Umid Ahmadjonov O‘FFning asosiy rejalarini ma'lum qildi

Foto: KUN.UZ
O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov jurnalistlar bilan tashkil qilingan matbuot anjumanida federatsiya oldiga qo‘yilgan rejalar bo‘yicha bayonot berdi.
«Bugun federatsiyaning hisobot saylov konferensiyasi o‘tganiga 15 kun to‘ldi. Shu vaqt ichida biz O‘zbekiston futbolining 2018-2022 yillarga mo‘ljallangan rivojlantirish dasturining oxirgi bobini yozib bitirdik. Unda keyingi 4 yil ichida qilinishi kerak bo‘lgan eng muhim masalalar aks etadi. Bizning ishchi guruhimiz ushbu dasturning loyihasini sizga tanishib chiqish uchun taqdim etayapti.
Qisqacha qilib aytishim mumkinki, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi katta islohotlar ostonasida turibdi. Islohotlarni amalga oshirish guruhi ishni boshlash uchun qulay nuqta – ustuvor masalalarni aniqlab olgan bo‘lib, biz futbolni ko‘tarish uchun ana shu nuqtadan yangi manzil sari yo‘lga tushamiz.
Ustuvor masalalar haqida biz jamoatchilikka xabar berdik. Lekin, bugun men bu masalalarni yana bir bora alohida ta'kidlab o‘tmoqchiman:
Birinchisi, milliy terma jamoaga bosh murabbiy tayinlash masalasi bo‘lib, hozirda ushbu jarayon davom etayapti.
Ikkinchisi, kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat. Buning uchun O‘zbekiston Futbol Federatsiyasida yangi jamoa ish boshlayapti, deb bugun men bemalol sizga ayta olishim mumkin.
Uchinchisi, futbolimizdagi tanish-bilishchilik va urug‘-aymoqchilik kabi illatlarga qarshi kurashishdir. Men to‘g‘ri tushunaman, agarda bu sportchilar oilasi bo‘lsa va ular haqiqatan ham o‘z joylariga munosib bo‘lishsa, marhamat. Lekin, shunday holatlar borki, bu futbolimizning ildiziga bolta uradi. Biz mana shunday g‘irromlik va qing‘irlikdan tozalash uchun alohida mutaxassislar guruhini jalb qildik.
To‘rtinchisi, federatsiya ishini shaffoflashtirishdir. Bu bilan biz ishqibozlarning federatsiyaga bo‘lgan ishonchi va hurmatini qozonishni niyat qilganmiz. Chunki, biz uchun xalqning federatsiya haqidagi fikri juda muhim. Hammaga yoqishning ilojisi yo‘q, lekin salbiy fikrlarni yo‘qotish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz.
Beshinchisi, chiptalar savdosini isloh qilish qilish bo‘lib, bunda birinchi raqamli vazifa elektron chiptalar savdosini yo‘lga qo‘yishdir. Aynan shu yo‘l orqali chiptalarning olib-sotarlar qo‘liga o‘tib ketishiga qarshi kurashish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biridir.
Bundan tashqari:
- bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish,
- murabbiylar tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan isloh qilish,
- oliy liga va birinchi liga musobaqalarining saviyasini oshirish,
- milliy terma jamoani 2022 yilgi jahon chempionatiga olib chiqish,
- O‘zbekiston Futbol Federatsiyasini Osiyoning eng yaxshi federatsiyalaridan biriga aylantirish,
- barcha jahon chempionatlarida ishtirok etishga erishish,
- ommaviy futbolni yangi bosqichga olib chiqish,
- butun O‘zbekiston bo‘ylab futbol o‘ynashni yanada ommalashtirish va osonlashtirish, ishqibozlarning stadionlarga kelib o‘yin tomosha qilishlari uchun zarur sharoitlarni yaratib berish kabi boshqa vazifalar ham borki, bularning bari O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining rivojlantirish dasturidan o‘rin olgan.
Bugun dunyo axborot bilan yashayapti. Zamonaviy fuqaro boshlanayotgan kunini ham, tugab borayotgan kunni ham axborot olish bilan o‘tkazadi. Axborot shu darajada muhim omilki, uning oqimi tugasa yoki to‘xtab qolsa, bo‘shliq yuzaga keladi. Shu sababli ham axborotni o‘z vaqtida va to‘g‘ri berish juda muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi bundan keyin ham axborot bo‘shlig‘iga qarshi kurashish siyosatini qo‘llab-quvvatlagan holda ishlaydi.
O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi mamlakatimiz futbolini yanada ko‘tarish uchun o‘z oldiga ustuvor vazifalarni belgilab oldi. Federatsiyaning yangi jamoasi 12 sentabr kuniyoq ana shu vazifalar ustida katta ko‘lamli ishlarni amalga oshirib kelyapti. Men hozir katta va'dalar berishga shoshilmayman, faqatgina rejalarimiz uzoq muddatga mo‘ljallanganini, qolaversa, maqsadlarimiz jiddiy ekanligini ishonch bilan ayta olaman. Biz ishqibozlar bilan, xalq bilan dialogga doim tayyormiz va qilinayotgan ishlarda ularning xohish va irodalarini ham inobatga olamiz.
Dunyo tajribasidan ma'lumki, rahbariyatning ishiga baho berish uchun ommaviy axborot vositalari 100 kun o‘tishini kutishadi. Umid qilamanki, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi ham ana shu 100 kunlik o‘ta murakkab davrni yaxshi bosib o‘tadi. Bu davr oralig‘ida Federatsiyasi ichida va tashqarisida ko‘p yangiliklar bo‘ladi. Bu yangiliklar esa Siz O‘zbekiston Futbol Federatsiyasidan faxrlanishingiz uchun amalga oshiriladi», deya gapirib o‘tdi Ahmadjonov.

Mavzuga oid

15:30 / 04.10.2024
Jahon banki O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 800 mln dollar ajratadi

14:27 / 14.04.2021
Besh yil sarhisobi – Nimalarga erishildi-yu qaysi masalalar ochiq qolmoqda?

21:59 / 09.11.2020
Umid Ahmadjonov BAA futbol assotsiatsiyasiga tashrif buyurdi

08:07 / 03.03.2020