Jahon | 18:07 / 22.09.2016
5631
2 daqiqa o‘qiladi

Afsonaviy Muhammad Alining bevasiga “Olimpiya ruhi” mukofoti topshiriladi

Afsonaviy boks yulduzi Muhammad Ali vafotidan keyin Jyessi Ouensning “Olimpiya ruhi” mukofotiga munosib ko‘rildi. Bu haqida Associated Press agentligi xabar berdi. 

“Olimpiya ruhi” mukofoti amerikalik yengil atletikachi Ouensning 1936 yilda Berlinda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida 4 oltin medalga sazovor bo‘lganligining 80 yilligi sharafiga ta'sis etildi. Joriy yilda ushbu mukofot ilk marta egalariga topshiriladi. Mukofotning birinchi sovrindori sifatida sport, xususan boks olamida o‘chmas iz qoldirgan Muhammad Ali tanlandi. Kelasi hafta bo‘lib o‘tadigan rasmiy taqdirlash marosimida Ouensning nabirasi bokschining bevasiga ushbu sharafli mukofotni topshiradi. 

Ali 1942 yilning 17 yanvarida Luisvillda tavallud topgan. 1960 yildagi Olimpiya o‘yinlarida u oltin medalni qo‘lga kiritgan. 

Bundan tashqari, Ali boksdagi 21 yillik faoliyati davomida og‘ir vaznda uch karra jahon chempioni bo‘lgan. U professional ringda 61 jangni olib borib, 56 jangni g‘alaba bilan yakunlagan, bulardan 37tasida nokaut qayd etilgan, 5 martagina mag‘lub bo‘lgan.  

Muhammad Ali 32 yil davomida Parkinson kasalligidan aziyat chekkan. U 3 iyun kuni 75 yoshida septik shok natijasida hayotdan ko‘z yumgan.

Mavzuga oid