etish sabablari qanday bo‘lishi mumkin?

  • Oila hayotida uning barcha a'zolariga taalluqli jiddiy o‘zgarish ro‘y beradi;
  • Ota-ona charchoq, kasalliklar, depressiya, ruhiyat kasalliklariga chalinadi;
  • Ota-ona bot-bot va ko‘p miqdorda narkotik moddalar va alkogol iste'mol qilishadi;
  • Oilada zo‘ravonlik holatlari yuz beradi;
  • Bola yoki o‘smir o‘zi uchun zararli harakatni amalga oshiradi, masalan, alkogol yoki narkotik iste'mol qiladi, qonunni buzadi yoki maktabga bormay qo‘yadi;
  • Bolada pisxologik muammolar kuzatila boshlanadi;
  • Bola masalan, ota-onasining bemorligi tufayli oila hayoti uchun o‘z yoshiga mos bo‘lmagan katta mas'uliyatni gardaniga oladi.

Ariza yoki bildirgi berilgach nima bo‘ladi?

Ijtimoiy xodim har bir bildirgi va arizani sinchiklab o‘rganadi, shundan so‘ng, aksariyat hollarda bolaning oiladagi o‘rniga baho berish jarayonini boshlaydi. Bolaning oiladagi o‘rniga bog‘liq ravishda baholash ijtimoiy yordam zaruriyatini aniqlash yoki bolani himoya qilish zaruriyatini aniqlashtirishdan iborat bo‘lishi mumkin.

Aksariyat hollarda xodim oila bilan bog‘lanadi va ota-ona va bolalarni vaziyatni muhokama etish uchun taklif qiladi. Jarayon davomida bir necha uchrashuv tashkillashtirilishi mumkin, bu uchrashuvlar ijtimoiy xizmat ofislarida ham, bolalar bog‘chasi, maktab yoki oila istiqomat qiluvchi uyda ham o‘tkazilishi mumkin. Paydo bo‘lgan vaziyatga to‘liq aniqlik kiritish uchun har ikki tomon tarjimon xizmatidan ham foydalanishi mumkin. Uchrashuvlarda qabul qilingan arizaning sabablari, bola va oilaga yordam qo‘lini cho‘zishning ehtimolli usullari muhokama etiladi. Jarayon mobaynida xodim bola bilan ota-onasining ishtirokisiz ham uchrashadigan hollar ko‘p bo‘ladi.

Bola va oilaning holati qanchalik zarur bo‘lsa, shu qadar keng baholanadi. Oilaning istagiga ko‘ra, hamkorlik bolaning boshqa yaqinlari yoki qarindoshlariga taklif qilinishi mumkin.

Oila va farzandning holati baholanishi oilaning ijtimoiy xizmat yoki bolalarni himoyalash xizmati mijozi sifatida hisobga qo‘yilishi uchun sabab bo‘lishi mumkin.

Agar farzand va oila ijtimoiy xizmat qo‘llab-quvvatlashi yoki xizmatlaridan foydalanishni rejalashtirayotgan bo‘lsa-yu, ularga bolalarni himoyalash xizmati yordami zarur bo‘lmasa, ular uchun ijtimoiy xizmat mijozi statusi davrida o‘z kuratori — mas'ul xodim ajratiladi. Ijtimoiy xizmat mijozi statusi ixtiyoriy bo‘ladi.

Agar oila va farzandning holati bolalarni himoyalash markazi qo‘llab-quvvatlovini talab etsa, farzand bolalarni himoyalash markazining mijoziga aylanadi. Bu holatda bola bilan bog‘liq ishlarni yuritish uchun maxsus tayinlangan ijtimoiy xodim ishga kirishadi. Baholash natijasida ijtimoiy yordam yoki bolani himoyalash asnosida xizmat xodimlarida bolaning holati va vaziyati bilan bog‘liq tashvish tug‘ilib qolsa, farzand ota-onasi va o‘zi kerak deb hisoblamasa ham u bolalarni himoyalash xizmati mijozligiga qabul qilinishi mumkin.

Ijtimoiy xizmat yoki bolalarni himoyalash xizmati mijozi statusi baholash natijasida tashvish uchun sabab yo‘qligi aniqlanganida, shuningdek oila qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lmagan hollarda berilmaydi.

Agar bola yoki oila qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lsa mijozga oid reja ishlab chiqiladi.

Agar baholash natijalariga ko‘ra bola va oila yordamga muhtoj deb topilsa, hayotning aynan qaysi jabhalarida yordam kerakligi va yordam qanday ko‘rsatilishini qamrab olgan reja tuziladi. Reja yozma ravishda tuziladi va «Bolalarni himoyalash xizmatining mijozga oid rejasi» deb ataladi.

Mijozga oid reja doimo bola va uning oilasi ishtirokida tuziladi. Zaruriyat tug‘ilganida u yiliga kamida bir marta yangilab turiladi. Yangiliklar kiritish asnosida rejada qayd etilgan vaziyatlar qarab chiqiladi, yordamning nechog‘lik foydaliligi baholanib boriladi.

Bizda-chi?

Ona: «Mana, uylanganingga bir yil bo‘ldi, o‘g‘lim. Negadir xotining menga yoqmayapti. Men ham nevara ko‘rishni istayman. Kasalxonaga 40 marta borib keldik. Sen endi u bilan buyog‘iga yashash-yashamasligingni hal qilishing kerak».

O‘g‘il: «Oyijon, yana ozgina vaqt bering. Balkim hammasi joyiga tushib ketar. U axir hali magistraturani bitirgani ham yo‘q-ku?!».

Ona: «Men qo‘shnilarga nima deb javob beraman?»...

Natijada istalmagan «chaqaloq» dunyoga keladi. Hali farzand ko‘rishni istamagan ona tun-u kunni chaqaloqqa qarash bilan o‘tkaza boshlaydi. Boz ustiga, o‘qishi, ishi va ro‘zg‘ori bu yoqda qarab turibdi. Kuyov doim ishda, pul topmoqda. Mana shu yerda oilada turli muammolar yuzaga kela boshlaydi: janjallar, tajovuzkor harakatlar va tushunmovchiliklar. Hammasiga belgilab qo‘yilgan 9 oydan so‘ng dunyoga kelishga majbur bo‘lgan beg‘ubor go‘dak aybdor.

Ota-onaning bola va jamiyat oldida muayyan mas'uliyati yo‘qligi tufayli farzandga nisbatan mana shunday munosabat shakllanib ulgurgan. Boz ustiga, bola huquqini himoya qilishning aniq bir mexanizmi ham yo‘q, shu sababli ko‘plab ota-onalar o‘zi jazolanmasligini biladi.

O‘zbekistonda bolalarni kim himoya qiladi? Bolalarni oiladagi zo‘ravonliklardan himoya qilish uchun qanday aniq bir mexanizmlar mavjud? Kim bola 100 foiz davlat himoyasi ostidaligini kafolatlay oladi?

Yoshlar ittifoqimi, mahalla fuqarolar yig‘inimi, Xotin-qizlar qo‘mitasimi, NNTlarmi, prokuratura yoki ichki ishlar organlarimi?

Hammasi aralashib ketgan va asosiy masala o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Bu holda hech kim o‘zining aniq huquq va majburiyatlarini ham bilmaydi. Bolalarni oiladagi zo‘ravonliklar, ota-onasining tajovuzi va hokazolardan himoyalashning yagona mexanizmi mavjud emas.

Umuman olganda, bolalar huquqlarini himoyalash sohasida ijtimoiy xizmatlar va muayyan qonunchilik me'yorlarining yo‘qligi yuqorida sanab o‘tilgan oqibatlarga olib kelmoqda.

Alalxusus, O‘zbekistonda ham bolalarning huquqlarini faol himoya qiluvchi maxsus ijtimoiy xizmatni tashkil etish fursati yetib kelgan.

Ulug‘bek AKBAROV

Mavzuga oid