Jahon | 08:21 / 09.05.2018
6711
2 daqiqa o‘qiladi

YeI AQShning qadamini Sofiyadagi sammitda muhokama qiladi

Foto: REUTERS

Yevropa Ittifoqi rahbarlari AQShning Eron bilan yadroviy bitimdan chiqishi va Vashingtonning tajovuzkor savdo siyosatini 17 may kuni Sofiyada bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi – G‘arbiy Bolqon sammitida muhokama qiladilar. Bu haqda Yevropa kengashi raisi Donald Tusk Twitter’da xabar berdi. 

«Donald Trampning Eron bilan bitim va savdo bo‘yicha haqiqiy siyosati Yevropaning yagona yondashuvi bilan to‘qnash keladi. Yevropa Ittifoqi yetakchilari kelasi hafta Sofiyada bo‘lib o‘tadigan sammitda har ikkala masalani ham ko‘rib chiqadi», - deya xabar berdi u.

Avvalroq, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik masalalari bo‘yicha oliy vakili Federiko Mogerini «Eron xuddi hozirgi kabi kelishuv bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishda davom etsa, YeI yadroviy kelishuvni to‘liq amalga oshirishga sodiq bo‘lib qolishi» haqida ma'lum qilgandi.

AQSh prezidenti Donald Tramp seshanba kuni Vashington Eron yadro dasturi bo‘yicha bitimdan chiqishi haqida ma'lum qildi. Bu bitim Tehronning yadro sohasidagi faolligiga BMT XK sanksiyalari bekor qilinishi evaziga cheklov qo‘ygan. AQSh ma'muriyati rahbarining bildirishicha, Qo‘shma keng ko‘lamli harakatlar rejasi Eronga yadro bombasini cheklovlarni chetlab o‘tgan holda yaratish imkonini bergan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kreml AQSh Eron bilan yadroviy bitimdan voz kechsa, Putin qaror qabul qilishi haqida bayonot bergandi.

Mavzuga oid