Jahon | 15:18 / 21.08.2017
6960
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda o‘lmaydigan bakteriyalar solingan havo sharlari uchiriladi

NASA ekstremal sharoitlar — jumladan, o‘ta yuqori haroratlar va suvsizlikka chidamli Bacillus xerothermodurans bakteriyalarini 21 avgust kuni quyoshning to‘liq tutilishi kuzatilayotgan vaqtda havo sharlarida uchiradi. Zondlar stratosferaga qadar uchib boradi va u yerdagi harorat Mars sirtidagi harorat bilan teng. Olimlar bunday sharoitda mikroorganizmlar o‘zini qanday tutishini o‘rganishmoqchi, deb xabar beradi Gizmodo nashri.

Gigant havo sharlari bir necha tajribani o‘zida qamrab olgan Eclipse Ballooning Project loyihasi doirasida uchiriladi. Loyihaga ko‘ra jami bo‘lib 75 ta zond uchiriladi va ularning 30 tasida issiqlikka chidamli bakteriyalar solingan shtammlar bo‘ladi. Bakteriyalar alyuminiy zarqog‘ozlariga o‘rab, havo sharlarining sirtiga joylashtiriladi va 24 km balandlikka olib chiqiladi.

Olimlarning fikricha, bu tajriba natijasida olingan ma'lumotlar Mars sirtining yerdan olib borilgan, ekstremal sharoitlarda ham yashovchan bakteriyalar bilan ifloslanishining oldini olishda foydalaniladi. 

Xabar qilinishicha, ayrim havo sharlari kameralar bilan jihozlanadi. Ular yordamida bulutlar suratga tushirilib, ularning Quyoshning to‘liq tutilishi sharoitda hosil bo‘lishi xususiyatlari o‘rganiladi. Bundan tashqari, zondlardagi kichik meteostansiyalar Oy soyasining o‘tishida atmosferadagi o‘zgarishlarni qayd etib boradi.

Mavzuga oid