Sport | 10:11 / 16.06.2017
8691
2 daqiqa o‘qiladi

Argentinada o‘yin vaqtida himoyachi raqib hujumchisiga qarshi ignadan foydalandi

Argentina Kubogi uchrashuvi vaqtida noodatiy voqea kuzatildi.

Quyi divizion ishtirokchisi bo‘lmish «Pasifiko» jamoasi himoyachisi Federiko Alende «Estudiantes»ga qarshi o‘yindan keyin tan oldiki, u raqib hujumchilariga zarar yetkazish uchun ignadan foydalangan.

Futbolchi maydonga ikkita igna bilan chiqib kelgan. Shitga joylangan ignalardan biri sinib qolgan, ammo ikkinchisini u hakam uzoqdaligi vaqtida raqibga suqib olavergan.

«Men vaqti vaqti bilan ignani «Estudiantes» hujumchilariga suqdim. Yuqori liga jamoasiga qarshi o‘yinda g‘alaba qozonish uchun shunday iflosliklarni qo‘llash kerak bo‘ladi. Yuqori liga futbolchilari to‘p uchun kurashlarga kirishishni istashmaydi, ular vaqtni cho‘zish va qo‘polliklar ishlatishdan asabiylashib, o‘ynay olishmaydi. Bu futbol. Bu sport turida aqlni ishlatish kerak. Otero («Estudiantes» futbolchisi – tahr) mendan bu qilmishim uchun nafratlanadi», – degan Alende.

«Pasifiko» jamoasi prezidenti Ektor Monkada ushbu futbolchi bilan shartnomani bekor qilishini ma'lum qildi.

«Biz ranjidik. Bu hodisa bizning jamoa ko‘rsatgan ajoyib o‘yin haqidagi taassurotlarni buzadi. Men Alendeni jamoadan chetlashtiraman», — deya Monkadaning so‘zlarini keltirgan VVS.

«Pasifiko» «Estudiantes»ga qarshi kechgan safar uchrashuvida 3:2 hisobida g‘alaba qozongandi.

Mavzuga oid