O‘zbekiston | 11:29 / 16.01.2018
6583
3 daqiqa o‘qiladi

Xodimlarini ichki turizmni rivojlantirishga jalb qilganlar uchun soliq bo‘yicha yengilliklar beriladi

Xodimlarini O‘zbekiston bo‘ylab ichki turizmni rivojlantirishga jalb qilgan ish beruvchilar uchun soliq to‘lash sharti yengillashtiriladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi rahbari Aziz Abduhakimov  ma'lum qildi.

Foto: KUN.UZ

"Xorijlik sayyohlarni zamonaviy, besh yulduzli mehmonxonalar emas, balki shu yurtning urf-odatlar, an'analari aks etgan milliy mehmon uylari ko‘proq qiziqtiradi. Shu sababli uzoq hududlardagi, sayyohlar oqimi kam bo‘lgan nuqtalardagi ichki turizmni rivojlantirishga katta e'tibor karatish lozim. O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan kadrlar, ishchilarni ham ichki turizmni rivojlantirishga jalb qilish kerak. Misol uchun qaysidir kompaniya xodimi Nukus shahriga yoki Surxondaryoga borsa, chekka hududlarning iqtisodiyotini rivojlantirishga oz bo‘lsa ham o‘z hissasini qo‘shgan bo‘ladi. Shuningdek, u yurtimizning tarixiy qadamjolari, yangi maskanlarini o‘zida kashf qiladi. Farzandlari, do‘stlari, yaqinlariga sayohati haqida so‘zlab beradi.  Shu tariqa u ichki turizmimiz rivojlanishida bevosita ko‘maklashadi", dedi u.

Qo‘mita rahbari agroturizm rivoji haqida ham alohida to‘xtalib o‘tdi. 

"Biz chekka hududlarda, tog‘li tumanlarda zavod, fabrikalar qura olmaymiz, biroq u yerda ekoturizm, agroturizmni rivojlantirsak bo‘ladi", deya qo‘shimcha qildi Aziz Abduhakimov.

Endilikda ish beruvchilar hamda ishchilarga imtiyoz yaratgan holda yangi tizim joriy qilinadi. Ish beruvchilar qo‘l ostidagi ishchilarini ichki turizm rivojiga jalb qilgani uchun sarflagan xarajatlarini o‘zining soliq bazasidan ayirib tashlash imkoni mavjud bo‘ladi. Bu bo‘yicha  Prezidentning farmoni va ikkita qarori tayyorlangan bo‘lib, tez orada bu normalar amalga oshiriladi.

Mavzuga oid