O‘zbekiston | 18:19 / 09.05.2017
18111
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda Xotira va qadrlash kuni qanday o‘tdi?

Bugun 9 may kuni Andijon shahridagi Xotira xiyobonida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirga urush va mehnat faxriylari, harbiylar, huquq-tartibot idoralari xodimlari, tashkilot, korxona, muassasalar hamda jamoatchilik vakillari tashrif buyurdilar.

Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov rahbarligida davlat, jamoatchilik vakillari hamda soha va xizmatlar yo‘nalishida guruhlarga bo‘lingan bayram ishtirokchilari Motamsaro ona haykali hamda andijonlik qahramonlar byustlari poyiga gulchambarlar qo‘ydilar.  

Bayram tantanasining dastlabki qismi Xotira maydonida harbiylar, ichki ishlar tizimi xodimlarining paradi bilan nihoyasiga yetdi.

Andijon shahridagi “Toshkent premium” tantanalar saroyida tashkil etilgan to‘kin dasturxon atrofida tadbir davom etdi. Saroyga o‘rnatilgan ulkan ekranda urush lavhalari jonlandi. Har bir shahar, ko‘cha, uy, xonadon uchun olib borilgan janglar bayram qatnashchilari ko‘z o‘ngida yana namoyon bo‘ldi.

Viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov urush qatnashchilari, front ortidagi fidoyilar, mehnat faxriylari, afg‘onchi jangchilar, mustaqillik yo‘lida halok bo‘lgan jasur insonlarning yaqinlari, jamoatchilik vakillari va mehmonlarni mo‘'tabar ayyom bilan qutladi.

Tadbir kunida viloyat “Kamolot” YoIH hamda “Andijon taksi” jamiyati hamkorlikda amalga oshirgan 50 ta taksilarning faxriy va yoshi ulug‘ insonlarga bepul xizmat qilish tashabbusi bilan chiqqanini alohida ta'kidlash joiz.

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid