Jamiyat | 20:11 / 24.05.2017
6912
7 daqiqa o‘qiladi

HUAWEI: “Maqsadimiz O‘zbekistonda biznesimizni rivojlantirishgina emas”

O‘zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardanoq dunyoga eshiklarini ochdi. Rivojlangan mamlakatlar kompaniyalari, ilmiy markazlari, oliy o‘quv yurtlari o‘zlarining innovatsion g‘oya va amaliy takliflari bilan kirib keldilar. Har bir shartnomaga mamlakat taraqqiyoti va istiqboli nuqtai- nazaridan yondoshildi. O‘zbekistonning muhim strategik hamkori – Xitoy bu jarayonda faol ishtirokchilardan biri bo‘ldi. Uning Huawei kompaniyasi esa tez orada yurt ravnaqi yo‘lida astoydil ishlayotgan O‘zbekiston kompaniya va idoralarining ishonchli sherigiga aylandi.

Biz Huawei kompaniyasining Shenchjyendagi qarorgohida bo‘lib, uning tashqi aloqalar bo‘limi vitse-prezidenti Uolter Jyennings bilan uchrashdik va kompaniya faoliyati, O‘zbekistonga mo‘ljallangan loyihalar haqida suhbatlashdik.

- Huawei dunyo reytingida juda tez rivojlanib borayotgan kompaniyalardan biri, deb e'tirof etildi. Buning asosiy sababi nimada, deb o‘ylaysiz?

- Bilasizmi, men o‘zim ham shu savolga xamisha javob izlayman. Mana qarang, bundan 30 yil avval, ya'ni 1987 yilda janob Jyen Chjenfeya atigi 5680 dollar nizom jamg‘armasi bilan ish boshlagan. 2016 yilda kompaniya 75,6 milliard dollarlik tovar aylanmasiga erishdi. Aql bovar qilmas yuksalish! Biz uchun chegaralangan ish vaqti, degan tushunchaning o‘zi yo‘q. Biz har doim, kabinetda, korxonada, tushlikda, brifinglarda, kunu-tun ish jarayonida bo‘lamiz, ish haqida o‘ylaymiz va so‘zlaymiz. Ishoning, ayrim loyihalar muhokamasi hatto tushimda ham davom etgandek bo‘ladi. Kompaniyaning kattadan kichigigacha hammasi fidoyi odamlar. Bu balandparvoz gap emas. Kompaniya iqtisodiy ravnaqi, daromadi, nufuzidan barcha barobar manfaatdor. Janob Jyen Chjenfeyaning g‘oyat muhim ish yuritish uslublaridan biri shuki, kompaniya a'zosi, u ishchimi, muhandismi, boshqaruvchimi, qaysi lavozimda bo‘lmasin - aksiyador bo‘lishi kerak. Shunda u provard natijadan manfaatdor bo‘ladi. Endi unga nasihatning keragi yo‘q. Hozir Huawei’da 170 mingdan ziyod odam ishlaydi. Aktsiyalar ular orasida taqsimlangan. Kompaniya asoschisi janob  Jyen Chjenfeya esa o‘zida 1,4 foiz aksiya qoldirgan xolos.

- Simsiz aloqa va telekommunikatsiya sohasida yetakchi bo‘lib turish oson bo‘lmasa kerak....

- Albatta. Huawei loyihalari dunyoning 170 ta mamlaktida qo‘llanilyapti. Lekin biz bu natija bilan to‘xtab qolmoqchi emasmiz. Yuzdan ziyod poytaxt shaharlarda bizning “Xavfsiz shahar” loyihamiz ishga tushgan. 300 dan ziyod moliya idorasi, avvalo eng yirik va mashhur banklar tizimi, suv kemalari, temir yo‘l harakati bunday xizmat turidan foydalanmoqda. Birgina 2016 yilda 130 million dona Huawei brendi bilan smartfonlar sotildi. Kompaniyamiz 56 mingta ixtiro litsenziyasini oldi. Dunyoning 16 ta mamlakatida yirik ilmiy markazlar tuzganmiz va ular mahsulotlarimizni takomillashtirish, yangi loyihalar ishlab chiqish ustida izlanyapti. Biz har yili daromadning 10-15 foizini ana shu ilmiy markazlarga sarflaymiz. 2016 yilda u 7,5 milliard dollarni tashkil etdi. Bu raqamlar ortida ilmiy asoslangan g‘oyat mashaqqatli mehnat turibdi.

- Bugun Huawei mahsuloti kirib bormagan, uning xizmatidan foydalanmaydigan O‘zbekistonda biron xonadon qolmadi.

- Bizning mahsulot yoki xizmatdan dunyoning har uchinchi odami foydalanyapti.

- Shunday ekan, istiqbol rejalari qanday?

- 1999 yilda O‘zbekiston aloqa va telekommunikatsiya bozoriga kirib keldik. “Yunitel”, “Bilayn”, “O‘zmobayl” bizning loyihalar asosida ishladi. Hozir yurtingizdagi bo‘linmamizda 300 dan ziyod mutaxassis bor, ularning 75 foizi mahalliy yoshlardir. Maqsadimiz O‘zbekistonda biznesimizni rivojlantirishgina emas. Toshkent informatsion texnologiyalar Universitetiga otalik yordami ko‘rsatamiz. Yangi ishlanmalar, yosh olimlar, iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi bor. 200 dan ziyod talaba va mutaxassis Huawei kompaniyasida malaka oshirdi. Bu yildan INHA Universiteti talabalari ham Xitoyda amaliyot o‘taydilar. Bundan tashqari, mamlakatingizda stol tennisi, boks federatsiyalarini qo‘llab turamiz. Hozir esa “O‘zbektelekom” bilan hamkorlikda juda katta sig‘imga ega elektron axborot bankini, xalq ta'limi vazirligi bilan elektron ta'lim tizimini yaratmoqdamiz. “Transgaz” tarmog‘iga SCADA Telecom loyihasini taqdim etdik. Bularning har biri O‘zbekiston uchun ahamiyatli loyihalardir.

O‘zbekiston xorijiy investorlar uchun qulay muhit va qonunchilik asoslarini yaratgan. Qolaversa, dunyoda o‘zbek xalqidek ochiq ko‘ngil, mehmondo‘st odamlarni uchratmaganman. Shuning uchun Huawei O‘zbekistonda faoliyatini kengaytirish, hamkorlik tarmoqlarini ko‘paytirish niyatida. Har bir ishlab chiqarish korxonasini kompyuterlashtirish, simsiz aloqa axboroti xavfsizligini mustahkamlash, smartfon, fotoapparat ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, raqamli texnologiyani keng joriy etish, informatsion texnologiyalar ilmiy markazini ochish kabi loyihalar ustida ishlar olib borilmoqda. O‘ylaymanki, ularning joriy etilishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga ijobiy ta'sir qilish bilan birga aholi turmush darajasini yanada yuksalishiga xizmat qiladi.

- Kompaniyaning shiori qanday?

- Ochiqlik, do‘stlik, intilish. Bu bizni yetaklayotgan g‘oyalar. 170 minglik jamoa bir tanu bir jondek ishlamasa, bugungi natijaga erishib bo‘lmasdi. Biz har birimizga ishonib ishlashimiz kerak. Shuning uchun ichki siyosatda ochiqlik prinsipini  tanlaganmiz. Hatto kompaniya boshqaruvida ham shunday. Raisning uchta o‘rinbosari bor va ular navbat bilan olti oydan kompaniyani boshqaradilar.

Insoniy do‘stlik tuyg‘usi vujudimizda. Natijadan qoniqmaslik, olg‘a intilish muvaffaqiyat kaliti, deb hisoblaymiz.

Dunyo ONLAYN axborot tizimiga o‘tib boryapti. Biz shunday uslubda axborot  matni va tasvirini uzatadigan smartfonlar ishlab chiqarishni besh barobar ko‘paytirmoqchimiz....

Strategik rejalarimiz kompaniyaning ichki xizmat axboroti bo‘lsada, uni o‘zbekistonlik o‘quvchilar bilan baham ko‘rmoqchi bo‘ldik.

- Qiziqarli suxbatingiz uchun tashakkur.

- Biz O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlaymiz va ularni amalga oshirishga biroz ulushimiz qo‘shilishidan baxtiyormiz. O‘zbekiston Prezidenti janob Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga Davlat tashrifi g‘oyat samarali bo‘ldi va imzolangan hamkorlik shartnomalarining biri Huawei kompaniyasi bilan ekani bizda faxr uyg‘otadi. Biz hali birgalikda yanada yuksakroq marralarni egallaymiz.

Suhbatdosh  Muhammadjon Obidov

Toshkent-Pekin-Shenchjyen.

Mavzuga oid