O‘zbekiston | 21:35 / 14.08.2017
16079
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida daraxtlarni kesish mexanizmi tartibga solinadi

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya qo‘mitasi raisining Toshkent shahrida daraxt va butalarni kesishga ruxsat berishni tartibga solish mexanizmini takomillashtirish maqsadida 2017 yilning 7 avgustidagi 126-sonli buyrug‘i chop etildi. Davlat ekologiya qo‘mitasining matbuot xizmati shu haqida xabar berdi. 

Hujjatda bundan buyon Toshkent shahrida daraxt va butalarni kesishga ruxsatnoma Bioxilmaxillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish mintaqaviy inspeksiyasi tomonidan rasmiylashtirilishi aytilgan. Xulosa berish nazorati esa Davlat ekologiya qo‘mitasining maxsus ishchi guruhi tomonidan olib boriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari rahbarlik qiladigan Ishchi guruh tarkibiga Bioinspeksiya va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi hamda Ekologiya qo‘mitasi OAV xodimlari kiradi. 

Tuman hokimliklari yoki "Bir oyna" markazlari bo‘yicha qabul qilingan daraxt kesish arizalari bir kun ichida Mintaqaviy inspeksiyaga yo‘naltiriladi. Inspektsiya voqea joyiga borib daraxtlarning ahvolini o‘rganadi va shu asosda o‘rganish hujjatlari, sxemalar, fotomateriallarni tayyorlab, xulosa beradi - barcha hujjatlar besh ishchi kuni davomida Ishchi guruhga tasdiq uchun taqdim etadi. 

Ishchi guruh tomonidan yaxshilab ko‘rib chiqilgan xulosalar protokol qarori bilan tasdiqlanadi. Tayyorlangan xulosalar asossiz deb topilgan taqdirda, ular bekor qilinadi yoki yangi qo‘shimcha tekshiruv uchun Mintaqaviy inspeksiyaga qaytariladi. 

Tasdiqlangan xulosalar bir kun ichida Toshkent shahridagi Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi boshqarmasiga jo‘natiladi. 

Vositalar Ekologiya, atrof-muhit muhofazasi va chiqindilarni nazorat qilish fondiga kelib tushganidan so‘ng Toshkent shahridagi daraxtlarni kesishga doir xulosalar bir kun ichida tuman hokimliklariga yo‘llanadi. 

Bir vaqtning o‘zida Mintaqaviy inspeksiya tomonidan daraxtlarni kesishga berilgan ruxsatnomalarga doir reyestr tuziladi, unda daraxt yo buta kesish amalga oshiriladigan manzil, muddat, daraxtlar va butalar soni aniq ko‘rsatiladi.

Mazkur reyestr Davlat ekologiya qo‘mitasi rasmiy veb-sayti (uznature.uz)ga joylashtirilib, har haftada yangilanib turadi. 

Mavzuga oid