Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mashhur rahbar bo‘lish uchun nimalarga e'tibor berish haqida: 5 mashhur afsonaga raddiya

Illyustrativ foto
Ko‘pgina korxonalarni qo‘ya turaylik, umuman, xodimlar va kishilar orasida bosh direktor qanaqa bo‘lishi kerakligi haqida turli fikrlar, qarashlar mavjud. Qolaversa, ko‘pchilik tadbirkor bo‘lish va yirik korxonani boshqarishda qandaydir qobiliyat sohibi bo‘lish kerak, deb o‘ylashi ham sir emas. BBC telekompaniyasi quyida bu boradagi ayrim keskin tushunchalar noo‘rin ekani haqida fikr yuritadi.
Endryu Silverneyl Amerikaning Men shtatidagi uncha katta bo‘lmagan shaharchasida voyaga yetdi. U yerda eng yirik korxona qog‘oz fabrikasi hisoblanardi. Ammo, kun kelib, shu kabi yirik kompaniya bosh direktori bo‘lish uning tushiga ham kirmagan edi. Endryu har doim o‘zini shifokor sifatida tasavvur qilgan.
Uning aytishicha, «u biznes haqida tushunchaga ham ega bo‘lmagan». Hammasi universitetda ostin-ustun bo‘lib ketdi. Silverneyl qurilish kompaniyasi boshqaruvchisi bo‘lgan mahalliy tadbirkorga siyosiy kampaniyasini ishga tushirishda yordam berib kelgan. U shunday xotirlaydi: «U odamlarning qadrli jihatlarini topa olardi. Bundan tashqari, u har doim natijaga intilar va odamlar turmushini yaxshilashga harakat qilardi». Keyinchalik, Silverneyl moliyaviy firma tahlilchisi bo‘lib ishlar ekan, boshqa bir kompaniyaning ijrochi direktori bilan tanishib qoldi. U Silverneylga biznes bilan shug‘ullanishni tavsiya qildi. O‘shanda Silverneyl bu g‘oyaga e'tibor bermadi. Chunki unga tanish bo‘lgan ko‘plab rahbarlar yakka hokimlarcha va o‘ta qattiqqo‘l uslubdan foydalanishar, bu esa unga xushyoqmas edi.
Biroq vaqt o‘tib u odamlar ko‘p hollarda qaysi sifatlar insonni muvaffaqiyatli rahbar qilishi borasida xato qilishiga ishonch hosil qildi. Ayni vaqtda Silverneyl IDEX korporatsiyasiga rahbarlik qiladi. Uning kapitallashuvi 8,6 mlrd dollardan ortiq. Kompaniya qishloq xo‘jaligi, yong‘in xavfsizligi va sog‘liqni saqlash uchun turli mahsulotlar ishlab chiqaradi. Silverneylning qat'iy ishonishicha, sizning introvert (odamovi) yoki ekstravert (ochiq) ekaningiz umuman ahamiyat kasb etmaydi. Omadli rahbar xodimlarga hurmat bilan yondashuvi, qo‘yilgan maqsadni to‘g‘ri anglash va kelisha olish qobiliyati bilan ajralib turadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «insonni yaxshi rahbar bo‘lishiga doir qator asossiz fikrlar mavjud bo‘lib, ularning ayrimlari yo‘qolib borayapti, boshqalari hamon kuchli maqomini saqlab turibdi».
Silverneyl o‘z qobiliyatlariga ishonmagan yagona rahbar emas. GhSMART konsalting firmasi o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, haqiqiy yetakchining sifatlari xususida ko‘plab xato fikrlar mavjud. Ularning aksariyati kompaniya tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar chog‘ida inkor etildi. Ko‘plab salohiyatli rahbarlar, ayni qarashlar sabab, bosh direktor bo‘lishga da'vogarlik qilishdan avval, yetti o‘lchab bir kesishga majbur bo‘lishgan.
GhSMART egalaridan biri Yelena Litkina-Botelo 10 yil mobaynida The CEO Genome loyihasi doirasida omadli rahbarlarga xos odatlarni aniqlash maqsadida minglab kompaniyalar rahbarlarini o‘rgandi. U shunday deydi: «Ko‘p hollarda hech kim biror kishini 15-20 yildan so‘ng kompaniya direktori bo‘ladi, deb hisoblamagan. Bizning natijalarimiz ko‘rsatishicha, eng quyi qatlamdan chiqqanlar ham yuqori cho‘qqilarni zabt etishi mumkin».
1-afsona: Rahbar xarizmatik bo‘lishi darkor
Kompaniya rahbari xarizmatik, ya'ni o‘z fikrini atrofdagilarga o‘tkaza oladigan, kishilarni ishontira oladigan kishi bo‘lishi lozim, degan fikr eng keng tarqalgan noto‘g‘ri qarashlardan biridir. Bu borada fikr yuritganda General Electric kompaniyasining sobiq bosh direktori Jyek Uelch yoki Apple yetakchisi Stiv Jobs keladi. Ular o‘zlarining ko‘p sonli muxlislari bilan faxrlana olishardi. Shu sababli, kompaniyalar egalari bosh direktorlikda aynan shu sifatga ega bo‘lganlarni ko‘rishni xohlashadi. Litkina-Boteloning aytishicha, «bosh direktorlikka nomzod direktorlar kengashi a'zolarining aksariyatiga yoqsa-da, introvertligi ko‘pchilikni tashvishlantirgan».
Ma'lum bo‘lishicha, boshqalarni ishontira olish va o‘z ortidan yetaklash roliga ortiqcha baho berib yuborilgan. Litkina-Botelo bosh direktorlar faoliyatini tahlil qilar ekan, introvertlar ekstravertlardan ustunligini aniqlagan. Ko‘plab kompaniyalar aksar hollarda o‘ziga qattiq ishongan nomzodlarni ma'qul ko‘rishadi. Biroq ularning qarorlari noto‘g‘ri bo‘lishi ham mumkin. Tadqiqotchiga ko‘ra, tashqi jozibadorlik va o‘ziga ishonch ish qidiruvchining imkoniyatlarini oshiradi, ammo bo‘lg‘usi natijalarga ta'sir ko‘rsatmaydi.
2-afsona: Rahbar xatosini tan olmasligi kerak
Ha, ko‘plab rahbarlar o‘z xatolarini tan olishi qiyin kechadi. Ayrimlari buni zaiflik namunasi deb bilishadi, boshqalari direktorlar kengashi yoki aksiyadorlarning salbiy yondashuvidan qo‘rqadi. Ammo xatolar aslida muvaffaqiyat sari yo‘ldir. Litkina-Boteloning aniqlashicha, deyarli barcha bosh direktorlar o‘z faoliyati davomida xatoga yo‘l qo‘ygan. 45 foiz holatda bu xatolar tufayli ular ishlaridan ayrilgan yoki kompaniyaga jiddiy zarar yetkazgan. Qachonlardir o‘z mansab pillapoyasini barbod qilgan yoxud kompaniyani deyarli nobud qilganlarning 78 foizi bosh direktor lavozimiga tayinlangan.
Eng yaxshi natijalarni esa o‘z xatolarini tan olib, to‘g‘ri xulosa chiqarganlar ko‘rsatishgan. «Bu odamlar o‘zlariga va atrofdagilarga: "Ha, men jiddiy xatoga yo‘l qo‘ydim, ammo endi men nima noto‘g‘ri bo‘lganini bilaman“, deya olishgan. Birmuncha zaif nomzodlar, aksincha, o‘z xatolarida boshqalarni ayblashgan yo bo‘lmasa tashqi omillarni ayblashadi. Bularning bari ularga o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishga xalaqit beradi», - deydi Botelo.
3-afsona: Rahbar o‘z sohasida boy tajribaga ega bo‘lishi lozim
Ma'lum bir sohada tajribaning yo‘qligi nomzodning kompaniyani boshqarishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak, deya ishonch bilan ta'kidlaydi Executive Headhunters kompaniyasi mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha direktor Elison Rayan. Uning fikricha, «direktorlar kengashlari aksar hollarda bosh direktor kompaniya yo‘nalishiga xos bo‘lgan sohaning puxta bilimdoni bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. Biroq tadqiqotlar buning aksini ko‘rsatmoqda. Ya'ni, aynan boshqa sohalarda rahbarlik tajribasiga ega bo‘lganlar yaxshi natijalarga erishishadi». Bunday rahbarlar kompaniyaga yangi g‘oyalar, istiqbol yoki tajribalarni olib keladi. Rayanning aytishicha, bunda ularga sohada qotib qolgan qarashlarni bilmasligi qo‘l keladi. Rayanga ko‘ra, kerakli bilimlar o‘z vaqtida keladi. Boshqa sohalardagi boy tajriba, yuqori aqliy qobiliyat va xodimlarni boshqara olish xususiyati soha yoki mahsulotni batafsil bilishdan muhimroqdir.
4-afsona: Rahbar avtoritar bo‘lishi kerak
Ko‘pchilikning fikricha, bosh direktor berahm, shafqatsiz bo‘lishi kerak. O‘z vaqtida bu g‘oyani Jyek Uelch ommalashtirdi. U har yili xodimlarini 3 guruhga taqsimlar edi. Eng yaxshi 20 foizi maqtovlar olib, yuqori lavozimlarga tayinlanar edi. 70 foizi qayta o‘qitilgan, qolgan 10 foizi, dod-faryodga qaramay ishdan haydalgan.
Silverneyl turli kompaniyalar rahbarlari bilan tanishar ekan, avtoritar boshqarish uslubi biznesga zarar yetkazadi, degan xulosaga keldi. «Jyek Uelch — ajoyib inson. Boshqalar uning ayrim jihatlarini o‘zlashtirishga urinar ekan, barchasi yomon tugaydi. Ayrim insonlarning ongida qo‘rqitish yetakchilikning ayni o‘zidir, degan fikr o‘rnashib qolgan», - deydi Silverneyl. Lekin ko‘plab muvaffaqiyatli rahbarlar o‘z tabiatlaridan kelib chiqqan holda qat'iyatli insonlardir. GhSMART konsalting firmasi aniqlashicha, bu sifat direktor lavozimida maqsadga erishish ehtimolini 12 karra kuchaytiradi. Omadli rahbarlar to‘g‘ri qaror qabul qilishni biladi va buni ishonch bilan amalga oshiradi. Ammo, aksar hollarda xodimlar, direktorlar kengashi va aksiyadorlar bilan fikrlashadi. Rahbar juda ham yumshoqko‘ngil yoki qattiqqo‘l bo‘lmasligi kerak. To‘g‘ri, barchaning birdek ko‘nglini topish mushkul, lekin diktator ham bo‘lmaslik kerak, axir. Eng yaxshisi oltin muvozanatni saqlashdir. Litkina-Botelo bu xususda shunday fikrda: «Kompaniya rahbarini orkestr dirijyoriga o‘xshatish mumkin. Rahbar aksiyadorlarni va xodimlarni ham kompaniya farovonligi uchun o‘z ortidan birdek ergashtira olishi kerak. Bunda u yoki bu tomonga yon bosish maqsadga muvofiq emas».
5-afsona: Rahbar obro‘li ta'lim olgan bo‘lishi kerak
Rahbarlar haqidagi yana bir afsona shuki, omadli rahbar go‘yoki Harvard yoki Oksfordni tugatgan bo‘lishi shart. Biroq The Genome Project tadqiqoti natijasiga ko‘ra, atigi 7 foiz direktorlar aynan shunday obro‘li universitetlar bitiruvchilari hisoblanishadi. Bunda muvaffaqiyatli rahbarlarning 8 foizi umuman oliy ma'lumotga ham ega emas. The Carlyle Group rahbari Jill Uayt esa o‘zining xususiy jamg‘armalariga sarmoya kiritadigan kompaniyaga direktorlarni yollash borasida ulkan tajriba sohibi. Uning ishonishicha, taniqli universitet diplomi kelajakda yaxshi natijalarga erishishni kafolatlamaydi. Uaytning fikricha, muvaffaqiyat uchun «boy intellekt (aqliy salohiyat)» kerak, o‘quv muassasasi emas. «Diplom bo‘lishi yaxshi, ammo uning yo‘qligi yomon narsa emas».
Elison Rayanning uqdirishicha, Buyuk Britaniyada mashhur universitetlar diplomlariga kamroq e'tibor qaratishadi. Ta'lim muassasasini tanlash aqlni emas, balki ijtimoiy tabaqaga xoslikni bildiradi. Britaniyaliklarning ishonishicha, taniqli universitet diplomi aqliy salohiyat yoki inson tasavvuri boyligini anglatmaydi.
Shunday ekan, ko‘zlangan maqsadingiz sari hech narsaga chalg‘imay olg‘a qadam tashlayvering. Bu yo‘lda sizga omad tilaymiz!
Tavsiya etamiz
Urush taqdiri Alyaskada hal bo‘ladi – hafta dayjesti
Jahon | 17:31 / 10.08.2025
Koreya: Gapirilmaydigan haqiqatlar (2-qism) | SUBYEKTIV
Jamiyat | 18:07 / 09.08.2025
Lazizbek Mullajonov birinchisi emas. Doping sabab diskvalifikatsiya qilingan mashhur o‘zbek sportchilari
Sport | 20:54 / 08.08.2025
«Oltin to‘p»ga da’vogarlar ro‘yxati e’lon qilindi
Sport | 16:40 / 08.08.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Ko‘rgan zararimizni kim qoplaydi? – Uch qahramondagi talafotdan reportaj
Jamiyat | 15:01
-
Avstraliya ham Falastinni tan olmoqchi
Jahon | 14:24
-
O‘zbekiston qurg‘oqchilikni bartaraf qilish uchun Qozog‘istonga suv yuboradi
Iqtisodiyot | 13:59
-
Turkiyada zilzila, Tel-Avivda miting va kelishuvdan norozi Eron - kun dayjesti
Jahon | 13:26
Mavzuga oid

09:05 / 08.08.2025
O‘zbekiston va Pokiston qo‘shma multimodal kompaniyalarni tashkil etadi

08:30 / 30.04.2025
Elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar qancha soliq to‘lagani aytildi

16:31 / 24.02.2025
Xitoyda kompaniya bo‘ydoq xodimlarni ishdan bo‘shatish bilan tahdid qildi

13:26 / 18.02.2025