Tsukerberg: «Maqsadingizni topib olish yetarli emas»
Mark Tsukerberg Harvard talabalar yotoqxonasidagi xonasida. U shu xonada Facebook ijtimoiy tarmog‘ini o‘ylab topgan.
25 may kuni Harvard universitetida ilmiy unvonlar berishning 366-marosimi o‘tkazildi. Harvardning 2017 yilgi bitiruvchilari bilan bir qatorda «Facebook» ijtimoiy tarmog‘i asoschisi Mark Tsukerberg ham fan doktori faxriy unvonini oldi. Tsukerbergning o‘zi o‘qigan universitet o‘qituvchilari va talabalari oldida qilgan chiqishidan parchalarni e'tiborlaringizga havola etamiz.
«Yomg‘ir yog‘ayotganiga qaramasdan, bu yerga yig‘ilganlarning barchasiga tashakkur. Shunday yo‘l tutamizki, bu uchrashuv sizlar uchun qadrli bo‘lib qolajak. Prezident Faust, kuzatuv kengashi, fakultet, do‘stlarim, bitiruvchilar, mag‘rur ota-onalar, ma'muriy kengash a'zolari va jahondagi eng buyuk universitet talabalari! Men uchun bugun bu yerda sizlar bilan birga bo‘lish katta sharaf, chunki haqiqatning ko‘ziga tik boqib aytishim kerak, sizlar bu yerni o‘qib bitirgansizlar, bu esa mening qo‘limdan kelmagan. Men bu yerda nutq bilan chiqish qilayapman va Harvardda qachondir tugatishim mumkin bo‘lgan narsa shu nutqim bo‘ladi. 2017 yil bitiruvchilari, sizlarni tabriklayman!» — deya nutqini boshlagan Tsukerberg.
«Bugun bu yerda nutq so‘zlayotganim, albatta, aqlga sig‘maydigan ish, bu faqat o‘qishni tashlab ketganim uchungina emas, sizlar bilan bir avlod vakili ekanligimdan hamdir. Biz umumiy bir g‘oyani o‘rgagandik, bitta ma'ruza chog‘ida uxlab qolgan bo‘lishimiz ham mumkin. Bu yerga bizni keltirgan yo‘llar turlicha, ayniqsa, sizlar talabalar kampusidan chiqib kelganlaring inobatga olinsa, lekin bugun men bizning avlodimiz va birgalikda qurayotgan dunyomiz haqida o‘rganganlarimni o‘rtoqlashish uchun keldim».
«Harvardga o‘qishga kirganingiz haqida elektron xatni qachon olganingizni eslay olasizmi? Men o‘shanda tepadagi xonamda «Tsivilizatsiya» kompyuter o‘yinini o‘ynayotgan edim, pastga tushib otamga Harvarddan xat kelganini aytganman. Ota-onam hanuz Harvardga o‘qishga kirganimdan ko‘proq g‘ururlanishadi. Ana, onam bosh chayqab, tasdiqlayapti».
«Harvarddagi ilk ma'ruzangizni eslay olasizmi? Men informatikadan ma'ruzaga kechikib kirganman. Boz ustiga, auditoriyaga futbolkamni teskari kiyib kirganman. Buni Ki Eks Jindan boshqa hech kim menga aytmagan. Shunday qilib, muammolarimizni birgalikda hal qila boshladik, hozir u “Facebook”da ham shu ish bilan shug‘ullanmoqda va katta qismiga rahbarlik qilmoqda.
«Harvard haqidagi eng yaxshi xotiram Pristsilla (Chan, uning rafiqasi) bilan bog‘liq, uni shu yerda uchratganman. O‘shanda men «Facemash» bezorilar saytini ishga tushirganimdan so‘ng ma'muriy kengash meni «ko‘rishni» istab qolgan. Hamma meni o‘qishdan haydaladi, deb o‘ylagan. Ota-onam hatto narsalarimni yig‘ishtirishga yordam berish uchun kelishgan. Do‘stlarim xayrlashuv oqshomi o‘tkazishda yordam berishgan. O‘sha kechada Pristsilla ham kelgan. Biz u bilan hojatxonaga navbatda turib qoldik va bu dunyodagi eng romantik navbat bo‘lsa kerak. Men Pristsillaga: «Meni uch kun ichida o‘qishdan haydashadi, biz imkon qadar tezroq uchrashishimiz kerak», degandim. Meni o‘qishdan haydashmadi, o‘zim ketdim, lekin Pristsilla bilan uchrasha boshladik».
«Devid Fincherning «Ijtimoiy tarmoq» filmida «Facemash» «Facebook»ning start olishi uchun juda muhim qilib tasvirlangan. Unday emas, lekin «Facemash»siz Pristsillani hech qachon uchratmasdim. Pristsilla esa hayotimdagi eng muhim inson, shu sababli uni uchratganim Harvardda qo‘lga kiritgan eng muhim narsam, deb hisoblashingiz mumkin».
«Bu yerda insonning maqsadi haqida gapirishni istayman. Lekin maqsadingizni topib olishingiz haqida standart nutq so‘zlamoqchi ham emasman. Bunga intuitiv darajada yetishga urinishimiz kerak. Aksincha, maqsadingizni topib olishingiz yetarli emasligi sizlarga aytmoqchiman. Bizning avlodimiz uchun har bir insonning maqsadi bo‘lgan olam yaratish o‘ziga xos sinov bo‘lmog‘i darkor»
«Men sevgan hikoyalardan biri — NASA kosmik markaziga kelgan Jon Kennedi haqida. U qo‘lida supurgi ushlagan farroshni ko‘rib, undan bu yerda nima qilayotganini so‘raydi. Farrosh esa: «Janob prezident, men insonni Oyga uchishida ko‘maklashayapman», deb javob beradi. Maqsad — bu qandaydir ulkan narsaning bir qismi ekanligingizni his qilishingizdir. Maqsad — haqiqiy baxtni yaratuvchi narsa».
«Bilaman, ko‘plaringizda menikiga o‘xshash o‘z tarixingiz bo‘ladi. Dunyoda nimanidir o‘zgartirish mumkinligi, kimdir bu ish bilan shug‘ullanishini sezasiz. Lekin u qilmaydi. Siz qilasiz. Faqat o‘zingiz uchun maqsadga ega bo‘lishingiz yetarli emas. Siz boshqalar uchun ham maqsad hissini yaratishingiz kerak».
«Bu fikrga kelishim uchun murakkab yo‘l bosdim. Menda hech qachon kompaniyaga asos solish maqsadim bo‘lmagan, bu to‘satdan sodir bo‘lgan. Bizga boshqalar ham qo‘shila boshlaganida, garchi men hammasini ular bilan birgalikda barpo etishga umidvor ekanligimni hech qachon tushuntirib o‘tirmagan bo‘lsam ham, ularni ham menikidek narsalar tashvishlantirayotganini sezib qolganman».
«Startapimizni ishga tushirganimizdan bir necha yil o‘tib, bir necha yirik kompaniyalar bizni sotib olish harakatiga tushishdi. Biroq men doim bu bitimga qarshi chiqib keldim. Biz yanada ko‘proq insonlarni birlashtira olish-olmasligimizni tushunishga harakat qila boshladim. Biz «Facebook» yangiliklar lentasini dastlabki versiyasini ishlab chiqdik va men bu narsa dunyodagi axborotlarni olishning usulini o‘zgartirishi mumkinligi angladim. Atrofimizdagilarning barchasi kompaniya sotilishini istardi. Oliy maqsad tuyg‘usisiz startap uchun bunday qaror orzu hisoblanadi, albatta. Bu kompaniya ichidagi ziddiyatlarga sabab bo‘ldi. Qizg‘in munozaralardan birida, maslahatchilarimdan biri bitimga rozi bo‘lmasam, umrimning so‘nggi daqiqalarigacha afsus qilishimni aytdi. Jamoadagi taranglik shu qadar ediki, o‘sha vaqtda top-menejyer lavozimida ishlab turgan deyarli barcha kishi bir yil ichida kompaniyadan bo‘shab ketdi».
«Bu «Facebook» rahbari lavozimida men uchun eng og‘ir davr bo‘lgan. Men qilayotgan ishimizga ishonardim, lekin o‘zimni yolg‘iz his qila boshladim. Boz ustiga, balkim bu xato bo‘lgandir, o‘z-o‘zimga quyidagicha savol bera boshlagandim: «Men haqmanmi, balkim mendek, 22 yoshli yigitcha hali olam qanday qurilganini to‘liq anglab yetmas?» Endi esa yillar o‘tib, sizda oliy maqsad bo‘lmasagina shunday bo‘lishini angladim. Barchasi o‘zingizga bog‘liq. Oliy maqsad paydo bo‘lishi uchun barcha birgalikda oldinga intilishi kerak”.
«Bizning avlodimiz o‘n millionlab ishchi o‘rinlari avtomatlashtirilgan tizimlar, haydovchisiz boshqariladigan avtomobillar va yuk mashinalari bilan almashtiriladigan vaziyatga duchor bo‘lishadi. Biroq bizda birgalikda juda ko‘p narsa qilish imkoniyatimiz bor. Inson oyga qadam quyishi uchun 300 mingdan ziyod kishi birgalikda mehnat qilgan, jumladan, boyagi farrosh ham. Millionlab volontyorlar butun dunyo bo‘ylab go‘daklarni poliomiyelit kasalligidan qutqarishgan. Millionlab insonlar Guver to‘g‘oni va boshqa buyuk loyihalarni barpo etishgan. Bu loyihalar ularda ishtirok etgan insonlar uchun nafaqat maqsad bo‘lgan, bizning mamlakatimizga ana shunday buyuk ishlarni birgalikda bajara olishimizdek g‘urur tuyg‘usini ham taqdim etgan».
«Endi shunday ishlarni amalga oshirish navbati bizniki. Balkim siz, «to‘g‘on qurishni bilmayman yoki millionlab insonni qanday qilib jalb qilamiz», dersiz». Bitta sirni fosh qilaman: buni boshlaganda hech kim qanday bo‘lishini bilmaydi. G‘oya sizga to‘liq tayyor holatda keladi. Uning ustida ish boshlaganingizda u aniq-tiniq shakl kasb eta boshlaydi. Agar men boshlashdan avval insonlarni qanday birlashtirishni bilganimda hech qachon «Facebook»ni ishga tushirmas edim».
«Tashabbus ko‘rsatayotgan har qanday inson tanqidlarga duchor bo‘ladi, uni shoshqaloqlikda ayblay boshlashadi, chunki doimo sizni sekin harakat qilishingizni istovchilar topiladi».
«Biz hayotda katta narsalarga qo‘l urishdan o‘zimizni tortamiz, chunki xato qilib qo‘yishdan qo‘rqamiz. Lekin hech ishga qo‘l urmas ekanmiz, ba'zi narsalar noto‘g‘ri shakllanganiga ham loqayd bo‘lib qolamiz. Reallik shundan iboratki, nimaiki qilayotgan bo‘lmaylik, albatta, u kelajakda muammolarga duchor bo‘ladi. Lekin bu bizni boshlagan narsamizni yakuniga yetkazishdan to‘xtatib qo‘ymasligi kerak».
«Xo‘sh, nimani kutyapmiz? Kelajak avlod uchun nima umumiy buyuk ish bo‘lishini aniqlab olish fursati keldi. Sayyoramiz butkul vayron bo‘lmasidan turib, iqlim o‘zgarishini to‘xtatish masalasiga qanday qaraysiz? Millionlab insonlarni quyosh batareyalari ishlab chiqarish va undan foydalanishga jalb qilishga-chi? Barcha kasalliklarni davolash, o‘z salomatligi va genomi haqida axborotlar bilan bo‘lishib turadigan ko‘ngillilarni izlab topish masalasiga-chi? Bugun biz umuman kasal bo‘lishning oldini oladigan dorilarni izlab topishdan ko‘ra, kasallangan insonlar uchun 50 barobar ko‘proq mablag‘ sarflayapmiz. Bu bema'nilik. Biz buni tuzatishimiz kerak. Demokratiya modernizatsiya qilinib, har bir kishi onlayn ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘lishi-chi? Ta'limni personallashtirib, har bir kishiga o‘qish uchun imkoniyat yaratilishi-chi? Bularning barchasini amalga oshirish mumkin. Kelinglar, shunday qilaylik-ki, jamiyatda har birimizning o‘z rolimiz bo‘lsin. Katta ishlarni faqatgina taraqqiyot uchun emas, har bir insonning maqsadi bo‘lishi uchun ham bajaraylik».
«Ikkinchi qadam — o‘z oldiga maqsad qo‘yib olish uchun har bir kishiga erkinlik taqdim etilishi. Ko‘plarimizning ota-onalarimiz butun karerasi davomida barqaror bitta ishda ishlashgan. Hozir biz kompaniya ochamizmi yoki u yerda ishlaymizmi, bundan qat'i nazar barchamiz tadbirkor hisoblanamiz. Bu ajoyib!»
«Bizning tadbirkorlik madaniyatimiz shiddat bilan olg‘a intilishimizga zamin yaratadi. Hozir u gullab-yashnamoqda. Yangi g‘oyalarni his qilish oson. «Facebook» men ishga tushirgan ilk loyiha emasdi. Men o‘yinlar, chatlar, o‘quv qo‘llanmalari va musiqiy pleyerlar yaratardim. Bu borada yolg‘iz emasman. Joan Roulingga ham «Harri Potter»ni chop etishlaridan avval 12 marta rad javobi berishgan. Beyonse ham “Halo” taronasi yaratilishidan oldin, yuzlab qo‘shiqlar yozgan. Buyuk muvaffaqiyatlar xato qilish erkinligi sharofati bilan vujudga keladi».
«Biroq biz bugun daromadlar teng taqsimlanmagan dunyoda yashayapmiz va bu har bir kishi uchun og‘riqli. Agar siz o‘z g‘oyangizni tarixiy muhim korxonaga aylantira ololmas ekansiz, barchamiz yutqazaveramiz. Aynan hozir bizning jamiyatimiz muvaffaqiyatga erishishga haddan ziyod yuqori baho berib yubormoqda, biz har bir kishida nimagadir ko‘plab marta urinib ko‘rishga imkoniyati bo‘lishi uchun yetarli ishlar qilmayapmiz».
«Haqiqatga tik boqish kerak. Modomiki, millionlab talabalar ta'lim olish uchun kreditlarini yopolmay, o‘z biznesini boshlay olmay turgan bir vaqtda men Harvardni bitirmasdan tashlab ketib, 10 yil ichida milliardlarni ishlay boshlashim mumkin ekan, bizning tizimimizda nimadir noto‘g‘ri ishlamoqda. Men ko‘plab ishbilarmonlarni bilaman va birorta insonni uchratmaganmanki, yetarli darajada pul ishlay olmasligiga ko‘zi yetib, biznesini ochish g‘oyasidan voz kechgan bo‘lsa. Lekin muvaffaqiyatsizlikka uchrasa asqotadigan moliyaviy «xavfsizlik yostiqchasi» bo‘lmagani sababli o‘z maqsadi bo‘lmagan ko‘plab insonlarni taniyman».
«Biz bilamizki, muvaffaqiyatga erishganimizga faqat yaxshi g‘oyaga ega bo‘lganimiz yoki faqat ko‘p ishlaganimiz sabab bo‘lmagan. Bizning muvaffaqiyatga erishganimiz omadimiz ham kelganidan darak. Agar men butun vaqtimni dasturlashtirishga bag‘ishlamay, o‘z oilamizni boqish bilan ham shug‘ullanganimda hammasi boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi. Agar hattoki «Facebook» loyihasi barbod bo‘lgan taqdirda ham men bilan hammasi yaxshi bo‘lishiga ishonmaganimda bu yerda turmagan bo‘lar edim. To‘g‘risini tan olish kerak, barchamiz bizga qanchalik omad kulib boqqanini ham bilamiz».
«Endi bizning avlodimiz uchun yangi jamoatchilik shartnomasi shartlarini aniqlab olish fursati yetib keldi».
«Bizda shunday jamiyat bo‘lishi kerakki, u muvaffaqiyatni hisoblashda faqat YaIM kabi ko‘rsatkichlarga asoslanmasin, har birimizdan muhim deb hisoblanadigan rolni bajayotganimiz ham hisobga olinsin. Biz har bir insonga moliyaviy «xavfsizlik yostiqchasi» va nimadir yangi narsani sinab ko‘rish imkoniyatini beradigan shartsiz bazaviy g‘oyalardan foydalanishimiz kerak. Biz hayotimizda ko‘p bora kasbimizni o‘zgartiramiz, shu sababli bizning farzandlarimiz, salomatligimiz haqida qayg‘uruvchi, bitta ish beruvchiga bog‘lab qo‘yilmagan daromadlar kerak. Barchamiz xato qilamiz, shu sababli ana shu xatolarga diqqatni jamlamaydigan, bizni cheklamaydigan va tamg‘a yopishtirmaydigan jamiyatga ehtiyojimiz bor. Texnologiyalar mudom o‘zgarib borar ekan, biz yangi bilimlarga diqqatli bo‘lishimiz va butun umr bo‘yi ta'lim olishimiz lozim bo‘ladi».
«Albatta, hammaga o‘z maqsadiga erishish erkinligini tekin berib bo‘lmaydi. Mendek insonlar buning uchun to‘lab qo‘yishi kerak. Ichlaringizdan ko‘plaringiz katta muvaffaqiyatlarga erishasiz va boshqalarga ham yordam berishingiz kerak bo‘ladi. Bu avlodimizning qadriyati sanaladi. Gap buni qilishga tayyorligimizda emas. Gap buni aynan qachon qilishimizda».
«Barchamiz kimgadir yordam qo‘lini cho‘zish uchun vaqt topa olamiz. Bizning eng katta imkoniyatlarimiz endi umumbashariy ahamiyatga ega: biz qashshoqlik va kasalliklarni yenggan avlod bo‘lishimiz mumkin».
Tavsiya etamiz
O‘zbekiston Mobiuz kompaniyasini xalqaro sotuvga qo‘ydi
O‘zbekiston | 23:10 / 09.06.2025
Toshkentda ilk BRT tizimi: u qanday ko‘rinishda bo‘ladi?
O‘zbekiston | 20:17 / 07.06.2025
Bir nechta tashkilotlar Enter Engineering kompaniyasini sudga berdi
O‘zbekiston | 17:39 / 07.06.2025
Xatolar ulg‘aytirgan jamoa. O‘zbekistonning mundial sari uzoq yo‘li haqida
Sport | 15:27 / 07.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Tramp: «Aftidan, Putinga Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlari ahamiyatsiz»
Jahon | 13:38
-
Starmer Shimoliy Irlandiyadagi ruminlarga qarshi tartibsizliklarni qoraladi
Jahon | 12:41
-
Germaniya tashqi ishlar vaziri: Lavrovga qo‘ng‘iroq qilish uchun hech qanday sabab ko‘rmayapman
Jahon | 12:15
-
Hafta oxirida harorat ko‘tariladi
O‘zbekiston | 12:10
Mavzuga oid

16:03 / 07.06.2025
AQSh sudi Harvard xalqaro talabalari uchun viza cheklovini vaqtincha to‘xtatdi

10:34 / 30.05.2025
Sud Harvardga chet ellik talabalarni yana qabul qilishga ruxsat berdi

09:35 / 24.05.2025
Sud Trampning Harvardga xorijliklarni qabul qilishni taqiqlash qarorini blokladi

00:39 / 23.05.2025