Jahon | 18:21 / 28.11.2020
1737
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada koronavirusga qarshi choralar yumshatilishi doirasida do‘konlar ochildi

Foto: AFP 2020 / Martin Bureau

Fransiyada koronavirusga qarshi choralar yumshatilishi doirasida birinchi ehtiyoj mahsulotlari bilan savdo qilmaydigan do‘konlar ham ochildi. Bu haqda Associated Press agentligi xabar berdi.

Kitob va musiqa do‘konlari soat 21gacha qat'iy sanitariya talablariga rioya qilgan holda ishlay boshlaydi. Shuningdek, kutubxona va arxivlar ham ochilmoqda.

Cheklovlar yumshatilishi to‘g‘risida mamlakat prezidenti Emmanyuel Makron ma'lum qilgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Fransiyada koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini yuqori cho‘qqidan o‘tib bo‘ldi va ko‘rsatkichlar cheklov rejimini yengillashtirishga imkon beradi.

Shu bilan birga, Makron har ikki haftada sanitar vaziyat tahlil qilinishi va cheklov rejimi bo‘yicha qarorlar ko‘rib chiqilishini aytdi.

Agarda koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq kunlik ko‘rsatkich 5 minggacha tushsa, 15 dekabrdan kinozal, teatr, muzeylar ochiladi.

Pandemiya boshlanganidan beri Fransiyada koronavirus yuqtirganlar soni 2,1 milliondan oshdi, 51,9 ming kishi vafot etdi.

Mavzuga oid