Jamiyat | 16:18 / 10.02.2018
30294
4 daqiqa o‘qiladi

San'atkorlarga kliplarda tatuirovkani ko‘rsatish va yotoqxonada yonboshlab qo‘shiq kuylash taqiqlandi

Foto: Fotolia

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi qoshidagi qo‘shiqlar va ularga ishlangan videokliplar saviyasini baholash badiiy Kengashining xulosasini olish tartibiga eslatma e'lon qilindi.

Unga ko‘ra eslatma O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil  9 dekabrdagi “Kontsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 354-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirishda litsenziya olgan yuridik va jismoniy shaxslarga tushuntirish berish maqsadida ishlab chiqilgan.

Qayd etilishicha, Kengash qo‘shiqlar va ularga ishlanadigan videokliplar saviyasini baholashda va lisenziatlarning arizalarni ko‘rib chiqishda:

  • qo‘shiq matni, musiqasi, videoklip dasturi (ssenariysi)ning g‘oyaviy-badiiy darajasiga;
  • taqdim etilgan repertuarning milliy an'analarga va umuminsoniy qadriyatlarga muvofiqligiga;
  • qo‘shiqlar va ularga ishlangan va ishlanadigan videokliplar (ssenariysi)da Vatanga sadoqat, sevgi, muhabbat va insoniylik singari ezgu g‘oyalar aks etganligiga e'tibor qaratadi.
  • Lisenziatning odob-axloq qoidalariga, sahna madaniyati va tashqi ko‘rinish madaniyatiga zid bo‘lgan xatti-harakatlar qilishi hamda ma'naviyatga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi, tomoshabinlarning his-tuyg‘ularini haqorat qiluvchi, axloqsizlik g‘oyalarini targ‘ib etuvchi asarlari ma'qullanmaydi.

Ta'kidlanishicha, klipda umuminsoniy va milliy madaniyatga zid bo‘lgan, nojoiz xatti-harakatlar, turli g‘oyaviy tahdidlar aks etmasligi lozim. Jumladan:

  • giyohvandlik, spirtli ichimliklar targ‘iboti;
  • qonli, terroristik hatti-xarakatlarni targ‘ib qiluvchi, urush va qo‘poruvchilikka mayl uyg‘otuvchi tasvirlar;
  • dinlar va millatlar aro nifoq, ziddiyat uyg‘otuvchi unsurlar;
  • davlat ramzlari (gerb, bayroq, Prezident) tasviridan nojoiz, noo‘rin foydalanish;
  • turli firma, kompaniyalar hamda ularning mahsulotlarini oshkora va yashirin reklama qilish;
  • yotoqxona va boshqa xos xonalarda xonandalarning yonboshlab, o‘zbekona odob qoidalariga zid holatda qo‘shiq kuylashi;
  • ommaviy madaniyatga xos tarzda ochiq-sochiq, yirtiq-yamoq, yarim-yalang‘och kiyinish holatlari;
  • shahvoniy hirs va behayolikni, yengil-yelpi hayotni targ‘ib qiluvchi ohang va tasvirlar;
  • tana a'zolariga tushirilgan turli tatuirovka va "naqsh"larni ko‘rsatish;
  • erkak xonandalarning ayollar kabi kiyinishi, bezanishi, aytaylik, har xil ziraklar taqishi va shunga o‘xshash nomunosib holatlar;
  • qo‘shiq matni va mazmuniga hech qanday aloqasiz ravishda, faqat qimmatbaho mashinalaru qasrday uylarni, yarashiqsiz zebu ziynatlarni ko‘rsatib ko‘z-ko‘z qilish; 
  • muqaddas qadamjolar, tabarruk yodgorliklar, qutlug‘ merosimizga nisbatan hurmatsizlik qilingan holatlar;
  • o‘zbekona urf-odatlarimizga yot, o‘rinsiz va beo‘xshov harakatlar.

Qayd etilishicha, qo‘shiq matnidan kelib chiqqan holda foydalanilgan, ezgu g‘oyalar targ‘ibotiga xizmat qiluvchi salbiy obraz va holatlar, agar maqsad amalga oshgan bo‘lsa, Kengash tomonidan rad etilmaydi.  

Mavzuga oid