Jahon | 13:04 / 03.07.2018
2977
2 daqiqa o‘qiladi

Veon Italiya bozoridagi 2,45 mlrd yevrolik ulushini sotadi

Foto: VEON

Veon Ltd. Telekommunikatsiya xoldingi (avvalgi Vimpelcom Ltd. - O‘zbekistonda Bilayn savdo belgisi bilan yaxshi ma'lum) Italiyadagi qo‘shma korxonasi tarkibidagi 50 foiz aksiyasini hamkoriga sotishga kelishib olgan. Kompaniya 2016 yil kuzida Italiyadagi shoxobchasini Hutchison Holdings sho‘'ba korxonasi bilan birlashtirib, Wind Tre qo‘shma korxonasini tashkil etgan edi. Endilikda u o‘zining 50 foiz aksiyasini ayni kompaniyaga 
2,45 mlrd yevro (2,867 mlrd AQSh dollari atrofida) evaziga sotadi, deyiladi Veon xabarida.

TASS agentligining xabar qilishicha, shu yilning uchinchi yoki to‘rtinchi choragida yopilishi kutilayotgan bitim natijasida Veon Italiyadagi qo‘shma korxona tarkibidan to‘liq chiqadi. Albatta, dastavval mazkur kelishuv Yevropa va Italiya idoralari tomonidan ma'qullanishi kerak.

Xolding Italiyadagi kelishuvdan olgan pulning bir qismini ayrim aktivlarni to‘liq nazoratiga olishga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Xususan, Veon o‘zining Global Telecom Holding S.A.E. tuzilmasiga Pokistondagi Jazz operatori va Bangladeshdagi Banglalink kompaniyasidagi ulushlarni jami 2,55 mlrd dollarga xarid qilishni taklif qilgan. Bu bitimlar 2018 yil to‘rtinchi choragida yopilishi kutilmoqda. Buning uchun kompaniya aksiyadorlari va davlat idoralari ma'qullashi talab etiladi. 

Mavzuga oid